Towards Eternity
Blogga qaytish

Jannat va Jahannamda (Do'zaxda) Dastlabki 24 Soat

Nashr sanasi

YouTube’da ko‘rish

Hisob-kitob tugadi. Ilohiy sud nihoyasiga yetdi va kim qayoqqa borishi belgilandi. Milliardlab odamlar ikki guruhga ajratildi. Ba'zilari jannatiy, boshqalari do'zaxiy. Jannat eshigi yonida kutayotganlarning yuzlari quvonchdan porlamoqda. Ular so'ngi maskanlariga kirishni kutmoqdalar. Nihoyat Jannat darvozalari birma bir ochila boshladi. Unga kiruvchilar xotirjamlikni his qilishdi. Xuddi yelkalaridan barcha majburiyat ketgandek. To'satdan hammayoqni yoritgan nur paydo bo'ldi. Jannatdan bir ovoz eshitildi. "Sizlarga salom bo'lsin. Sizlar poklandingiz, endi jannatga kiring." Mo'minlar yuzlarida nur bilan asta sekin abadiy uylariga kirib bormoqdalar.

Ana shu payti, hayotda kechirgan qiyinchiliklari bekorga ketmaganini his qilishdi. Chunki sabrlariga yarasha ulkan ajrlarga ega bo'lishdi. Endi mashaqqat ham, hafagarchilik ham, o'lim ham yo'q. Bir tomonda xursandchilik. Boshqa tomonda esa afsus, mashaqqat va azob. Do'zax to'lib ketdi. Uning tubidan azob va qayg'u faryodlari eshitilmoqda. Jannat va Jahannam o'zi qanday? Jannat bizni dunyoga o'xshaydimi? U yerda ham qish, yoz, tun va kun bormi? Boqiy hayotda yashayverib zerikib ketmaymizmi? Jannatga oxirgi bo'lib kim kiradi? Uning ahvoli qanday bo'ladi? Keling mana shu savollarga javob topamiz va u yerlarda bizni nima kutayotganiga oydinlik kiritamiz.

Hadisi Qudsiyda aytilishicha, Parvardigorimiz: "Men solih bandalarim uchun hech bir ko'z ko'rmagan, hech bir quloq eshitmagan va hech bir inson tasavvur ham qilmagan narsalarni tayyorlab qo'ydim", deydi. Demak Jannat aslida videodagidan ancha buyuk va chiroyliroq ekan. Bugun ko'rsatadiganlarimiz esa haqiqiy Jannatni tushunishingiz uchun namunalar xolos. Albatta Jahannam ham shunday. Bir tomonda yig'i-sig'i ovozlari, ikkinchi tomonda esa quvnoq tabassumlar. Zolimlar qilmishlariga yarasha jazo oladilar. Mazlumlar esa qilgan sabrlariga yarasha ajrga ega bo'lishadi. Jannat kishilari uchun barcha qiyinchilik, mashaqqat va zahmat tugaydi. Yolg'izlik ham ko'z yoshlari ham endi yo'q.

Qur'onda Jannat shunchalik batafsil tasvirlanganki, u yerga iloji boricha tezroq borishni istab qolasiz. "U yerda ko'ngil ishtaha qiladigan va ko'zlar lazzatlanadigan narsalar bor." "Sizlar u yerda abadiy qolursizlar." Payg'ambarimiz shunday dedilar: "U yerda doimo sog'lom bo'lasizlar va hech qachon kasal bo'lmaysiz." "Boqiy yashaysiz, hech qachon o'lmaysiz." "Hech qachon qarimaysiz, doim yosh bo'lasiz." "To'kin sochinlikda yashaysiz, hech qachon muxtoj bo'lmaysiz." Jannatda erkak kishi o'zining eng navqiron va kuchli payti 33 yoshida bo'ladi. Er xotinlar jannatga kirsalar ularning turmushlari ham abadiy davom etadi. Bu dunyoda nikoh qurolmaganlar u yerda istagan kishisi bilan nikoh quradi.

Rasululloh Jannatni bunday tasvirlaydilar. "Jannat oltin va kumush g'ishtlardan qurilgan, uning hidi mushk, mayda toshlari marvarid va yoqutdan, tuprog'i esa za'farondandir." "Kimki unga kirsa boqiy yashaydi, azob ko'rmaydi." Baxtli yashaydi va o'lmaydi. Kiyimlari hech qachon eskirmaydi, o'zlari esa hech qachon qarimaydi. Va eng qizig'i shundaki, tabiat qonunlari va bu dunyoning sabab-oqibat qoidalari u yerda bo'lmaydi. Ya'ni, nimani istasangiz o'sha zahoti paydo bo'ladi. Meva yeyish uchun urug' ekib hosil berishini kutish yoki sotib olish uchun biron joyga borishingiz shart emas, chunki jannatda hech qanday mehnat, hech qanday kutishlar yo'q.

Alloh istaganingizni o'sha zahotiyoq muhayyo qiladi. Daraxtdan meva uzib olsak darrov boshqasi paydo bo'lib qoladi. Daraxt zarracha o'zgarmaydi. Go'sht yeyishni xohlasangiz oldingizda pishirilgan holda go'sht paydo bo'ladi. Bir savol so'rayman. Tug'ilganingizdan beri necha xil taom yegansiz? Bu hayotda, dunyodagi mavjud bo'lgan taomlarning bir qisminigina yeya olishingiz mumkin, ana shuning o'zi ham bizni hayratlantirish uchun yetarli. Bizni hayotimiz dengizdan bir tomchi bo'lsa ham baribir mazza qilib yashayapmiz. Masalan, pamidorni o'z tami bor, tuxumni o'z tami bor, qalampirni o'z tami bor. Ularni aralashtirsangiz butunlay boshqacha tam beradi.

Bugunga qadar dunyodagi taomlarning 1 foizini ham tatib ko'rmagan bo'lsak kerak. Endi buni Jannat taomlariga solishtirsak, milliondan birigayam to'g'ri kelmayapti. Yana bir ne'mat haqida gaplashsak. Jannatda gina, hasad kabi qalb kasalliklari yo'q. Barcha yomon hissiyotlar olib tashlanadi. Hamma aka-ukadek yashay boshlaydi. Alloh buni quyidagicha tasvirlaydi: "Ularning dillaridagi g‘illi-g‘ishtlarni chiqarib tashladik.

So‘rilarda bir-birlariga boqib, do‘st bo‘lgan hollarida o‘ltirurlar." Shuningdek, Rasululloh (Allohning Rasuli) aytganlar: "Ularning qalblari bir kishining qalbi kabi bo'ladi, ular orasida hech qanday kelishmovchilik yoki o'zaro nafrat bo'lmaydi." Xuddi aka-ukalardek, odamlar dunyodagi xotiralarini eslab gaplashib o'tirishadi. Bir paytlar yashagan davrlarida yana bir bor kezishlari mumkin bo'ladi. Xuddi kino ichiga tushib qolgandek. Dunyodagi eng qiziq voqealarni ko'rishlari va o'sha joyga borishlari ham mumkin bo'ladi. Endi boshqa ne'matlar. Toza suvli daryolar, sutli daryolar, asalli daryolar va tasavvurimizdan tashqari boshqa ko'plab daryolar bo'ladi.

Qur'onda Alloh shunday deydi: "Taqvodorlarga va’da qilingan Jannatning misoli budir: ostidan anhorlar oqadi, mevalari va soyalari doimiydir." "Ichida aynimagan suvli anhorlari, ta’mi o‘zgarmagan sutli anhorlari, ichuvchilarga lazzatbaxsh xamr-sharobli anhorlari, musaffo asalli anhorlari bor" "Ular uchun u yerda barcha mevalar va o‘z Robbilaridan mag'firat bor" Bu yerda aytilgan sharob dunyodagi sharobga o'xshamaydi. U Jannatga xos sharob bo'ladi. Ular zavq va taskin beradigan sof ichimliklar bo'ladi. Hech kimni mast qilmaydi. Bu go'zallilardan tashqari, Jannat iqlimi ham mukammal darajada bo'ladi. Dunyodan farqli o'laroq na issiq na sovuq, hammamizga yoqadigan ajoyib havo.

Jannatda tun bo'lmaydi. Tuganmas nur yuraklarni quvonchga to'ldiradi. "Va ularni quyuq soyalarga kiritamiz" "Jannatda tun yo'q, faqat nur bordir." Jannatda uyqu ham bo'lmaydi. Bu dunyoda uyqu yoqimli chunki u charchoqni chiqaradi, Jannatda esa charchoqni o'zi bo'lmaydi. "Ularni u joyda charchoq tutmas" Bu dunyoda, qiziqarli ishlarni qilsak ham, biroz o'tib zerikamiz to'g'rimi? Jannatda ham shunday bo'ladimi? Umuman. Zerikishni o'zi yaratgan Alloh sizni zerikib qolishingizga yo'l qo'ymaydi. Demak Jannatdagi uyimiz, abadiy xursandchilik, zavqqa to'la, muxtojlikdan holi bo'ladi. Unga kirganlar hech qachon chiqishmaydi. Qur'on va hadisdan ma'lumki Jannatning 8 darvozasi bor.

Odamlar amallariga qarab ulardan biridan kirishadi. Ular, Namoz darvozasi, Jihot darvozasi, Sadaqa darvozasi, Rayyon darvozasi, Haj darvozasi, Kechirimlilar darvozasi, Imomlar darvozasi, va Zikr darvozasi bor. Mo'minlar o'zlarining martabalari va Alloh huzuridagi mavqelariga ko'ra jannatning yetti qavatidan birida bo'ladilar. Ular Al-Firdavs, Adn, Naim, Dorul-Xuld, Al-Ma'vo, Doru-salom va Illiyyun. Xo'sh, agar jannatning darajalari har xil bo'lsa, unda qanday qilib eng yuqoridagi kishi eng pastdagi kishi bilan birga bo'lishi mumkin?

Badiuzzamon Said Nursiy buni Payg'ambarimiz alayhissalomning hadisi bilan go'zal tarzda bayon qilgan: "Kishi jannatda o'z rafiqi bilan bo'ladi." Aytaylik, mening tam bilish qobiliyatim juda kuchli, sizniki esa kuchsizroq deylik. Biz go'zal manzarani tomosha qilib o'tiribmiz. Meni ko'zim ham o'tkir. Uzoq masofalarni ko'ra olaman, siz esa unday emassiz. Stolda yonma-yon ovqatlanib o'tiribmiz. Kim ko'proq mazza qiladi? Men albatta. Chunki ko'zim yaxshi ko'radi, tam bilish qobilyatim ham zo'r. Xuddi shunday, agar biz Jannatda bir dasturxon atrofida o'tirsak va do'stimiz bilan bir xil taomni yesak ham, har birimiz oladigan zavq baribir har xil bo'ladi. Lekin hech kim shikoyat qilmaydi.

Hamma o'zida bor narsadan rozi bo'ladi. Hech kim yuqori martabada bo'lmaganidan xafa bo'lmaydi, chunki aytganimizdek, har qanday salbiy yoki xafa qiluvchi tuyg'u ularning qalbidan olib tashlanadi. Jannatda odamlar qanday kiyimda bo'lishadi? Qur'on bizga jannat liboslari ipakdan tikilgani va chiroyli bezatilgani haqida xabar beradi. "Ular yupqa yashil ipak va istabroqdan liboslar kiyadilar". Qalin ipakning bir turi "Ular oltin bilaguzuklar va marvaridlar bilan bezanurlar, kiyimlari esa ipak bo'lur". Jannatda ko'rinishimiz qanday bo'ladi? Dunyodagi ko'rinishimizda bo'lamizmi? Jannatda Alloh har bir insonga mukammal go'zallik va uni eng yoqtiradigan qiyofani beradi.

Va bu go'zallik faqat bitta ko'rinish bilan cheklanib qolmaydi. Alloh bandalariga xohlagan paytda istalgan qiyofani tanlashga ruxsat beradi. Demak Jannat kishilari istagan chiroyga ega bo'lishlari mumkin bo'ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Darhaqiqat, jannatda bir bozor borki, unda erkaklar va ayollarning suratlaridan boshqa hech qanday savdo-sotiq yo'q. Shuning uchun, qachonki biror kishi ko'rinishini o'zgartirishni istasa, u yerga kiradi", dedilar. Jannatga eng oxirgi kiradigan kishini bilasizmi? Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar.

"Men do'zaxdan chiqadigan va Jannatga kiradigan oxirgi odamni bilaman." "U do'zaxdan chiqadi, olovdan emaklab chiqadi va Alloh unga: "Bor va jannatga kir", deydi." U unga boradi, lekin u to'ladek ko'rinadi. Keyin qaytib kelib deydi. "Ey Robbim, men uni to'laligida topdim" Alloh yana: «Bor va jannatga kir, chunki senga butun dunyo ne'matlaridek, xatto o'n barobar ko'p ne'mat beriladi», deydi. U kishi hayratlanib, “Sen olamlarning Parvardigorisan. Meni masxara qilyapsanmi? Yoki ustimdan kulyapsanmi?" deydi. Buni rivoyat qilgan sahoba Abdulloh ibn Mas'ud: "Shu joyiga kelganda, Rasululloh sollollohu alayhi vassallamni orqa tishlari ko'rinib qolguncha jilmayib kulganlarini ko'rdim", dedilar.

U kishi jannat ahli orasida eng past darajali bo'ladi. Eng asosiy savol. Jannatda Allohni ko'ra olamizmi? Ha, InshaAlloh, eng katta baxtimiz Allohni ko'rishimiz va uni bizdan roziligini bilish bo'ladi. Qurʼon buni shunday taʼriflaydi: "U kunda bor chiroyli yuzlar Robbisiga nazar soluvchilar." Bu Jannatdagi eng katta ajr bo'ladi. Badiuzzamon Said Nursiy shunday tariflaydi. U o'zining tafsirida shunday deydi: "Yer yuzida ming yillik quvonchli hayot jannatdagi bir soatga ham teng emas." Hamda, Jannatda ming yil yashash Allohni bir soat ko'rishga teng emas". Buni o'z hayotingiz bilan solishtirmang.

Buning o'rniga, boshidan oxirigacha hech qanday qiyinchiliksiz faqat quvonchga to'la hayotni tasavvur qiling. Ming yillik shunday hayot bo'lsa-yu, lekin baribir Jannatda atigi bir soatga teng bo'la olmasa. Yana, Jannatda ming yil tasavvur qilib bo'lmaydigan ne'matlarga to'lib-toshgan hayot ham Allohning jamolini bir soat ko'rishga teng emasdir. Parvardigorining go'zalligini ko'rgan mo'minlar unga maftun bo'ladilar va minnatdorliklarini shu kabi so'zlar bilan ifodalaydilar "Subhanalloh, Alhamdulillah, Allohu Akbar." Yana bir daxshatli narsa, Jannat ahli do'zax ahlini ko'rib turadilar. Jahannamdagilar ham Jannatdagilarni ko'rib turadi.

Bir tomonning pushaymonligi bir necha barobar ko'payadi, ikkinchi tomonning minnatdorligi esa yanada ortadi. Xo'sh, Jannat ahli cheksiz baxtdan bahramand bo'lgan bir paytda, do'zax ahlining holati qanday bo'ladi? Jahannam. Uning otashi minglab yil yig'ilgan g'azab bilan yonmoqda. Begunohlarni jazolagan ko'plab zolimlar. Yuzlab chaqaloqlarni o'ldirganlar, sanoqsiz odamlarni yostig'ini quritganlar Jahannamda yonmoqda. Uning ichi tim qorong'u. Azob va pushaymonlikka to'la manzaralar, odamlarning nolalari va faryodlari bilan bilan to'lgan.

"Ular soat ya'ni qiyomatni ham yolg‘onga chiqardilar." "Vaqtiki u ularni uzoq joydan ko‘rganida, uning g‘azabnok qaynashini va bo‘kirishini eshiturlar" "Uning tor joyiga kishanlangan hollarida tashlaganlarida esa, o‘sha joyda o‘zlariga o'lim tilarlar." Ularga "Bugungi kunda bir o'limni emas, ko‘p o'limni tilanglar!" deyiladi. Qanchalik daxshatli bo'lsa ham, adolat bo'lishi uchun Jahannam o'ta zarur. Adolat mazlumlar uchun rahmatdir. Oyatda Alloh shunday deydi: "Biz ularga zulum qilganimiz yo'q. Lekin ular o'zlari zolim bo'ldilar." Iymonli mo'minlar uchun Jahannam vaqtincha bo'ladi.

Agar ular katta gunohlar qilishgan, ammo tavba qilishmagan bo'lsa va gunohlari solih amallaridan ko'p bo'lsa va ularga shafoat qilinmasa, ular bir muddat do'zax olovida qoladilar. Albatta Alloh kechirsa ularga azob yo'qdir. Mobodo mo'min kishi Jahannamga tushib qolsa, uning jazosi tugashi bilan u yerdan chiqib jannatiga kiradi. Jahannamdagi azob farishtalari o'z vazifalarini bajarishda juda qattiqdil va qattiqqo'ldirlar. Ularning dahshatli ko'rinishining o'zi do'zax ahli uchun azob bo'lishga yetarli. Qur'onda kofirlar va do'zaxga boshchilik qilgan farishta o'rtasidagi suhbat shunday tasvirlangan.

Ular shunday deydilar: "Ey Malik, Robbinga ayt azoblarimga nuqta qo'ysin." U: "Yo'q, sizlar bu yerda qolasizlar. Sizlarga haqiqatni keltirgan edik, lekin ko'pchiligingiz uni yoqtirmadingiz", deydi. Ammo azob faqat olov bilan bo'lmaydi. Kishi u yerda Jannat ne'matlaridan quruq qolganini o'ylab azoblanadi. Yolg'izlikdan azoblanadi. Jimlikdan va Shayton bilan birga yonishdan azoblanadi. Daxshatli olovdan va kuydiruvchi muzdan azoblanadi. Allohga shukr keltirmaganlikdan va u bilan gaplasha olmaslikdan azoblanadilar. Boshqacha qilib aytsak, u yerda bir kishiga turlicha azob beriladi. U kunda Alloh Jahannam ahliga "Menga gapirmang!" deydi. Qanday achinarli manzara!

Robbilari bilan aloqalari butunlay uzildi. Olov ichidagi odamlarning qo'llari zanjirband qilinadi va alanga butun tanalarini qoplaydi. Ko'zlari daxshatdan qotib qoldi. Har bir olgan nafaslari Jahannamning tafti bilan to'ladi. U yerdan qochishga harakat qilishadi, lekin qochishni iloji yo'q. Boshlaridan quyilgan olov terilarini eritib ichlarini qaynatadi. Qur'on buni shunday tasvirlaydi. "Va Saqar nimaligini sizga nima bildirdi?" "U boqiy qoldirmas va tark ham qilmas. U terini ko'p kuydiruvchidir." Ularning taomi Zaqqum, do'zax olovidagi daraxtning mevasi va tikanli o'simliklardir. Va ularning ichimligi qaynoq suv va yiringdir. Uni har ichganlarida azobni suyaklarigacha his qilishadi.

"Uning ortida Jahannam bordir. Yiring suvi ila sug'orilgandir. Uni yutishga urinadiyu ammo yutolmaydi." "Unga har tomondan o'lim keladiyu ammo o'la olmaydi" "Uning ortidan esa, qattiq azob bor." Boshqa oyatda Alloh aytadi. "Ularga tikandan boshqa taom yo'q. U na semirtirmas, na ochlikni ketkazmas" Ular har safar boshqa chidolmayman deganida azob battar qattiqlashadi. Ularning yagona orzusi o'lish, yo'q bo'lish, tuproqqa aylanish. Lekin bunday bo'lmaydi. Bu dunyoda begunoh odamlarga bomba tashlagan, ularni ko'z yoshlariga ahamiyat bermasdan qiynaganlar o'shalar emasmidi? Bolasini yo'qotib yig'lagan onani ko'rib kulganlar o'shalar emasmidi? "Qaniydi o'shanda aqlimni ishlatsam.

Qaniydi menga boshqa imkon berilsa." Uning nolalari qanchalar qattiq bo'lmasin hech nimani o'zgartirmaydi. Bu dunyoning sinovlari tugadi, endi ular narigi dunyoda javob berishadi. Shuningdek Jahannamda yonayotgan odamlar u kunda bir birlarini yoqasidan ushlaydi. Aybni bir birlariga qo'yib la'natlashadi. Bu Qur'onda shunday tasvirlangan. "Sizdan oldin o'tgan jin va insdan bo'lgan ummatlar bilan do'zaxga kiring." "Qachonki qaysi bir ummat do‘zaxga kirsa, sherigini la’natlar" So'ngra, ular to'planib, oxirgilari birinchilari haqida: "Ey Robbimiz, ular bizni adashtirdilar, bas, ularga do'zax azobini ikki baravar bergin", deydilar.

Alloh ularga, "Hammangiz ikki hissa azoblanasiz, ammo bilmassiz" deydi. Ularning birinchilari oxirgilariga aytadi: "Seni bizda hech qanday haqqing yo'q." "Shu kungacha qilgan ishinga o'zing javob ber." Shuningdek ba'zilari Shaytonni ayblaydi. U esa quyidagicha javob qiladi. "Albatta, Alloh sizga haq va’dani qilgan edi. Men esa, sizga va’da berdim-u, va’damga xilof qildim. Mening ustingizdan hech qanday hukmronligim yo‘q edi. Faqat da'vat qilsam, o‘zingiz menga ijobat qildingiz" Bas, meni malomat qilmang, o‘zingizni malomat qiling. Men sizlarni qutqaruvchi emasman, sizlar ham meni qutqaruvchi emassizlar. Endi, men, albatta, ilgari meni sherik qilganingizni inkor qilaman.

Albatta, zolimlarga, ha, ularga alamli azob bor. Oxir-oqibat, zolim o'ziga munosib bo'lgan narsani oladi, mazlumlar esa nihoyat o'zi loyiq bo'lgan narsani oladilar. O'lim qachon kelishini hech kim bilmaydi. Ammo videolarda aytib o'tilganlarni hammasi albatta sodir bo'ladi. O'lim farishtasi sizni kuzatmoqda. Qabringiz sizni kuzatmoqda. Hisob kitob yengil bo'lmaydi. Bir tomonda Jannat boshqasida Jahannam. Videoni oxirigacha ko'rayotgan bo'lsangiz demak sinovlaringiz hali tugamapti. Demak hali yaxshilanishga vaqtingiz bor. Dunyodagi qaysi narsa Jannatga teng bo'la oladi? Dunyoning vaqtincha rohatini deb Jannatni yo'qotish to'g'rimi? Qay biri qiyin?

Biz ado etishga dangasalik qiladigan ibodat mashaqqatimi yoki do'zax azobi? Tavba qilib, hammasini birlashtirganda 1 soatga ham bormaydigan ibodatni qilish qanchalik qiyin bo'lishi mumkin? O'limdan keyingi dahshatli voqealarda hamma qo'rquv va vahimaga botganda, quvonch bilan tabassum qilib, abadiy Jannatga kirishga arzimaydimi? Bu dunyoga bekorga kelmaganmiz axr. O'lim haq. Qabr haq. Qiyomat albatta keladi. Bularni inkor qilolmaymiz. Shuncha haqiqatlarni bila turib qanday qilib ular mavjud emasdek yashashimiz mumkin? O'lim har kuni 250 000 kishining eshigini qoqadi. Nahotki bu sizga ta'sir qilmasa? O'lim sizni uyg'otmasidan uyg'oning, chunki o'lim uchun o'lim yo'q. Tavbani kechiktirmang.

Bugun, hali vaqt bor ekan, yuragingiz hali urib turgan ekan, siz hali ham sajda qilishingiz mumkin ekan, tavba eshigi hali ochiq ekan. Ibodat qilmasangiz hozirdan boshlang. Reklamasiz mutlaqo bepul namoz ilovamiz bilan siz besh vaqt namozni hayotingizning doimiy qismiga aylantirishingiz mumkin. Agar iymoningizni mustahkamlashni va Islomiy bilimlaringizni chuqurlashtirishni istasangiz, ushbu kanalda siz uchun ko'plab videolar tayyorladik. Ularni bir tartibda ko'rib chiqishingiz mumkin. Agar siz Qur'onni arab tilida qanday o'qishni bilmasangiz, biz "Lam Alif Qur'on" deb nomlangan ilova ishlab chiqdik, unda siz tajvidni tez, oson va bepul o'rganishingiz mumkin.

Agar siz Qur'on ma'nolarini chuqurroq o'rganmoqchi bo'lsangiz, bizning bepul o'qish ilovamizni yuklab olishingiz mumkin. Esingizda bo'lsin, o'zingiz uchun maqsad qo'yganingizdan so'ng, hatto u kichik bo'lsa ham, hamma narsa o'zgara boshlaydi. Keling videoni qalbga umid beruvchi oyat bilan tugatamiz. "«Ey o‘z jonlariga isrof (jabr) qilgan bandalarim, Allohning rahmatidan noumid bo‘lmang! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag'firat etar. Albatta, uning o‘zi o‘ta mag'firatli va o'ta rahmli zotdir”, deb ayt." Bilasizmi nima? Video davomida reklamalar ko'rmadingiz a?

Loyihamiz notijorat tashkilot bo'lgani uchun, ushbu videolarni faqat sizning qo'llab-quvvatlashingiz orqali ishlab chiqarishimiz mumkin. Agar siz ham ushbu xayrli ishga qo'shilishni istasangiz, "Towards Eternity" tashkilotimizga xayriya qiling va bu imkoniyatni qo'ldan boy bermang.