# Dunyoning oxiri Sun'iy intellekt tomonidan vizuallashtirilgan Qiyomat kuni turkumi - 2-qism

- Language: uz
- Published: 2026-08-26
- Canonical: https://blog.towardseternity.com/uz/blog/end-of-the-world-ai-visualized-day-of-judgment-series-ep-2
- Source video: https://www.youtube.com/watch?v=r9noqhvFNak
- Channel: Towards Eternity

This is the cleaned transcript of the source video. The speech is unaltered.

---

Sur chalinish vaqti yaqinlashmoqda. Vaqti-soati yetdi, qiyomat boshlandi. Endi dunyo va butun olamning o‘lim vaqti yetdi. Yer va osmon endi avvalgidek emas. Hammasi birin-ketin yemirilmoqda. Odamlar nima qilishni bilmay hayrat bilan bir-biriga qarashmoqda. Butunlay shokka tushgan holda sodir bo‘layotganlarni tushunishga ojiz qolishdi. Bu hech qanday zilzilaga o‘xshamaydi. Tog‘lar qulamoqda. Dengizlar esa toshmoqda. Yer yuzidagi barcha yoriqlar birin-ketin ko'paymoqda. Har bir yuzda chuqur va tobora kuchayib borayotgan qo‘rquv soyasi bor. Osmonlardan yulduzlar birin-ketin qulamoqda. Odamlar baqir-chaqir qilib har tomonga qochishadi, lekin endi qutulish yo‘q. Chunki sinov vaqti oxiriga yetdi.

Jamiki odamlar birin-ketin yiqilib o‘lib ketishadi. Do'stlar, Qur’on oyatlari orqali bu kunda nimalar bo‘lishini bosqichma-bosqich davom ettiramiz. Dunyoning oxiri Sur deb ataladigan karnay chalinishidan boshlanadi. Isrofil alayhissalom uni chalishi bilan shunday dahshatli hodisalar yuz beradiki, Yer ham, yulduzlar ham, hatto galaktikalar ham qolmaydi. Qur’on bu manzarani quyidagicha tasvirlaydi. Agar dudga birgina puflash-la puflansa va yer-u tog‘lar ko‘tarilib bir martagina silkitilsa Bas, o'sha kunda voqea voqe bo'libdir. Va osmon parchalansa, bas o'sha kunda u (osmon) beholdir. O‘sha kunning dahshati boshqa ko‘plab oyatlarda ham batafsil aytiladi.

Bir kundaki, unda yeru tog'lar larzaga keladi va tog'lar oquvchi qumtepalarga aylanadi. O‘sha kunda osmonni xuddi maktub yozilgan daftarni yopgandek yopamiz. Avval qanday yaratgan bo'lsak, shunday holga qaytaramiz. Bu zim­mamizdagi va’dadir. Albatta, Biz buni qilguvchimiz. Agar kofir bo'lsalaringiz, bolalarning sochini oqartirib yuboradigan kundan qanday saqlanursiz? Unda osmon parchalanuvchidir, U Zotning va'dasi amalga oshadir. Bu oyatlar bu kun hech qaysi kunga o‘xshamasligini va biz ko‘rib turgan olamning o‘lim kuni ekanini ochiq aytadi. Har bir insonning ajal vaqti bo‘lgani kabi, bu ulkan borliqning ham o‘z oxiri bor.

Yana bir oyatda oxirgi kun kelayotganini ko‘rsatadigan hodisalar mana bunday bayon qilinadi. Vaqtiki, quyoshni buklab, o'ralsa. Va vaqtiki yulduzlar uzilib tushib, sochilib ketsa. Va vaqtiki, tog'lar joyidan ko'chirilsa. Va vaqtiki, homilasiga 10 oy to'lgan tuyalar qarovsiz qolsa. Va vaqtiki, vahshiy hayvonlar bir joyga to'plansa. Va vaqtiki, dengizlar alanga olib yonsa. Endi na osmon o‘z joyida, na Yer o‘z holatida qoladi. Qaysi tomonga qarasangiz dahshatli manzara. Kuchli zilzilalar sodir bo‘lib, vulqonlar otiladi. Yer qa’ridan magma otilib chiqadi, dengizlar qaynab ketadi.

Yer mislsiz kuch bilan silkinar, tog‘lar parcha-parcha bo‘lib qulaydi, dengizlar bir-biriga qo‘shilib, ulkan cheksiz okeanga aylanadi. Bu dahshatli kunga qancha vaqt qoldi? O‘n yil, yuz yil yoki undan ko‘pmi? Rasululloh sollolohu alayhi vassalam qiyomatdan oldin ba’zi alomatlar bo‘lishini aytganlar. Ba’zilari kichik, ba’zilari esa katta. Keling, kichik alomatlar haqida gaplashamiz. So‘ngra kattalariga o‘tamiz. Oxirida qarorni o‘zingiz chiqaring. Soat yaqinmi yoki hali uzoqmi. Birinchi kichik alomat Payg‘ambarimiz alayhissalomning bu dunyoga kelishlaridir. Chunki U zot Alloh yuborgan oxirgi payg‘ambar edilar. Ko‘plab manbalarda bu kichik alomatlarning boshlanishi sifatida qaraladi.

Dunyo deb atalgan bu maktabning eng oxirgi ustozlari kelib ketdilar. Demak bitiruv kuni ham uzoq bo‘lmasa kerak. Qur’onning odamlar hayotida ahamiyatini yo‘qotishi ham bir alomatdir. Haqiqatan ham bugun atrofiga qaragan odam buni hamma joyda ko‘radi. Ko‘pchilik dunyo ishlari bilan shu qadar bandligidan Qur’onning bitta sahifasini ham ochishmaydi. Ish va hayot bilan band bo‘lib o‘qishga vaqt topolmadim. Qur’onni eng oxirgi marta bolaligimda o‘qigandim. Ehtimol sizda ham shundaydir. Yana bir alomat namozning tark etilishi. Necha kishi namoz o‘qishini bilmoqchi bo‘lsangiz, maktab yoki ishingizga bir qarang. Yigitlar, men masjidga ketdim. Kim birga boradi?

Qiyomat yaqinlashgani sari namoz o‘qiydiganlar soni kamayib boradi. Masjidlar haddan tashqari bezatilib, ibodatlar e'tibordan qolishi ham bir alomat. Yana biri Al-Malhama Al-Kubra nomli Ulkan urushdir. Bu ham qiyomat alomatlaridan biridir. Ushbu urush qaysi urushga taalluqliligi borasida olimlar turli fikrda. Yoki allaqachon bo‘lganmi yo‘qmi?! O‘tgan asrlardagi Birinchi va Ikkinchi jahon urushlari ham soat alomatlaridan deb qaraladi. Boshqa kichik alomatlarni ham aytib o'taylik. Dunyo oxirida Allohga va iymon asoslariga ishonuvchilar soni kamayadi. Odamlar o‘zlariga topshirilgan narsaga xiyonat qiladi. Foiz keng tarqaladi. Savdolarda halollik yo‘qoladi.

Odamlar topgan pulining halol yoki haromligini o‘ylamay qo‘yadi. Zino va spirtli ichimliklarni ichish singari katta gunohlar keng tarqaladi. Turli nomlar ostida turli ichimliklar paydo bo‘ladi, hatto ba’zilari halol deb hisoblanadi. Beandishalik va noto‘g‘ri kiyinish odatiy hol bo‘ladi. Sharm-hayo kamayadi. Odamlar baxil va ochko‘z bo‘la boshlaydi. Oila rishtalari uziladi. Kattalar kichiklarga rahm qilmaydi va yoshlar kattalarni hurmat qilmaydi. Nikohga qiziqish kamayadi va noshar’iy farzandlar ko‘payadi. Da’vat ishlari tark etiladi. Faqat dunyoviy bilimlar o‘rganiladi. Tabiat muvozanati buziladi. Dunyo bo‘ylab toshqinlar, zilzilalar va yong‘inlar ortadi. Tabiiy boyliklar tugaydi.

Qotilliklar ko‘payadi. Osmono'par binolar quriladi. Qadar va qiyomat kuni inkor qilinadi. Qarang kichik alomatlarning deyarli hammasi allaqachon sodir bo‘lgan. Bular insoniyat oxirgi bosqichda ekanini aniq ko‘rsatmoqda. Endi dunyo tugashiga ishora qiluvchi katta alomatlarga o‘tamiz. Kattalaridan biri Dabbat ul-Artning chiqishidir. -Qoching. -Nima bo‘lyapti? Bu nimani anglatadi? Dabbat ul-Art qiyomat yaqinida paydo bo‘ladigan maxluqning nomidir. Bu so‘z yer ostidagi tirik mavjudotni anglatadi. Oyatda yerda paydo bo‘ladigan bir maxluq haqida xabar qilinadi. Shunday zikr qilingan. Qachonki ularning boshiga so'z tushganida ular uchun yerdan bir jonivor chiqaramiz.

U ularga albatta odamlar oyatlarimizga ishonmaydigan bo'lganlarini aytib beradi. Islom olimi Badiuzzamon Said Nursiy Dabbat ul-Art bitta mavjudot emas balki bir tur bo‘lishini aytgan. O‘tgan asrda yangi kasalliklar va viruslar misli ko‘rilmagan darajada ko‘paydi. Daraxtni kemiruvchi chuvalchangdek inson tanasida boshidan oyog‘igacha tarqaladi. Bu insonlarning iymoni qay darajada zaiflashgani, Allohdan qay darajada yuz o‘girganini, shuning uchun balolar birin-ketin kelayotganini ko‘rsatadi. Olim oyatdan iqtibos keltiradi: Odamlar oyatlarga ishonmay qo'yadilar. Albatta Alloh bilguvchidir. Bu faqat bir talqindir. Yana bir katta alomat Yajuj va Majujning chiqishidir.

Yajuj-Majujlar odamzotga katta zarar yetkazadi va yerdagi buzuqlikni orttiradi. Qur’onda Zulqarnayn qurdirgan to‘siq sababli ular odamzotga hujum qila olmaganlari aytiladi. Ammo qiyomat yaqinida ular yana paydo bo‘lib insoniyatga hujum qiladi. Zulqarnayn shimoldagi tog‘li hududda yurish qilayotganida Yajuj va Majujning zulm va buzuqliklaridan aziyat chekayotgan bir xalqni uchratadi. Ey Zulqarnayn, albatta Yajuj va Majuj yer yuzida buzg'unchilik qilguvchidir. Senga xaroj bersak, biz bilan ularning orasida to'siq qilib berurmisan? Iltimosiga binoan Zulqarnayn o‘sha joyda to‘g‘on quradi. Qurilish tamom bo‘lgach Yajuj va Majuj na ustidan o‘ta oldi va na bitta teshik ocha oldi.

Zulqarnayn bu to‘g‘on Alloh belgilagan vaqt kelganda vayron bo‘lishini aytdi. Bu ham qiyomat alomatlaridan biridir. Ba’zi fikrlarga ko‘ra bular Manjurchalar va Mog'ullar bo‘lgan. Asrlar o‘tgach ularning avlodlari yana oxir zamonda insoniyatga o‘z ajdodlari kabi zulm qilishadi. Albatta Alloh bilguvchidir. Yana bir alomat Dajjolning chiqishidir. Rivoyatlarda Dajjolning chiqishi dunyodagi eng dahshatli voqealardan biri sifatida tasvirlanadi. Hadislarda Dajjol yolg‘onchi, yomonni yaxshi, yaxshini yomon ko‘rsatadigan soxta yetakchi sifatida ta’riflanadi. Bir hadisda ularning soni 30 nafar bo‘lishi aytilgan. Ulardan qiyomatda chiqadigan ikki Dajjolning o‘rni alohida bo‘ladi.

Ulardan biri ulkan Dajjol bo‘lsa, ikkinchisi musulmonlar orasidan chiqadigan Sufyoniy bo‘ladi. Rivoyatlarga ko‘ra Sufyoniy Islomni buzishga urinadi va odamlarga kufr va haromni tarqatib, abadiy hayotlarini barbod qilishga urinadi. Katta Dajjol esa tarqatadigan mafkurasi orqali musulmonlarni ham g‘ayridinlarni ham adashtiradi. Yana bir alomat Payg‘ambarimiz alayhissalomning naslidan bo‘lgan Mahdiyning kelishidir. U Alloh tomonidan hidoyat qilingan, insonlarni Robbiga qaytaradigan zot sifatida ta’riflanadi. U kufrga botganlarni, shubhada qolganlarni va adashganlarni qutqaradi. Ularni zulmatdan, Dajjol va Sufyoniy xavfidan najot qiladi.

Eng buyuk alomatlardan yana biri Iso alayhissalomning osmondan tushishidir. Ba’zi hadislarda oxir zamonda Iso alayhissalom yerga tushib, Islom hukmlarini tatbiq etishi aytilgan. Payg‘ambar bo‘lgan davrlarida yahudiylar unga tuzoq qo‘yib, xochga osmoqchi bo‘lgan. Lekin Alloh uni osmonga ko‘tarib, uni saqlab qoldi. Mahdiy paydo bo‘lganidan so‘ng Iso alayhissalom adolatli hukmdor sifatida osmondan tushadi. Oxirida Mahdiy bilan birga Dajjoldan va uning fitnasidan insoniyatni qutqarib, Dajjolni o‘ldiradi. Yana bir alomat Duxon. Duxon tutun degani. Ba’zi fikrlarga ko‘ra qiyomat yaqinlashganda osmondan tutun tushib, butun dunyoni qoplaydi. Bu holat qirq kun davom etadi.

Yana bir katta alomat quyoshning g‘arbdan chiqishidir. Bu sodir bo‘lganda odamlar oxir dunyo kelganini aniq tushunishadi. Ammo o‘sha paytda tavba va imtihon eshigi yopiladi. O'sha vaqtdagi tavba foyda bermaydi. Bu barcha alomatlarning eng yaqqolidir. Bu alomatlarning barchasi qiyomat juda yaqinlashganini bildiradi. Lekin ko‘pincha bir narsani unutamiz. Bir odamning qiyomati uning o‘limidir. Shuning uchun o‘z qiyomatimizga tayyorgarlik ko'rishga e'tibor beraylik. Muhimi bugundan ibrat olib, amal qilishdir. Robbimiz oyatida shunday deydi. Ular qiyomat soatining birdan kelishidan boshqa narsaga intizor bo'lishayotgani yo'q. Darvoqe, alomatlari kelib ham qoldi.

Agar u kelib qolsa, ular qayerdan eslatma olurlar? Bu video sizga yetib kelgan bo‘lsa, bejiz emasligiga ishonavering. Alloh uni oldingizga olib kelib, oxirigacha ko‘rishingizga yo'l ochdi. Bilasizmi nega? Chunki U hayotingizda nimanidir o‘zgartirmoqchi. Shunday ekan, U tomon bir qadam tashlamaysizmi? Qaror qabul qilish vaqti keldi. Namoz o‘qimasangiz mana shu daqiqadan boshlang. Bepul va reklamasiz ilovamiz orqali besh vaqt namozni hayotingizga kiritishingiz mumkin. Iymoningizni mustahkamlab, Islomiy ilmni chuqurlashtirishni istasangiz kanalda ko‘plab videolar bor. Ularni tartib bilan ko‘rishni maqsad qiling.

Arabchada Qur’on o‘qishni bilmasangiz Lamalif Qur’on ilovasi orqali tez, oson va bepul o‘rganishingiz mumkin. Qur’on ma’nolarini yanada chuqurroq anglamoqchi bo‘lsangiz tafsir ilovasini yuklab olishingiz mumkin. Yodingizda bo'lsin, o‘zingizga kichik bir maqsad qo‘ysangiz ham hammasi o‘zgarishni boshlaydi. Keyingi bosqich bu tirilishdir. Til muhrlanadigan, qo‘llar gapiradigan va oyoqlar guvohlik beradigan kun yaqin. Hech narsa yashirin qolmaydi. Barcha insonlar qiyomat kuni tiriladi va juda og‘ir bir davr boshlanadi. O‘sha kunda bizni nima kutmoqda? Buni uchinchi qismda bilib olasiz. Qiyomat kuni. Uchinchi qismda ko‘rishguncha. Bir narsani payqadingizmi? Bu videoda birorta reklama yo'q.

Towards Eternity notijorat tashkilot bo‘lgani uchun videolarni faqat yordamingiz bilan tayyorlaymiz. Savobli ishga hissa qo'shishni istasangiz Towards Eternity’ga ehson qilib, ushbu oltin imkoniyatni qo‘ldan boy bermang.
