Towards Eternity
Blogga qaytish

Agar taqdirim oldindan ma’lum bo‘lsa, nima uchun harakat qilishim kerak? – Qadar haqida tushuncha!

Nashr sanasi

YouTube’da ko‘rish

Taqdirimga shu yerda mashina urib yuborishi yozilgan bo'lsa, nima qilsam ham u meni urib yuboradimi? Agar ortga qadam tashlasam... Hayotimizda sodir bo'ladigan har bir narsa butun tafsilotlari bilan taqdirimizga yozilgan. taqdirimizga yozilgan Xo'sh, unda bu dunyodagi rolimiz qanday? Biz shunchaki allaqachon yozilgan narsalarni o'ynayotgan qo'g'irchoqlarmizmi? Masalan, hozir ushbu videoni ko'rishni niyat qilganmidingiz? Yoki savolni biroz qiyinlashtiraylik. Agar kimdir allaqachon do'zaxga tushishi belgilangan bo'lsa, unda u odamning aybi nima? Taqdirga ishonch ko'p asrlar davomida muhokama qilingan tushunchadir. Va, tushunish eng qiyin mavzulardan biridir.

Bu masala bo'yicha ko'plab tushunmovchilik va kelishmovchiliklar bo'lgan. Natijada jiddiy tortishuvlar paydo bo'ldi. Taqdirga umuman ishonmaganlar bilan birga, aksincha, bunga to'liq sho'ng'ib ketib, iroda erkinligini butunlay inkor etganlar ham bo‘lgan. Boshqacha qilib aytganda, har ikki tomon ham haddan oshib, me'yorni topa olmadi. Ammo Taqdirga ishonishning to'g'ri yo'li qanday? E'tiqodingiz to'g'ri yo'ldami? Yoki siz sezmagan kamchiliklar bormi? Agar ushbu savollarning barchasiga javob olishni istasangiz, ushbu videoni oxirigacha diqqat bilan tomosha qiling. Unda, boshladik.

Taqdirga iymon keltirish - Alloh taolo olamda sodir bo'ladigan hamma narsani boshidanoq bilishiga va ularni yaratishdan oldin ham barchasini batafsil yozib qo'yganligiga ishonishdir. Lekin qanday qilib biror narsa sodir bo'lishidan oldin uni to'liq bilish va yozish mumkin? Biz buni to'liq tushuna olmaymiz, chunki bu makon va zamondan tashqari holat. Vaqt ichida yashayotganimiz bois, vaqtdan tashqarida mavjud bo'lish holatini tushunish o'ta mushkul. Keling, avvalo, "vaqt" tushunchasiga aniqlik kiritib olamiz. Biz vaqt deb ataydigan tushuncha narsalarning Alloh taoloning cheksiz ilmidan yaratilishi, borliq olamiga kelishi, so‘ngra o‘lim va yo‘q bo‘lish orqali sahnadan chiqishidir.

Boshqacha qilib aytganda, vaqt - bu narsalarning yaratilish ketma-ketligidir. Alloh kechagi kunni boshqacha, bugungi kunni boshqacha yaratdi, ertaga esa boshqa kunni yaratadi. Go'yo vaqt arqonga o'xshaydi va sodir bo'layotgan barcha voqealar o'sha arqonda birin-ketin tiziladi. Ammo bu ketma-ketlik faqat bizga tegishli. Masalan, 10 satrli she’rni yodlagansiz deylik. Ushbu 10 ta satrning barchasini bir vaqtning o'zida eslay olasiz. Lekin siz uni qog'ozga yozishni boshlaganingizda, uni ma'lum bir tartibda yozasiz. Avval birinchi satr, keyin ikkinchi, uchinchi satr va hokazolarni yozasiz.

Qog'ozda bu satrlarni ketma-ket va ma'lum bir tartibda yozasiz, ammo xotirangizda ularning barchasi bir vaqtning o'zida mavjud. Xuddi shunday, borliq olamida sodir bo'lgan yoki sodir bo'ladigan hamma narsa bir vaqtning o'zida Allohning ilmida mavjuddir. Biroq ularni vujudga keltirgach, ma'lum bir ketma-ketlikda yaratadi. Va biz bu ketma-ketlikni vaqt deb ataymiz. Keling, buni yanada soddalashtiraylik. Alloh vaqt tushunchasining yaratuvchisidir shundaymi? Qoida tariqasida, U koinotda yaratgan hamma narsa vaqt bilan bog'liq. Xo'sh, bu hukmni Alloh yaratgan bo'lsa, uni Allohga ham tatbiq etish mumkinmi? Albatta yo'q.

Zero, Alloh zamonning yaratuvchisi ekan, tabiiyki, u vaqtga bog'lanib qolmasligi kerak. Shunday ekan, agar Alloh vaqt bilan chegaralanmagan bo‘lsa, kelajakni bilishi oddiy holat emasmi? Endi biz bu fikrni juda kuchli misol bilan isbotlaymiz. Bunga jiddiy e'tibor berishingizni so'rayman. Tasavvur qilaylik, qo'limizda kamera bor. Keyin, stol ustiga chiziq chizamiz Uning chap tomoni o'tmishni, o'rtasi hozirni va o'ng tomoni esa kelajakni ifodalaydi. Agar kamerani o‘rtaga qo'yib, stolga yaqin tutsam, u faqat hozirni ko‘radi va suratga oladi. Kamerani qanchalik baland ko'tarsak, u o'tmish va kelajakni shunchalik ko'p qamrab oladi.

Va kamerani yuqoriga ko'targanimizda, u bir vaqtning o'zida barcha zamonlarni suratga oladi. Ularning barini bir vaqtning o'zida o'sha kamerada ko'rish mumkin. Xuddi shunday, biz ham koinotda ma'lum bir vaqt jadvalida yashayapmiz. Bizning o'tmish, hozir va kelajak kabi yashayotgan o'z davrimiz bor. Yuqoridan butun stolni suratga oladigan kamera kabi, Alloh zamondan tashqarida bo'lib, o'tmish, hozir va kelajakni cheksiz ilmi bilan qamrab olgan. Demak, abadiy bo'lish bir vaqtning o'zida hamma vaqtni qamrab olishdir. Bu shunchaki vaqt chegarasining boshida bo'lish yoki hamma narsadan oldin bo'lishni anglatmaydi.

Demak, Alloh taolo barcha vaqt va hodisalarni bilishi mumkin va ularning hammasini taqdirimizga yozib qo‘ygan, deb o‘ylash juda o‘rinli. Shu nuqtada mashhur savolga duch kelamiz. Agar Alloh vaqtdan tashqarida bo'lsa va U hamma narsani sodir bo'lishidan oldin bilsa, yozsa, bu sur'atda iroda erkinligimiz qayerda qoladi? Boshqacha aytganda, biz shunchaki qo'g'irchoqmizmi? Taqdir va iroda erkinligi avvaliga qarama-qarshi ko'rinadi. Ammo bu ikki tushuncha o'rtasidagi bog'liqlikni aniqlay olmasak ham, iroda erkinligimiz mavjudligini juda yaxshi bilamiz.

Misol uchun, 2012-yilda Pew Research Center butun dunyo musulmonlari taqdirga ishonadimi yoki iroda erkinligi mavjudligigami degan so'rovnoma o'tkazdi. Musulmonlarning 70-90 foizi taqdirni Yaratgan oldindan belgilab qo‘yganiga ishonsalarda, javobgarlik va iroda erkinligi borligini ham rad etmadilar. Xo'sh, qanday qilib taqdirimizga yozilgan narsalar bizni bu ishni qilishga majburlamaydi? Biror narsani bilish, kimnidir bu ishga majburlash degani emas. Biz eng ko'p qiladigan xato bu ikki tushunchani chalkashtirib yuborishdir. Bilim boshqa, kuch esa boshqa narsa. Bilish boshqa narsa, kimnidir majburlash boshqa. Quyoshning turli rangda nur sochishini o'ylab ko'ring.

Bu ranglardan biri sariq bo'lsa, boshqasi qizildir.. Xuddi shunday Allohning ham turli ismlari va sifatlari bor. Ismlaridan biri Al-Alim, ya'ni har narsani bilguvchi, ikkinchisi esa Al-Qodir, ya'ni har narsaga qodirdir. Demak, Uning bilimi boshqa, kuch bilan aralashuvi esa boshqa, ya'ni ular ikki xil sifatdir. Demak, Alloh hamma narsani bilishi iroda erkinligimiz yo'qligini yoki hamma narsani zo'rlik bilan qilishimizni anglatmaydi. Mantiq fanida mashhur bir tamoyil bor. Bilim ma'lum bo'lgan narsaga bog'liq. Ya'ni, biror narsa haqidagi bilimlar o'sha narsaning real dunyodagi voqeligiga bog'liq bo'ladi. Boshqacha qilib aytganda, bilim biror narsaning haqiqatini yaratmaydi yoki o'zgartirmaydi.

Buning o'rniga, bu narsa aslida qanday ekanligiga bog'liq va mos keladi. Buni ko'z oldimizga keltirish uchun juda yaxshi misol bor. Aytaylik, tog‘ning tepasida turib, bir- biriga qarab kelayotgan ikkita poyezdni ko‘ryapsiz. Poyezddagi odamlarga achinib, qog‘ozga bu poyezdlar 8 soniyada halokatga uchrashini yozasiz. Va ular 8 soniya ichida bir-biri bilan to'qnashadi. Endi bu vaziyatda shunday deyish mumkinmi? Poyezdlar siz uni qog‘ozga oldindan yozib qo‘yganingiz uchun halokatga uchradi. Demak, siz aybdorsiz." Albatta yo'q. Siz qog‘ozga shunday yozganingiz uchun poyezdlar halokatga uchramadi. Siz poyezdlar halokatga uchrashini bilar edingiz, shuning uchun yozdingiz.

Cheklangan ilmimiz bilan poyezdlar qachon to‘qnash kelishini bilganimizdek, Alloh taolo O‘zining cheksiz ilmi bilan hayotimizda nima qilishimizni albatta biladi. Lekin avval aytganimizdek, Alloh taoloning voqealar haqidagi bilimi ixtiyorimizga qarshi bo'lmaydi yoki yo'q qilmaydi, balki o'sha voqealarning haqiqatini o'z holicha aks ettiradi. Quyoshning chiqish vaqti taqvimda yozilgan, to'g'rimi? Biroq o‘sha yozuvning o‘zi quyoshni o‘sha vaqtda chiqishga majburlovchi omil bo‘la oladimi? Unday emas. Haqiqiy hayotdagi quyosh harakatlaridan kelib chiqib, shunday yozilgan. Xuddi shunday, Alloh nima qilishimizni bilishi bizni bu ishlarni qilishga majburlamaydi.

Taqdirimizga yozilgan narsalar bor, chunki biz ularni amalga oshirmoqchimiz. Bilim haqiqatni o'zgartirmaydi, shunchaki unga mos keladi.' Shu o‘rinda aniqlik kiritishimiz kerakki, taqdir tushunchasi asosan ikkiga bo‘lingan. Biri “Qadr Izdirari”, ya'ni “Ixtiyorsiz taqdir”, ikkinchisi “Qadr Ixtiyoriy” ya'ni “Ixtiyoriy taqdir”dir. Ixtiyorsiz taqdir - bu faqat Alloh tomonidan belgilab qo'yilgan, tanlovimiz yoki nazoratimizdan tashqaridagi taqdirdir. Bu haqida gap bo'lishi mumkon emas. Ixtiyoriy taqdir esa o'z erkimiz bilan qilishga qaror qilgan harakatlarni anglatadi. Bu o'rinda ma'suliyat to'liq zimmamizda bo'ladi.

Demak, Alloh bizga ba'zi jihatlarda O'z irodasini yuklashi, U bizni hech qachon hech narsa uchun javobgarlikka tortmasligini anglatmaydi. U bizni o'z irodamiz bilan tanlashimiz mumkin bo'lgan harakatlarimiz uchun javobgarlikka tortadi. Misol uchun, keling, liftni olib ko'raylik. Liftdan foydalanadigan odam uning mexanik tizimi yoki butun jihozni sozlash tafsilotlari haqida hech narsa bilmaydi. Yani unga hech qanday ta'sir ko'rsatmaydi. Ushbu liftning ichki dizayni va umumiy mexanik tizimi o'sha odamning irodasiga mutlaqo bog'liq emas. Lekin liftni qaysi qavatga chiqishini tanlash o'sha odamga bog'liq. 7 qavat tepaga ko'tarilish yoki - 7 qavat pastga tushishi ham unga bog'liq.

Bu yerda u irodasiga amal qiladi. Bu hayotda holatimiz shu misolga o'xshaydi. Biz aralashishimiz mumkin bo'lgan va biz qila olmaydigan narsalar mavjud. Biz ba'zi tanlovlar uchun javobgarmiz, ba'zilari uchun yo'q. Misol uchun, biz erkak yoki ayol bo'lib tug'ilishimizni, jismoniy xususiyatlarimizni, ota-onamiz kim bo'lishini yoki tug'ilajak davlatimizni tanlay olmaymiz. Shuning uchun biz bu narsalar uchun javobgar emasmiz. Xuddi lift tizimini sozlash kabi. Demak, bu be ixtiyor taqdir. Ammo biz tanlagan, ataylab qilgan harakatlarimiz uchun javobgarmiz. Biz yaxshi, yomon ishlar qilishimiz mumkin.

Shunday qilib, liftda qaysi qavatga borishni tanlaganimiz kabi, biz ham bu dunyoda erkin tanlov qilishimiz mumkin. Va bu ixtiyoriy taqdir. Aytgancha, siz atrofingizdagi taqdirning mavjudligini tom ma'noda ko'rishingiz mumkinligini bilarmidingiz? Aytmoqchimanki, taqdirning mavjudligi shunchalik ravshanki, u aslida butun koinotga tarqalgan va u hatto ko'zimizga ham ko'rinadi. Ammo qanday? Atrofimizdagi hamma narsada taqdir borlgiga dalil bor. Taqdir, asosan, bilim va rejalashtirishni anglatadi. Koinotning har bir burchagiga nazar tashlasak, hamma narsa bilim va rejalashtirish orqali ishlayotganiga guvoh bo'lamiz. Ko'chada yurganingizda duch kelgan olma daraxtini tasavvur qiling.

O‘sha olma daraxtining barcha shakllanish bosqichlari boshidanoq uning urug‘ida yozilgan emasmidi? Ha. O'shanda dasturlashtirilgan edi. Urug'da reja, qoralama bor edi. Yoki chiroyli oq quyonni tasavvur qiling. Yoki kichkina mushukchani. Yoki yangi tug'ilgan chaqaloqni moviy ko'zchalari bilan atrofga qarashini. Ularning barchasi uchun DNK taqdir kitobiga o'xshab, bizga o'sha mavjudotlar haqida oldindan ma'lumot beradi. Bu bizga tug'ilishi kerak bo'lgan chaqaloqning jismoniy xususiyatlarini, hatto kelajakda u aziyat chekishi mumkin bo'lgan ba'zi kasalliklarni ham aytib beradi. Demak, DNK Taqdir kitobining kichik ko'rinishiga o'xshaydi.

Kirpiklarimizning ma’lum bir uzunlikka ega bo‘lishi, sochlarimizning o‘sish tartibi boshqacha bo‘lishi, barmoqlarimizning uzunligi ma’lum bir o‘lchov va mantiqqa asoslanadi. Bularning barchasi aslida hamma narsaning rejasi, dasturi va taqdiri borligini ko'rsatadi. Bir o‘ylab ko‘ring. Agar biror narsa hisob asosida ishlayotgan bo'lsa, bu uning rejalashtirilganligini ko'rsatmaydimi? Tasodifiy yoki o'z-o'zidan sodir bo'ladigan narsada rejalashtirilgan faoliyat bo'lishi mumkin emas.

Ya’ni atrofimizga nazar tashlaydigan bo‘lsak, atomlardan tortib, yulduzlargacha bo‘lgan hamma narsa ma’lum bir qonuniyatga bo‘ysunishi, quyosh va oyning harakati aniq bir qolip bo‘yicha bo‘lishi, barcha tirik mavjudotlarning reja va dasturlari ularning urug‘lari bo'lmish, DNKlarida allaqachon yozilganligi taqdirning ayni haqiqatligini ko‘rsatib, uning koinotda mavjudligini isbotlaydi. Hatto "Dejavyu" degan narsa mavjudligi taqdirning isboti sifatida keltirilishi mumkin. Ba'zan: "Shoshmang! Xuddi shu holatni avval ham yashaganman"-deymiz. Bu siz bilan ham sodir bo'lgani aniq.

Biz haqiqatan ham buni his qilamiz, chunki Al-Misoqda Alloh taolo bizga o'sha aniq voqeani al-Lavhul-Mahfuzni, ko'rishga ruxsat bergan. Lavh yaratilish boshidan to oxirigacha bo'lgan barcha hodisalar, harakatlar va natijalar haqidagi ma'lumotlarni o'z ichiga oladi. Shu sabab bu voqea haqiqatan ham sodir bo'lganda, xuddi shu narsani avval ham boshdan kechirgandek his qilamiz. Qanday qilib biz boshdan kechirgan narsamiz haqida boshqachasiga bilishimiz mumkin edi? Bu qalbimizga taqdir kitobimizdagi o'sha lahza ko'rsatilganligini anglatadi. Aniqrog'i "Dejavyu" nomi fransuzcha "allaqachon ko'rilgan" degan ma'noni anglatuvchi tajriba turiga berilgan.

Jismoniy va ruhiy holatlarimiz, boshdan kechiradigan barcha narsalarimiz allaqachon biron bir joyda yozilgan deb o'ylash mantiqiydir aslida. Yoki Qur'onga nazar tashlasak ham, taqdirning mavjudligiga ko'plab dalillarni topishimiz mumkin. Jumladan, “Masad” surasida Abu Lahab va uning xotini kofir bo‘lib o‘lishlari aytib o'tilgani aql bovar qilmaydigan mo‘jizadir. Alloh taolo Rum surasida rimliklar kelajakda forslarni mag‘lub etishlarini ham aytgan, bu esa o‘sha paytda imkonsiz bo‘lib tuyulgan edi. Bu ham g‘oyibdan kelgan xabar, bashoratli mo‘jizadir. Va bu gap ham amalga oshdi, albatta.

Demak, Qur'onda sodir bo'layotgan voqealar haqida to'g'ri xabar beruvchi bunday oyatlarning mavjudligi Alloh taoloning kelajakni ham bilishiga buyuk dalildir. Taqdir tushunchasi belgilangan turli xil qazo va qadar hukmlar mavjud. Ulardan biri shartli qadar, al-Qada' al-Mu'allaq, shuningdek, muallaq qadar yoki qazo deb ham ataladi, ikkinchisi esa mutlaq qadar, al-Qada' al-mubrom, ya'ni sobit taqdir. Shunday qilib, birinchisi o'zgaruvchan, ikkinchisi esa o'zgarmasdir. Masalan, Alloh taolo insonga bir musibatni yozib qo‘ygan deylik. Lekin bu musibatni namoz o‘qish yoki o‘qimasligiga bog‘lab qo‘ygan.

Boshqacha qilib aytganda, Alloh taolo inson namoz o‘qisa, musibat ko‘tarilishini, undan uzoqlashishini belgilab qo‘ygan. Agar namoz o'qimasa, u sodir bo'ladi. Shunday qilib, bu hodisaning sodir bo'lishi uchun shart borligi sababli, u Shartli Qadar deb ataladi. Sadaqaning inson bilan balo o‘rtasida to‘siq bo‘lishi haqidagi hadis bunga yorqin misoldir. Shartli Qadarda bu turdagi vaziyat shunday hal qilinadi Agar inson sadaqa bersa, musibat ketadi, agar bermasa, u sodir bo'ladi. Biroq inson oxir-oqibat sadaqa beradimi yoki yo'qmi, bu allaqachon "Lavhul-mahfuz"da yozilgan. Holbuki, shartli qadar Lavhul-mahv val-isbot”, “Oʻchirish “va tasdiqlash lavhida” yozilgan.

Boshqacha aytganda, al-Lavhul-Mahfuz toshga o'rnatilgan, sobitdir. Ammo “Lavh al-mahv val-isbot” o‘chirilib, qayta yozsa bo'ladigan doskaga o‘xshaydi. Xullas, Alloh har bir narsaning oxirgi holatini biladi. Lekin biz bilmaymiz. Vazifamiz har doim qo'limizdan kelganicha harakat qilib, duoda bo'lishdir. Taqdirga e’tiqodning eng go‘zal jihatlaridan biri shundaki, u qalbda chuqur xotirjamlik va ishonch tuyg‘usini uyg‘otadi. Inson o'z hayotini ishonch va quvonch bilan yashaydi. Boshiga bir qiyinchilik yoki musibat yetsa, taqdirga iymon keltirgani sabab qalbi halovatda bo'lib, vahima qilmaydi.

Chunki u Alloh taoloning cheksiz ilmi va qudrati ostida har bir narsaning ipidan-ignasigacha mukammal rejalanganligini aniq biladi. O'ylab ko'ring. Siz bilan nima sodir bo'lishidan qat'iy nazar, agar uni nazorat ostida ekanini bilsangiz, bu sizda mukammal ishonch va xotirjamlik hissini yaratmaydimi? Taqdirga ishonib: “Bu dunyoda hech narsa tasodifiy yoki maqsadsiz sodir bo‘lmaydi. Har narsaning ortida ma’no va hikmat bor”. Bu e’tiqod esa har lahza, har soniya Alloh senga g‘amxo‘rlik qilayotgani hisini beradi. Taqdirga ishongan kishi o'zini doimo Allohning panohidaman deb o'ylaydi. U kelajakdan tashvishlanishni ham, o'tmishdan afsuslanishni ham bir chetga surib qo'yadi.

Har bir vaziyatda: “Robbim menga kifoya!-deb aytadi. Zero, hamma narsa Uning izmidadir”, deb o‘z hayotini chin e'tiqod bilan davom ettiradi. Taqdirga ishonish ham insonni manmanlik va kibrdan saqlaydi. Chunki u qilgan barcha ezgu ishlari, muvaffaqiyatlari o‘z mehnati samarasi emas, balki Alloh taoloning unga bergan ne’mati ekanini biladi. Bas, u nafsiga emas, Robbisiga yuzlanadi. Shu bilan birga, u o'zining yomon ishlari uchun javobgarligini ham tushunadi. U aybni taqdirga yuklamaydi va “Men bu yomon ishni qilishim kerak edi, bu allaqachon yozilgan edi, deb aytmaydi, aksincha, o'zining iroda erkinligini va javobgar ekanligini tan oladi.

Yana bir muhim jihat shuki, bu taqdir tushunchasini aqlga ham, qalbga ham yoqimli qilib tushuntiruvchi yagona din Islom dinidir. Taqdirni chuqur va har tomonlama anglashni o'rgatishi Islom dini to‘g‘ri din ekanligiga yana bir dalildir. Endi boshida bergan savolimizga qaytaylik. Bu videoni tomosha qilish taqdiringizga yozilganmi? Ha. Ammo siz uni bosishni tanlagansiz. Bir kun kelib, bu hayot yo'lingiz o'z marrasiga yetib, jannatga yoki do'zaxga tushish allaqachon taqdiringizga yozilgan. Lekin sizni u yerga olib boradigan narsa o'z ixtiyoringiz bilan qilgan tanlovingiz bo'ladi.