# Nega Islom Hali Ham Shunchalik Tez O‘smoqda? (Asl Sabab)

- Language: uz
- Published: 2026-08-17
- Canonical: https://blog.towardseternity.com/uz/blog/why-is-islam-still-growing-so-fast-the-real-reason
- Source video: https://www.youtube.com/watch?v=nLlTw2fnk-Y
- Channel: Towards Eternity

This is the cleaned transcript of the source video. The speech is unaltered.

---

Islom qilich bilan yoyilganmi? Islom va zo‘ravonlik bir narsami? Agar Islom tinchlik dini bo‘lsa, nega janglar bo‘lgan? Asrlar davomida bu da’volar qayta-qayta takrorlanib kelgan. Lekin ular qanchalik rost? Shu savolni sizga berishsa qanday javob berardingiz? Bundan ham muhimi, tarixning o‘zi bizga nima deydi? Keling hammasi boshlangan joyga qaytib, tarixda xalqlar Islomni qilich yoki boshqa bir kuch bilan qabul qilishganini ko‘rib chiqamiz. Milodiy 610-yil. Muhammad sollallohu alayhi vasallam bu yo‘lni yolg‘iz boshladilar. Hiro g‘orida ilk vahiy ul zot yolg‘izligida nozil bo‘ldi. U zot olib kelgan xabar shu qadar go‘zal va qudratli ediki, odamlar bu dinga o‘z ixtiyorlari bilan qo'shildilar.

Dastlab Islomga da’vat yashirin ravishda olib borilgan. Ilk musulmonlar bosim va ta’qiblarga qaramay, imonlaridan voz kechmadilar. Ular qizib turgan qumlar ustiga yotqizilib, uylarida bog‘langan, ovqatsiz qolib, hatto olov ustiga tashlanganlar. Bularning bari “Parvardigorim Allohdir. Undan boshqa iloh yo‘q”, deganlari uchun edi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ularga sabr qilishni buyurdilar. Ular esa da’vat yo‘lida sobitqadam bo‘lib qolaverdilar. Taxminan 620-yillar. Makkadagi 10 yillik zulmdan so‘ng, Alloh bu xabar rivoj topadigan yangi maskanni tayyorladi: Madina. Madinadagilar Islom xabarini eshitgach, uni hayrat va ehtirom bilan qabul qildilar.

Ular Islomni tahdid sababli qabul qilishmadi, ular bu da’vatning haqiqiy qiymatini ko‘rdilar. Payg‘ambarimiz Makka musulmonlari bilan Madinaga hijrat qildilar. Shaharga kelganlarida esa mo‘minlar, mushriklar va yahudiylar bilan kelishuv tuzdilar. Maqsad tinch-totuv yashash edi shu xolos. Odamlar Payg‘ambarimizning odoblarini va amallarini ko'rishdi. Madina tez orada Islom markaziga aylandi. U qilich bilan emas, so‘z va tinchlik orqali zabt etildi. Ammo makkaliklarning g‘azabi hali so‘nmagan edi. Aksincha, eng yuqori cho‘qqisiga chiqqandi. O‘sha davrda uchta jang bo‘lib o‘tdi: Badr, Uhud va Xandaq. Badr birinchi jang edi.

Dastlab musulmonlar makkaliklar tashkil qilgan karvonni to‘xtatish uchun yo‘lga chiqdilar. Ammo makkaliklar qo‘shin bilan chiqqani uchun to‘qnashuv muqarrar edi. Uhud va Xandaq esa mudofaa janglari edi. Ular makkaliklar Madinaga hujum qilgani uchun bo‘lib o‘tgan. Makka Islomni qanday qabul qilganini bilasiz? Bu uch jang orqali emas. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ular bilan Hudaybiya sulhini tuzdilar. Tinchlik o‘rnatilgach, musulmonlar va Makkaning mushriklari bir-birlari suhbat qura boshladilar. Nafrat va xurofot o‘rnini tinchlik egalladi. Bu ularga Islomning go‘zalligini yaqindan ko‘rish imkonini berdi. Ular endi Qur’onni salbiy fikr bilan tinglamas edilar.

Ko‘pchilik musulmon bo‘lishga qaror qildi. Aslida, Hudaybiyadan keyingi ikki yil ichida Islomga kirganlar soni bir necha barobar ko‘paydi. Ular Islomga qilich sababli emas, o‘z ixtiyorlari bilan kirdilar. Ammo shunga qaramay, ikki yil o‘tib, sulh shartnomasi buzildi. Shundan so‘ng, Payg‘ambarimiz 10 minglik qo‘shin bilan Makka tomon yo‘l oldilar. U zot shaharni urushsiz zabt etishni istadilar va bunga erishdilar. Makkaliklar urushsiz taslim bo'ldilar. Madina kabi Makka ham deyarli qon to‘kilmasdan zabt etildi. Xo‘sh, fathdan keyin nima bo‘ldi? Bu odamlar yillar davomida Payg‘ambarimiz va musulmonlarga zulm qilganlar. Endi esa ular uyatdan boshlarini egib turardilar.

Ular o‘zlariga nima bo‘lishini kutishardi. Payg‘ambarimiz ularga bir muddat qarab turdilar. Keyin nima qildilar? Ular bilan o‘zlariga qilingan muomaladek muomala qilarmidilar? Ularni haqoratlab, xorlab, oylab och qoldirib, uylaridan haydab yuborarmidilar, yoki ustilariga tuya ichaklarini tashlarmidilar? Yo‘q. U zot tarixda abadiy esda qoladigan so‘zlarni aytdilar. "Bugun sizlarga malomat yo‘q. Alloh sizlarni mag‘firat qilsin. U rahm qiluvchilarning eng rahmlisidir. Boringlar, hammangiz ozodsizlar." Makka fath qilingan kuni umumiy afv, kechirim e’lon qilindi. Odamlar Payg‘ambarimiz ning samimiyatlarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdilar.

Ko‘p o‘tmay eng ashaddiy dushmanlar ham Islomni qabul qildilar. Makkani zabt etgan narsa qilich emas, rahm-shafqat edi. Shundan so‘ng Arabiston bo‘ylab qabilalar katta-katta guruhlar bilan Islomga kira boshladilar. Bularning barchasi atigi 21 yil ichida yuz berdi. Bu voqealarning barchasida qilich himoyalash musulmonlarning ojiz emasligini ko‘rsatish ramzi edi. Axir hech bir davlat qo‘shinsiz mavjud bo‘la olmaydi. U zarurat edi. Lekin dinni aslida yoygan narsa Qur’on edi. U har bir savolga javob berdi va aql hamda qalbni ishontiradigan dalillar keltirdi. U jamiyatga adolat olib keldi, qalblarga xotirjamlik va hayotga mazmun olib kirdi.

Qilich bilan yoyilgan degan da’voni rad etadigan eng yaxshi misollardan biri Janubi-Sharqiy Osiyodir. Bugungi kunda Indoneziya dunyodagi eng ko‘p musulmon aholiga ega mamlakatdir. Indoneziyada birorta ham islomiy qo‘shin jang qilmagan. Bu yurtga qo‘shinlar emas, go‘zal axloqlari bilan odamlarning ishonchini qozongan savdogarlar va da’vatchilar kelgan. Bangladeshda ham xuddi shunday. Bu yerda ham Islomning haqiqiy yoyilishi da’vatchilar orqali bo‘lgan. XIII-asrda Hind okeani savdo kemalari musulmon savdogarlari Janubi-Sharqiy Osiyo qirg‘oqlariga kelganlar. Ular faqat ziravor yoki mato bilan kelishgan.

Ular go‘zal axloqlari, so‘zlari va savdodagi halolliklari bilan Islomni ham olib kelayotgandilar. Na yolg‘on, na tarozida aldamchiligi. Va’dalariga esa doim vafo qilardilar. Mahalliy aholi bu odamlarda Islomiy kundalik hayotni qanday shakllantirishini ko‘rdi. Shu bilan birga, Islomga da’vat qilish sa’y-harakatlari natijasida musulmonlar soni tobora ortib bordi. Hech qanday bosim va tahdid yo‘q edi. Hammasi erkin tanlov bilan sodir bo‘ldi. Bu jarayon asta-sekin boshqa orollarga ham tarqaldi. Bugungi kunda bu orollarda qariyb 250 million musulmon yashaydi. Xuddi shu holat Malayziyada ham kuzatilgan. Malakka sultoni ham Islomni musulmon savdogarlar ta’siri orqali qabul qilgan.

Shundan keyin xalq ham Islomni qabul qilgan. Urushsiz, faqat so‘z va yaxshi namuna orqali bir mintaqa musulmon bo‘ldi. Janubiy Afrikada ham shu holat kuzatilgan. Islom karvon yo‘llari bo‘ylab da’vatchilar tufayli yoyildi. Bu mahalliy podshohlar va xalqning Islomni tanlashiga sabab bo‘ldi. Hozirda o‘sha hududlarda 300 milliondan ortiq musulmon yashaydi. Bangladesh tarixi ham deyarli shunday. Ilgari uning aholisi hindu edi. Ular kasta tizimi ostida zulm ko‘rib yashaganlar. Islom olib kelgan erkinlik va najotni ko‘rgach, ular ko'pchilik bo'lib Islomni qabul qildilar. Bugungi kunda Bangladeshda taxminan 150 million musulmon yashaydi. Xo‘sh, urush qayerda? Qilich qayerda?

Ba’zilaringiz hozir: “Ammo janglar-chi? Ular ham haqiqat-ku”, deyapsiz. Unda ularni qanday tushunish kerak? Endi Payg‘ambarimiz vafotlaridan keyingi davrga o‘tamiz. Musulmonlar Abu Bakr roziyallohu anhuni xalifa qilib sayladilar. U zot Payg‘ambarimizning eng yaqin do‘stlari edilar. Xalifa bo‘lganlarida, ular muhim siyosiy inqirozlarga duch keldilar. Ulardan biri hozirgi Eron hududidagi Sosoniylar imperiyasi, ikkinchisi esa Vizantiya bilan edi. Bir necha yil oldin Muhammad sollallohu alayhi vasallam Sosoniylar podshohi Xusravga maktub yuborib, uni Islomga da’vat qilganlar. Ammo Xusrav kibrlanib, Payg‘ambarimizning maktubini yirtib, bu bilan cheklanib qolmadi.

“Muhammadning qo‘l va oyoqlariga kishan solib, huzurimga olib kelinglar!” Bu Islom davlatiga qarshi ochiq va jiddiy urush e’loni edi. Sosoniylar hukmronligi ostida musulmonlar duch kelgan zulmlar bu keskinlikni yanada kuchaytirgan edi. Vizantiya esa, o‘zlariga elchi sifatida yuborilgan sahobaning boshini kesib o‘ldirishdi. Buning o‘rnini qoplash o‘rniga, musulmonlarga qarshi taxminan 100 ming kishilik qo‘shin to‘plandi. Ikki tomon Mu’ta jangida to‘qnashdi. Urush boshlandi, bu ikki imperiyaning hech biri musulmonlar bilan tinchlik tomon qadam tashlamadi. Urush olovini yoqqan ham ular edi. Ikkinchi xalifa Umar roziyallohu anhu bu kurashni davom ettirdilar.

Bu davrda qarshi tomondan birorta ham tinchlik taklifi kelmadi. Aksincha, har bir jangdan oldin musulmonlar bir xil taklifni bildirardilar: “Yo Islomni qabul qiling, yoki soliq to‘lashga rozi bo‘lib, biz bilan sulh tuzing.” Bu taklifni bildirish qoida edi va ko‘pincha jang boshlanishidan oldin aytilardi. Bugun musulmon yurtlari hisoblangan ko‘plab hududlar aynan shu davrda fath etildi. Suriya, Quddus, Misr, Iroq, Eron, Ozarbayjon va boshqa hududlar. Endi ikki masalani ajratib olamiz. Bir hududning musulmon davlati tomonidan fath etilishi boshqa, o‘sha hudud aholisi musulmon bo‘lishi boshqa. Fathlardan keyin birorta ham g‘ayrimusulmon musulmon bo‘lishga majburlanmagan.

Ularga: “Bu endi musulmon mamlakati, sizlarga bu yerda joy yo‘q”, deb haydalmagan. Musulmonlar maktablar va ilm maskanlari qurdilar. U yerdan olim va da’vatchilar yetishib chiqdi. Ular odamlarga dinni tushuntirdilar, odamlar Islomni o‘z ixtiyorlari bilan qabul qila boshladilar. Qilich yoki bosim bo‘lmaganiga dalil istasangiz, Armanistonga qarang. Ming yil davomida musulmonlar hukmronligi ostida bo‘lsa-da u hanuzgacha nasroniy mamlakati. Yoki bugungi kundagi 15–20 million arab nasroniylarini olaylik. Ularning mavjudligi shu haqiqatning isbotidir. Islom odamlarni qilich bilan musulmon bo‘lishga majbur qilmaydi. Endi ikkita manzarani yonma-yon qo‘yaylik.

Bir hudud musulmonlar tomonidan fath etilganda nima bo‘lgan, musulmon yurti g'ayri musulmonlar qo‘liga o‘tganda nima bo'lgan? Sizni tarixdagi ikki sahnaga olib boraman. Ularning biri ajoyib rahm-shafqatning... ikkinchisi esa vayronagarchilikning namunasidir. Birinchisi — Umar roziyallohu anhu davrida Quddusning fath etilib, shaharga kirgan lahzalari. Ikkinchisi esa Andalusning musulmonlar hukmronligidan chiqishi. Tarixda biror shahar yoki hudud zabt etilganida, odatda bir xil manzara kuzatilgan. Odamlar zulm ostida qolgan, mol-mulklari talangan, ibodat joylari yoqib yuborilgan, diniy erkinliklari cheklangan, og‘ir soliqlar tufayli hayot chidab bo‘lmas darajaga yetgan.

Ammo islomiy fathlar bu manzarani butunlay o‘zgartirdi. Quddus Vizantiya qo'lida bo'lganida, Umar roziyallohu anhu qo‘shini tomonidan qurshab olindi. Shahar aholisi uni tinch yo‘l bilan topshirishga rozi bo‘ldi, ammo buning uchun xalifaning o‘zi kelib qabul qilishi shart edi. Bu ham qon to‘kilmagan yana bir fath edi. Umar roziyallohu anhu shaharga oddiy kiyimda, piyoda kirib keldilar. U zot yozma farmon chiqarib, nasroniylarning jonlari va cherkovlari himoya ostida ekanini e’lon qildilar. Ular o‘z dinlariga erkin amal qilishlari kafolatlandi. Nasroniy rahbarlarga ham lavozimlarini saqlashga ruxsat berildi.

Aholi hukmdorlari bilan bir dinda bo'lishiga qaramay ko‘plab og‘ir soliqlar to‘lashga majbur edilar. “Bu naslimning so‘nggi vakili. Bolalarim och, sizlarning omboringiz esa to‘lib-toshgan. Xudo bizga albatta najotkor yuboradi.” Islomiy boshqaruv ostida endi ular faqat bitta yengilroq soliq to‘lashardi. Natijada esa aholining turmush darajasi yaxshilandi. Jizya nomli soliq ularning harbiy xizmatga jalb etilmasligi va xavfsizliklarini ta’minlash uchun olinardi. Ayollar, qariyalar va diniy arboblar umuman bu soliqni to‘lamas edilar. Umar roziyallohu anhu hatto o‘zini ta’minlay olmaydigan keksalarga, hatto musulmon bo‘lmasa-da davlat xazinasidan nafaqa tayinladilar.

“Yoshliglarida biz ular mehnatidan foydalandik. Endi qariganlarida ularni ko‘chada tashlab qo‘ya olmaymiz.” Ko‘rib turganingizdek, musulmonlar tarixdagi ilk nafaqa tizimi namunasini joriy etganlar. Qonun oldida kamsitish yo‘q edi. Hatto Umar roziyallohu anhu bir safar sudda bir yahudiy bilan yonma-yon turib, bir xil sharoitda hukm kutilgani mashhur. Shunga o‘xshash voqea Ali roziyallohu anhu haqida ham rivoyat qilingan. Islom iqtisoddan tortib qonunchilikkacha, oiladan ta’limgacha bo‘lgan to‘liq tartib va tizimni joriy etdi. Bu narsa yolg‘on, zulm, sudxo‘rlik, pora va axloqsizlikka qarshi kurashdi. Quddus aholisi qo‘lga kiritgan narsa aynan mana shu edi.

Bu tushuncha keyingi asrlarda ham saqlanib qoldi. Ammo afsuski, ikkinchi manzara butunlay boshqacha edi. Andalus — bugungi Ispaniyaning bir qismi, bir vaqtlar esa musulmonlarga tegishli bo'lgan. U yerda ilm-fanning ko‘plab sohalariga asos musulmon olimlar tomonidan qo‘yilgan. Musulmonlar va g‘ayrimusulmonlar nasroniylar hududni zabt etguncha tinch yashaganlar. Ammo o‘sha kundan boshlab musulmonlar va yahudiylarga qarshi qatl va surgun siyosati boshlandi. Tinchlik shartnomasi imzolanganda musulmonlarga diniy erkinlik va’da qilingan. Ammo tez orada bu va’da yolg‘on ekanligi ma'lum bo'ldi. 1499-yildan boshlab majburiy cho'qintirish boshlandi.

Keyinchalik butun Ispaniyada Islom taqiqlandi, musulmon bo‘lib qolganlar o‘ldirildi yoki surgun qilindi. Natijada yuz minglab musulmonlar majburan ko‘chishdi, qolganlar esa xristianlar kabi yashashga majbur bo‘lishdi. Ammo o‘z dinlariga yashirincha amal qilishdi. Zug'm esa shu bilan tugab qolmadi. Yahudiy yoki musulmon deb gumon qilinganlar, shafqatsiz tarzda o‘ldirildi, butun bir sivilizatsiya yo‘q qilindi. Endi Quddusdagi rahm-shafqat va Andalusdagi vayronagarchilikni solishtirib ko'ring. Ikkalasiga ham bir xil so‘z ishlatiladi — “zabt etish”. Ammo natijalar butunlay qarama-qarshi. Aytgancha o‘sha kuni ketishga majbur bo‘lgan o‘n minglab yahudiylar qayerga ketishgan?

Ularni boshqa bir musulmon davlat — Usmonlilar qabul qilgan. Ularga eshiklar ochib berildi. Ularga yashagani joy berilib, xavfsizliklari ta’minlandi. Bugun biz hammamiz ularning qanchalik minnatdor ekanini ko‘rib turibmiz. Tadqiqotlarga ko'ra, milodiy davrdan to hozirgacha, 2000 yildan ortiq vaqt ichida, taxminan 579 million odam urushlarda halok bo‘lgan. Bilasizmi, ularning ichidan “jihod” nomi ostidagi o‘limlar 5 foizdan ham kam. Urushlarda o‘lganlarning 95 foizi Islom bilan bog‘liq emas edi. Dunyo urushlarining sababi Islom emas. Asosiy sabablari hokimiyat uchun kurashlar, millatchilik, va iqtisodiy manfaatlar edi.

Ikkinchi jahon urushi, Yuz yillik urush, Napoleon urushlari, mo‘g‘ullar bosqinlari, mamlakatlar urushlari, tinch aholining ommaviy qirg‘inlari, ayollar, bolalar, keksalar, asirlarni qiynoqqa solish... Bularning hech biri Islom bilan bog‘liq emas. Aksincha, agar Islomdagi jihod axloqiga amal qilinganida, bularning hech biri sodir bo‘lmasdi. Chunki bu butunlay boshqacha. Urush faqat qo'shinlar o‘rtasida bo‘ladi, tinch aholiga zarar yetkazilmaydi. Jang paytida taslim bo‘lgan har kim avf etiladi. Uning hayoti himoya qilinadi. Qiynoqqa solish taqiqlanadi. Asirlarga yomon muomala qilinmaydi. Shuning uchun Islomni qon to'kish bilan bog'laydigan da’volar boshidan noto‘g‘ri.

Bugungi kunga qarasak, nimani ko‘ramiz? Myanmada buddist hukumat musulmonlarni uylaridan, yerlaridan haydamoqda. Qishloqlar yoqilib, yo‘llar to‘sib qo‘yilmoqda, odamlar dengizga tashlanmoqda. Sharqiy Turkistonda Xitoy hukumati uyg‘ur musulmonlariga zulm qilmoqda. Ibodat qilish taqiqlangan. Qur’on o‘qish jinoyat hisoblanadi. Hindistonda ba’zi radikal guruhlar musulmonlarga hujum qilmoqda. Masjidlar yoqib yuborilmoqda. Odamlar ko‘chalarda adolatsiz linch qilinmoqda. Falastinda esa vaziyat kundan-kunga yomonlashib bormoqda. Zo'ravonliklar musulmonlarga qarshi qaratilganini ko'rib turishingiz mumkin.

Endi ayting: Islom zo‘ravonlik dinimi, yoki zo‘ravonlikni Islomiy tamoyillar amal qilmaganda ko‘ramizmi?
