"Nafrat Yuzasidan Musulmonning Burni VA Qovurg'asini Sind*rdim" - Braziliyalik Islomni Qabul Qildi
Nashr sanasi
Men katolik va buddist oilasida ulg‘ayganman. Islom haqida ilk bor 11-sentabr voqealari paytida eshitganman. Musulmonlar terrorchilar edilar. Musulmonlar xavfli edilar. Muhammad ismli bir yigit bor edi, u asabimga tegar edi. «Hoy oshna, noto‘g‘ri odamga to‘qnash kelding, va aslida sen ham musulmonsan. Senga joyingni ko‘rsatib qo‘yaman».dedim Oxir-oqibat uning ikki ko‘zini ko‘kartirdim, burnini va bir qovurg‘asini sindirdim. Ko‘ylagi butunlay qonga belangandi. «Sizni valimaga taklif qilamiz, ya’ni Marokashdagi to‘y marosimizga». Ustiga-ustak u turmush o‘rtog‘i Simo Muhammadni ham olib kelgandi, u uzun soqolli da’vatchi edi. Men esa televizor ko‘rib, kanallarni almashtirib o‘tirgandim.
Taxminan tungi soat 3:00 larda u birodarning uyg‘onganini eshitdi. Va «Allohu Akbar» (Alloh eng buyukdir) degan ovozni eshitishim bilanoq... qotib qoldim. Dahshatga tushdim. Chunki «Allohu Akbar»dan keyin nima bo‘lishini bilamiz: portlash yuz beradi. Simo Muhammadning sharpasi borgan sari kattalashib borardi, polning g‘ichirlashi eshitilar, u menga yaqinlashardi. Uning ulkan va vahimali qo‘li ko‘z o‘ngimga kelayotganini eslayman... Marokashdan qaytganimdan so‘ng Islomga bo‘lgan qiziqishim 10 barobar ortdi. Kimdir Qur’on haqida yomon gapirsa, unga: «Oxirgi marta bu kitobni qachon ochgansan?» — «Hech qachon!» — «Unda og‘zingni yum».
Filmni ko‘rib bo‘lishim bilanoq, Usamaga qo‘ng‘iroq qilib, «Usama, og‘ayni, men endi musulmonman» dedim. Assalomu alaykum, Eduardo Dos Anjos. «Towards Eternity» loyihasida sizni ko‘rib turganimizdan xursandmiz. Tashrifingiz uchun rahmat Bu biz uchun sharaf. Va alaykum assalom. Taklifingiz uchun rahmat. Ilk savol Eduardo Dos Anjos o‘zi kim? Hayotingiz haqida qisqacha aytib berolasizmi? Men Braziliyada tug‘ilganman, ikki yoshimda esa Kanadaga ko‘chib o‘tganmiz. Men katolik-buddist oilasida ulg‘ayganman va musulmonlarni yomon ko‘rib katta bo‘lganman. Oxir-oqibat esa Islomni sevib qoldim. E’tiqod borasida hayotingiz qanday kechgan? Nimalarga ishonardingiz?
Ha, men braziliyalik katoliklar oilasidanman. Otam amalda ko‘proq katolik edi, ammo yakshanba kunlari cherkovga boradigan, hafta davomida esa katolikligini unutadigan toifadan edi. Onam buddist bo‘lgani uchun xonadonimizda buddistlik ruhiyati ham biroz sezilib turardi. Shunday qilib, otam e’tiqod masalasida o‘zicha turli narsalarni aralashtirib olgandi. U turli xil ilohiyot tushunchalarini qorishtirardi. Rostini aytsam, din masalasida ongim chalkashib ulg‘ayganman. Shu sababli men uchun din juda mavhum bir mavzu edi. U qiziq tuyulardi, ammo unga haddan tashqari jiddiy qaray olmasdim.
Ammo Xudo — eng qiyin damlaringizda suyanish mumkin bo‘lgan qudratli va muhim bir kuch edi, lekin bundan nariga o‘tmasdi. To‘g‘risini aytsam, xristianlikdan ham ko‘nglim to‘lmas, g‘alati his qilardim. U mening aqliy jihatdan mantiqiy tushunish ehtiyojimni qondirmasdi. Gaplarimni Tushunyapsizmi? Men uchun Xudoning uchta ekani haqidagi g‘oya noto‘g‘ri edi. U mutlaqo mantiqqa to‘g‘ri kelmasdi. Islom haqida ilk bor qanday eshitgansiz? Sizda biror nafrat bormidi? Hidoyat topish tariximdagi qiziq fakt shuki, Islom haqida ilk bor eshitganim 11-sentabr voqealari paytida bo‘lgan. Hech bo‘lmaganda, bu men uni jiddiy qabul qila boshlagan birinchi payt edi. Musulmonlar terrorist edi.
Musulmonlar xavfli edi. Bu odamlar qamoqqa tashlanishi, hatto bundan ham yomonrog‘iga loyiq vahshiylardir. Aksariyat odamlar kabi, men ham yuzaki xulosalar chiqardim. Va oxir-oqibat ashaddiy islomofobga aylandim. Maktabdaligimda bunday kadrlarni ko'rgach va o‘sha musulmonlar bilan muloqotda bo‘lganimda, ularga nisbatan qalbimda g‘azab bor edi. Ularga o‘z joylarini bildirmoqchi bo'lardim. Shu sababli maktabda musulmonlarni qo‘rqitish va kamsitishda hamisha oldingi safda bo‘lardim. Xususan, bir safar sinfda o‘tirganimni eslayman, ro‘paramda Abdul ismli bola o‘tirgandi, musulmon bo‘lgani uchun men undan nafratlanardim. O‘z joyini ko‘rsatib qo‘yish uchun nima qilishim kerak?
Xo‘sh, uning sochiga nima uchun o‘t qo‘yib yubormas ekanmiz? O't yoqqichni oldim-da, sochiga o‘t qo‘yib yubordim. Aytgancha, uni o‘sha kundan keyin hech qachon maktabda ko‘rmadik. Avtobusda o‘zimni xudkush-terrorisdek ko‘rsatib yurganimni eslayman... «Bum!» — odamlarni kuldirib, musulmonlarga shunday his uyg‘otish uchun: «Hoy, sizlar axmoqsizlar. Diningiz yo‘lida o‘zingizni o‘ldirasizlar», bilasizmi, bu shunchaki ularni masxara qilish uchun bir bahona edi. Muhammad ismli bir yigit bor edi, u asabimga tegar edi, Bundan foydalanib, unga uqtirib qo‘ymoqchi bo‘ldim: «Hoy oshna, noto‘g‘ri odamga to‘qnash kelding, ustiga-ustak sen musulmonsan. Senga joyingni ko‘rsatib qo‘yaman».
Oxir-oqibat uning ikki ko‘zini ko‘kartirdim, burnini va bir qovurg‘asini sindirdim. Ko‘ylagi qonga belangan edi, tomirlarimda adrenalin jo‘sh urayotganini, bularning bari bir lahzada sodir bo‘lgandek tuyulganini hozir ham eslayman. Meni hibsga olgani maktabga politsiya keldi. Ertasi kuni matematika darsida o‘tirganimda olib ketishdi va panjara ortiga tushdim. Otam meni olib ketgani keldi, bu ish bo‘yicha voyaga yetmaganlar sudiga ham bordim. Jamoat ishlarini bajarib, guruhli terapiyaga qatnashishimga to‘g‘ri keldi, toki kelajakda zo‘ravonlikdan xoli odam bo‘lib ulg‘aymay. O‘shanda maktab ma’muriyati meni qo‘llab-quvvatlagandi.
Menga advokat bilan yordam berishdi, va uning emas, mening tarafimni olishdi. Bu haqida o‘ylasam, ancha ayanchli holat, chunki o‘zimni zo‘ravon deb hisoblamasdim. Ammo targ‘ibot odamni shunday ko‘yga soladi. Men injiq, sho‘x bola edim, lekin bu darajadagi zo‘ravonlik xarakterimga xos emasdi deb o‘ylayman. Musulmon bo‘lish tarixingiz qanday boshlandi? Ha, rostini aytsam, Islomni qabul qilishim holisona bir mo‘jizadir. Hayotimning juda qorong‘i bir davrida edim. Yashashga bo‘lgan ishtiyoqim so‘ngan edi. O‘z jonimga qasd qilish fikrim bo'lmasa-da, xayolimda meni mashina urib ketganda, ko‘p muammolar hal bo‘lardi degan o‘y bor edi.
Biroq menda shunday chegara bor ediki, hech qachon bunday tentaklikka qo‘l urolmasdim, chunki chegaram: «Onamni yig‘lata olmayman» degan fikr edi. Ammo hayotimdan mutlaqo sovib, umidsizlikka tushgan o‘sha lahzalarda, osmonga, oyga qarab, Xudodan menga haqiqatni ko‘rsatishini so‘raganimni eslayman. So‘ragan ilk narsam shu bo‘ldi. Undan menga shunday bir insonni yuborib, haqiqatni ko‘rsatishini so‘radimki, u meni bir qavm bilan tanishtirsin, va o‘sha qavm ichidan menga hayot yo‘limda hamroh bo‘ladigan juft nasib etsin. Mening muhitim ana shunday edi. Har kuni skeytbordchilar guruhi bilan ko‘chalarda yurar, bema’ni ishlar, devorlarga rasm chizish, chekish va ichish bilan band edim.
Bir necha yil o‘tgach, yuqori sinfda Usama ismli yigit bilan tanishib qoldim. Usama kutilmaganda paydo bo‘lgan juda quvnoq, qiziq va o‘ziga tortadigan yigit edi. Xorijlik talaba — hayotimda ilk bor maktabimizga xorijdan talaba kelganini ko‘rishim edi. Unga qaraganimda, ich-ichimdan shunday o‘ylaganimni eslayman: «G‘alatiroq ekan, lekin qiziqarli. Juda kulgili bola». Kunlardan bir kuni futbol o‘yinidan so‘ng suv ichish uchun navbatga turdik, Usama oldimda turgandi. Bir payt u suv ichmoqchi bo‘ldi-da, so‘nggi lahzada to‘xtab qoldi. Mening esa rosa jahlim chiqdi, chunki qattiq chanqagan edim, ichgim kelyapti. Unga: «Oshna, yo‘ldan qochsang-chi, suv ichmoqchiman.
Bu yerda nima qilyapsan?» — dedim. U esa: «Ha, men ro‘zadorman. Bilasanmi, biz musulmonlar haqiqiy erkaklarmiz. Biz o‘zimizni boshqara olamiz. Butun bir oy davomida yemaymiz ham, ichmaymiz ham. Siz nasroniylar esa zaifsizlar. Doim ko‘nglingiz tusagan narsani qilib, o‘zingizni haqiqiy dindor deysizlar, asl mo‘minlar bizmiz» — dedi. Undan: «Demak, sen ro‘za tutishni xohlasam ham, buni eplolmaysan demoqchimisan?» deb so‘radim. U esa: «Shunday», dedi. O‘sha yerda, o‘sha zahotiyoq o‘zimga bu yigitga u qilayotgan ishni bemalol bajara olishimni isbotlayman dedim. Unga isbotlash uchungina tushlik paytlari u bilan birga yura boshladim.
Uyga qaytdim va nihoyat ovqatlanish vaqti keldi va hayotimni o‘zgartirgan bir voqea sodir bo‘ldi. Shunchalik och qolgandimki, xonamda bir o‘zim ovqatlanayotib, oldimdagi taom uchun shu qadar shukr qildimki, beixtiyor o‘kirib yig‘lab yubordim. Yig‘layotib, ko‘z yoshlarimni ko‘ylagim bilan artar ekanman, unga qarab shunday deb o‘yladim: «Menda forma bor, chunki xususiy maktabda o‘qirdim». So‘ng bir fikr ikkinchisiga ulandi: «Men sifatli ta’lim olyapmanmi? Yo Parvardigor! To‘xta. Boshim ustida boshpanam bormi?!» Shiftga qarab turib, his-tuyg‘ular girdobiga yanada chuqurroq g‘arq bo‘la boshladim. O‘zimga savol berdim: «Bularning barchasiga kim to‘laydi? Onam. Mening onam bor-ku.
Oxirgi marta qachon onamni bag‘rimga bosdim? Oxirgi marta qachon... uni yaxshi ko‘rishimni aytdim?» Shunday qilib, onamga muhabbatimni izhor qilish uchun uning xonasiga yugurib bordim. Undan: «Oyi, iltimos meni kechiring, yaxshiroq o‘g‘il bo‘lishga so‘z beraman», deb o‘tindim. Men tinmay ho‘ngrab yig‘layapman, u esa menga qarab so‘radi: «Eduardo, nima mastmisan?» Men esa: «Yo‘q, oyi, mast emasman» dedim. Shunchaki yomon farzand bo‘lganimni tushunib yetdim va yaxshiroq bo‘lishga so‘z beraman. Shunday qilib, bu ulkan anglash bilan xonamga qaytdim, Insonni o‘zgartiruvchi ushbu dindan yana nimalarni o‘rganishim mumkinligiga qiziqa boshladim. Men unga endi-endi yaqinlashayotgan edim.
Bu dinni his qilar ekanman, qalbimni shukronalikka to‘ldirib, yaralarimni va onam bilan munosabatimni davolagan o‘zgarish kuchini his qildim. Meni yana nima yaxshilik sari o‘zgartira oladi? Inson sifatida yana nima meni yuksaltira oladi? Men Usama bilan ko‘proq suhbatlasha boshladim, uning hayotini bilib, uni yanada qiziqarli inson deb topayotgan bir paytda, atrofimdagi barcha do‘stlarimning bundan qattiq jahli chiqardi. Do‘stlarim doimo menga shunday deyishardi: «Bu bola yoqimsiz, u bilan birga yurma. Axir sen zo‘r bolalar safidasan, obro‘ying tushib ketadi». Men esa: «Bu bola menga yoqadi» derdim. Nega ekanini bilmayman, lekin yoqardi.
Bir kuni u menga qo‘ng‘iroq qilib: «Og‘ayni, singlim Monrealda chet ellik talaba sifatida yolg‘iz yashaydi, bugun tug‘ilgan kuni, lekin xafa bo‘lib o‘tiribdi, chunki nishonlashga hech kimi yo‘q. Unga biror tadbir uyushtirsak degandim». Men: «Muammo yo‘q, sen do‘stimsan, buni o‘zimga qo‘yib ber. Otamning meksika-braziliya restoranida unga eng yuqori darajada xizmat ko‘rsatamiz. Unga chiroyli dasturxon tayyorlaymiz» dedim. Restoranda u bilan uchrashgan paytimizda, uning hijobda ekanini ko‘rdim. Bu esa meni noqulay ahvolga solib qo‘ydi. Ustiga-ustak u turmush o‘rtog‘i Simo Muhammadni ham olib kelgandi, u uzun soqolli da’vatchi, odamlarni Islomga da’vat qilishda professional bo‘lgan inson edi.
Bundan qattiq asabiylashganimni eslayman, lekin sabr qilishim kerakligini his qildim, chunki Usama menga yoqib qolgan qadrdonim edi. U eng yaqin do‘stimga aylangandi, uning oldidagi burchimni o‘tashim kerak edi. Ularni boshqa ko'rmayman deb o'ylagandim. Ammo ularning o‘z rejalari bor edi. Allohning ham o‘z rejasi bor edi. Ular: «Eduardo, bizni mehmondo‘stlik bilan kutib olding, biz sendan qarzdormiz. Seni Sherbrukka taklif qilamiz» dedilar, bu Monrealdan taxminan bir yarim soatlik masofadagi shahar. «Bundan tashqari, seni valimamizga, ya’ni Marokashdagi to‘y marosimizga mehmon do‘stligingiz uchun minnatdorchilik sifatida taklif qilamiz». Men Usamaga qarab: «Albatta, ketdik!» dedim.
Bir necha hafta o‘tib, Sherbrukka bordik. Men u yerga ilk bor 16 yoshli, voyaga yetmagan o‘smir sifatida bordim. Hayotimda ilk marta uydan uzoqda tunayotgan edim, bu vaziyatdan o‘zimni juda noqulay his qilardim. Lekin baribir do‘stlik burchimni o‘tayapman, chunki Usama yaqin do‘stim. Usamaning otasi meni aeroportdan qarshi olishga keldi, lekin o‘zini hech qachon uning otasi sifatida tanishtirmadi. U: «Sizga xizmat qilaman, sizga o‘z o‘g‘limdek g‘amxo‘rlik qilaman», dedi. U oddiy kiyingan edi. Mashinasi ham oddiy edi. Odob-axloqi esa a’lo darajada edi. Men esa bularning barini kuzatib, butunlay hayratda edim.
Usamaning otasi tizzalab olib, bog‘bonga gul ekishda yordam berayotganini ko‘rganimda hayratim yanada oshib ketdi, so‘ng oshxonaga kirib, pazandaga yordam berayotganini ko‘rdim, Ularning qo‘l ostida to‘y marosimini tayyorlayotgan ulkan jamoa bor edi, chunki to‘y ularning shaxsiy hovlisida bo‘layotgandi. Bu insonning xokisor va kamtarligini ko‘rib, moddiy jihatdan o‘ziga to‘q bo‘lgan bir kishi o‘zini oddiy xizmatkordek tutayotganiga guvoh bo‘ldim. Bu haqiqiy erkak qanday bo‘lishi kerakligi haqidagi tushunchamni ostin-ustun qilib yubordi. Muvaffaqiyat haqidagi tasavvurimni chil-parchin qildi. Men shubhada, xavotirga tushib qolganimni eslayman: «Bu odamlarning asl niyatini bilaman.
Ular shunchaki ehtiyotkorligimni so‘ndirib, uxlayotganimda tomog‘imni so‘yib ketishmoqchi». Bu vahima meni mutlaqo xotirjam bo‘lishimga yo‘l qo‘ymadi. O‘zimga: «Axmoq bo‘lma», dedim. Ular qadrli mehmon ekanimni aytib, katta yotoqxonada uxlashimni qattiq turib talab qilishdi, chunki men ularning aziz mehmoni edim. Men ularga uyqusizlikdan qiynalayotganimni, divanda yotsam ham bo‘laverishini aytib, o‘z so‘zimda turib oldim. Bu bahsda yutib chiqdim. Shunday qilib, televizor ko‘rib, kanallarni almashtirib o‘tirgandim. Aniq soat necha bo‘lgani esimda yo‘q, lekin taxminan tungi 3:00 larda o‘sha birodarning uyg‘onganini eshitdim.
Uning uyg‘onib harakatlanayotganini eshitishim bilanoq, yuragim qinidan chiqqudek ura boshladi. Va «Allohu Akbar» degan ovozni eshitishim bilan... qotib qoldim. Dahshatga tushdim. Chunki «Allohu Akbar»dan keyin nima bo‘lishini yaxshi bilamiz. Buni 24 soat televizorda ko‘rsatishadi: portlash yuz beradi. Xayolimda, bu odam kelib tomog‘imni so‘yish va o‘z Xudosiga qurbonlik qilish uchun ruhiy marosimlarni bajarib, o‘zini tayyorlayotgandek tuyuldi, yoki u shunga o‘xshash narsa bilan band edi. Bilmadim, lekin bu yaxshilikka emasdi, chunki «Allohu Akbar» men uchun salbiy ma’noga ega edi. Qimirlay olmay qoldim. O‘zimdan so‘radim: «Bu yerga nega kelding, Eduardo? Buncha tentaksan-a!
Axir bu odamlarning xavfli ekanini bilarding-ku, mana endi tuzoqqa tushding, hozir seni o‘ldirishadi!» Xudodan meni bu nochor vaziyatdan qutqarishini yolvorib so‘raganimni eslayman. Ibodat qilib, Xudodan yordam so‘rayotgan edim. Simo Muhammadning sharpasi borgan sari kattalashib borardi, polning g‘ichirlashi eshitilar, u menga yaqinlashib kelardi, Uning ulkan, dahshatli qo‘li ko‘z o‘ngimga kelayotganini eslayman, u esa adyolni olib, ustimni yopdi, chiroqni va televizorni o‘chirdi-da, yana yotib uxladi. Aynan o‘sha lahzada, o‘sha yerdayoq qalbimdan his qildim: bu odamlarning yomon inson bo‘lishi mumkinmas.
Onam doim aytardi: agar inson sifatida haqiqatda kimligingni bilmoqchi bo‘lsang, hech kim qaramayotgan paytda o‘zingga boq. Asl mohiyating ana shunda. Bu yerda esa o‘sha birodar tun yarmida, hech kim ko‘rmayotgan paytda uyg‘onib, o‘z Robbi bilan munojot qilmoqda, U bilan dildan so‘zlashmoqda. Bu suhbat uni o‘z mehmoniga nisbatan yaxshilik qilishga undamoqda, holbuki u mehmonga shundoq ham eng yuqori darajada hurmat-ehtirom ko‘rsatib bo‘lgan edi. O‘shanda o‘zimdan shu qadar uyaldimki, chunki men xurofotchi, adolatli bo‘lib tarbiya topmagan edim. Irqchi bo‘lib tarbiyalanmagan edim. Bundan yaxshiroq ekanimni bilardim. O‘zimni mutlaqo... to‘g‘risi, sharmanda bo‘lgandek his qildim.
Bu Alloh qalbimni ilk bor Islomga va musulmonlarga nisbatan yumshatgan lahza bo‘ldi. Ertasi kuni Simo Muhammad menga Juma namoziga borishini aytdi, bu erkaklar uchun farz bo‘lgan juma kungi namozdir. U mendan birga borishni xohlaysizmi deb so‘radi. Men: «Albatta, boraman», deb aytdim. Hayotimda ilk bor masjidga bordim, u yerdagi har bir kishining juda osoyishta, oddiy muhitda o‘z peshonalarini, yuzlarini — tananing eng sharafli a’zosini yerga qo‘yib, o‘z Parvardigoriga sajda qilayotganini ko‘rib lol qoldim. Hayotimda birinchi marta ibodat qildim va qayta tug‘ilgandek bo‘lganimni eslayman.
Nima qilayotganimni bilmasdim, lekin Xudo meni ich-ichimdan qayta tirilayotganimni his qilgan o‘sha muhitga keltirib qo‘ygandi. Na bir surat, na stullar, na o‘rindiqlar bor edi, faqatgina fikringizni jamlashga imkon beruvchi muhitdan boshqa hech narsa yo‘q edi. Kimgadir diqqat qaratish? Faqat Allohga. Ammo Usamaning akasi shunday bir donolik bilan, meni bir xristian sifatida u uchun hurmatga loyiq inson ekanimni his qildirdiki, chunki u Iso alayhissalomning ismi Qur’onda Muhammad (s.a.v)dan 25 barobar ko‘proq zikr qilinganini aytdi.
U yana: «Bizda Maryam deb ataladigan sura bor, bilasizmi, biz musulmonlar aslida xristianlarni hurmat qilamiz, chunki Injil ham vahiyning bir qismi bo‘lganiga ishonamiz, ammo tarix davomida, afsuski, u buzilgan va o‘zgartirilgan. Biroq qaysi qismi o‘zgarib, qaysi qismi asliday qolganini bilmaymiz, shuning uchun hurmat bilan qaraymiz», dedi. Men: «Qoyil, bizni hurmat qilishar ekan. Bizni yomonlashmayapti-ku!» deb o‘yladim. Kun bo‘yi faqat xristianlarning musulmonlarni qoralaganini eshitardim, bu yerda esa musulmonlar xristianlarga shunchalik katta hurmat bilan gapirishmoqda.
Shunday qilib, aynan o‘sha yerda bu insonlarni va bu hayot tarzini yanada qattiqroq sevib qoldimki, Marokashdan qaytganimda Islomga bo‘lgan shijoatim 10 barobar ortib ketdi. Atrofdagilardan kimdir huzurimda musulmonlar va Islomni yomonlay boshlasa, ular bilan yuzma-yuz tortishardim. Kimdir Qur’on haqida bema’ni gap aytsa, unga" «Oxirgi marta bu kitobni qachon ochgansan? Hech qachon! Unda og‘zingni yum», to‘g‘rimi? Musulmonlarni himoya qilishda juda o‘jar va qat’iy yo‘l tutardim. Ba’zi odamlar hatto: «Eduardo, musulmon bo‘lib qoldingmi? Senga nima bo‘lyapti? O‘zgarib qolibsan», deyishardi. Yana ro‘za tuta boshladim.
Ma’lumot uchun aytaman, men Islomni qabul qilishdan oldin ham ro‘za tutganman. Ikki marta. Odamlar buni oldindan sezishgandi va orqamdan u musulmon bo'lardi derdi. O‘zim buni bilmasdim. Islomni qabul qilishga qaror qilgan eng so‘nggi daqiqagacha, bunday bo‘lishi xayolimga ham kelmagandi. Keyin Malkolm Iksning hayot yo‘liga duch keldim. Malkolm Iks menga Islomni qabul qilish uchun katta jasorat bag‘ishladi, chunki bu insonning hikoyasi shunday kuchli va ibratli bir eslatmaki: hayotdagi maqsadingiz xavfsizlik izlash emas, qulaylik izlash emas, balki haqiqatni topishdir.
U butun umri davomida buni shu qadar qo‘rqmasdan amalga oshirdiki, Men uchun u jasorat timsoliga, hozirgi zamonamizdagi haqiqiy mardlik namunasiga aylandi. Filmni ko‘rib bo‘lishim bilanoq, Usamaga qo‘ng‘iroq qilib: «Usama, men endi musulmonman» dedim. Usama esa: «Allohu Akbar, takbir!» deb baqirdi. U shunchalik hayajonda ediki, qichqirardi, va menga go‘yo allaqachon musulmon bo‘lgandek gapira boshladi. U: «Mashaalloh» derdi. Ilgari uning bunday deganini eshitmagandim, chunki u men bilan ehtiyot bo'lib gaplashardi. Keyin u: «Shahodat keltirdingmi? Bu ajoyib-ku! Ko‘proq aytib ber», dedi. Men esa: «Nima qildimmi? Shahodat?» dedim. Men buni yeyiladigan biror taom, masalan, shaurma deb o‘ylabman.
Men: «U nima? Men hozirgina musulmon bo‘ldim, nima haqida gapiryapsan o‘zi?» dedim. U: «Sen shahodat keltirishing kerak», dedi. «U nima o‘zi?» U: «Bu — iymon keltirib, guvohlik berish degani», deb tushuntirdi. Shunday qilib, men telefon orqali u bilan birga shahodat keltirdim. Keyin Usama: «Seni masjidga olib boraman», dedi. Men u bilan birga masjidda — Aysikyu, Kvebek Islom Markazida edim, shahodat keltirarkanman, atrofimda bangladeshliklar, pokistonliklar, hindlar, arablarni ko‘rdim, va bu men uchun katta madaniy shok bo‘ldi. O‘zimcha: «Eduardo, o‘zingni qayerga urganingni rostdan ham bilasanmi? Bu sening doirangdagi odamlarga o‘xshamaydi-ku.
Katta soqolli, sallali odamlar, boshlarida kufiya, egillarida savb bor». O‘zimni begona davraga tushib qolgandek his qildim. Vaziyatni yanada hayajonli qilgani shuki, shahodatimdan so‘ng bu erkaklarning barchasi kelib, meni quchoqlab, o‘pa boshladi, men esa bundan sarosimaga tushib qolgandim, chunki ilgari hecham erkak kishini quchoqlamaganman. Hatto otamni ham zo‘rg‘a quchoqlardim. Endi esa bu yirik, soqolli odamlar kelib, meni bag‘riga bosyapti va peshonamdan o‘pmoqda. Men uchun bu mardligimga qilingan hujumdek tuyuldi.
Ammo birodarlarning shunchalik samimiy, ko‘zlarida yosh bilan baxtiyor ekanini ko‘rib, o‘sha lahzada aqlu idrokimdan yuksak qandaydir o‘zgacha bir hodisa ro‘y berayotganini his qildim. Shahodat keltirganimda, bir birodar yonimga kelib, ko‘zlarimga tik qarab shunday dedi: «Birodarim, senga muhim bir nasihat bermoqchiman, va uni hech qachon unutmaslikka menga so‘z ber: Islomga qara, musulmonlarga qarab baho berma». Sababini bilmayman-u, lekin u muhim haqiqatni aytayotganini sezdim, bu nasihatni qulog‘imga quydim, u ko‘p bor iymonimni asrab qoldi.
Shaxsiy holatimda esa, eng ta’sirli lahza shuki, qilgan duoyim to‘liq ijobat bo‘lib, o‘z isbotini topgani bo‘ldi, men Xudodan uchta narsani so‘ragan edim: menga haqiqatni yetkazuvchi bir musofirni yubor, toki haqiqat ustidagi ushbu qavmga mansub bo‘lay, va umrimning oxirigacha o‘sha qavmdan menga bir hamroh nasib etsin. Usama o‘sha xabar bilan kelgan musofir bo‘ldi, to‘g‘rimi? U Islom xabari orqali meni o‘sha qavm bilan bog‘ladi, va oxir-oqibat marokashlik qizga uylandim. Bunday narsani to‘qib bo‘lmaydi. Islomiy hayotga o‘tish qanchalik qiyin kechdi: haromlardan saqlanish, kuniga besh mahal namoz va hokazolar? Aslida, Islomni qabul qilganimda, birdaniga taqvodor bo‘lib qolganim yo‘q.
Keyingi hafta sohilda edim, samolyotga chiqishdan oldin chop ettirib olgan namoz varaqlarim bor edi, sohilda turib namoz o‘qishni o‘rganayotgan edim, ustimda kiyim yo‘q, kalta shim, sirg‘a va kepkada. Tushunyapsizmi? Juda qiynalayotgandim, ammo qo‘limdan kelganicha harakat qilardim. Musulmon bo‘lish, men kabi yashaydigan inson uchun qayta yashashni o‘rganishdek gap edi. O‘naqay bo‘lsangiz, chap qo‘lda yozishni o‘rganishga o‘xshaydi yoki aksincha; bu odatlarimga zid keladi. Ammo menga eng katta yordam bergan narsa — muhitimni o‘zgartirganim, O‘qiyotgan universitetimdagi Musulmon Talabalar Uyushmasiga a’zo bo‘lganim, menga ustozlik qila oladigan insonlar bilan o‘ralganim bo‘ldi.
Bu oson kechmadi, chunki musulmonlar bilan tez chiqishib ketolmadim, Bu 11-sentabr voqealaridan keyingi davr edi, ko‘plab musulmonlar o‘z e’tiqodlari haqida gapirganda... O‘zlarini oqlashga majburdek his qilishardi, men uchun ular bilan mustahkam aloqa o‘rnatish qiyin edi. Islomga nisbatan hech qachon shubham bo‘lmagan. Men hamisha unga qat’iy ishonganman. Biroq bir musulmon sifatida bu yo‘lni davom ettirishga kuchim yetadimi-yo‘qmi, bunda jiddiy ikkilanardim, chunki atrof-muhit nuqtai nazaridan — men harom oqimiga qarshi suzayotgan edim. Keyin angladimki, bu oqimga qarshi suzib bo‘lmaydi, yo‘nalishni o‘zgartirish kerak. Men shunday qildim, alhamdulillah.
Islomni qabul qilgach atrofingizdagilardan ham kimdir musulmon bo‘ldimi? Oilangizdan kimdir keyinchalik Islomga kirdimi? Yangi musulmon bo‘lgan lotin amerikalik do‘stim bor edi, u bilan birga vaqt o‘tkazayotganimdan xursand edim. Bir kuni u uyining yerto‘lasida tug‘ilgan kunini nishonladi, maktabdoshim va uning eng yaqin do‘sti ham bor edi, U yerda unchalik halol bo‘lmagan muhitda edik. Nomaqbul ishlar sodir bo‘layotgandi. Keyin u Fotiha surasini o‘qib bo‘lgach, o‘zining kvebeklik eng yaqin do‘stiga — ikkalamizning umumiy do‘stimizga, bir do‘st o‘z qadrdoniga bera oladigan eng yaxshi sovg‘ani bermoqchiligini e’lon qildi. Uzoqdan qarab: «Ishqilib Qur’on bo‘lmasin-da», deb o‘ylayapman.
Chunki agar unga Qur’on bersa, u ichidagi varaqlardan nasha o‘rashda foydalanadi, men bu yigitni umrimda hushyor holda ko‘rmaganman. U kayfda yoki mast bo‘lardi. O'zimcha shunday o'ylardim. Kvebeklik do‘stimiz sovg‘ani oldi, mastligi tufayli yo‘lda hatto qoqilib ketishiga oz qoldi. Va: «O, rahmat, juda mehribonsan» dedi. So‘ng uni ochdi va Qur’on ekanini ko‘rdim. Ko‘nglimdan: «Qur’onni shunday noo‘rin ishlatishadimi?» degan fikr o‘tdi. Oradan bir necha oy, balki bir yilcha o‘tgach, kechki ovqatdan so‘ng qaynonamlar uyiga yaqin masjidda edim, xufton namozini endi o‘qib bo‘lgandik, kimdir yelkamga asta urdi. O‘girilib qaradim. Qarasam — perulik do‘stim Qur’on sovg‘a qilgan o‘sha yigit!
U menga: «Assalomu alaykum, ahvollaring qalay?» dedi. Men nima bo‘layotganiga tushunolmay qoldim. Perulik do‘stimdan Qur’on olgan o‘sha yigitning Islomni qabul qilganini anglashim uchun bir necha daqiqa kerak bo‘ldi. U yangi hayoti haqida aytib bergach, unga aytgan birinchi gapim shu bo‘ldi: «Kechirasan, senga ochiq tan olishim kerak. Men seni hukm qilgan edim va bu Qur’ondan nasha o‘rashda foydalanasan deb o‘ylagandim». Darhol undan uzr so‘radim, chunki ko‘rib turibsizki, Alloh kimni hidoyat qilishini hech qachon bilolmaysiz. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)da sizni eng ko‘p nima hayratda qoldirdi? Suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) haqiqiy mardlik va yuksak xulq-atvor timsoli edilar.
U zotning dunyoga ko‘rsatgan ta’sirini chinakamiga tushunib yetishim uchun ancha vaqt kerak bo‘ldi, chunki Islomni o‘rganish yo‘lida sizga doim u zotni yaxshi ko‘rishingiz kerakligini aytishadi. Ammo kimnidir bilishga vaqt kerak. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning bir nechta siyrat kitoblarini o‘qib chiqqach, angladimki, u zot — Hujjatul Islomdir, u zot Islomning eng oliy isbotidirlar. U zot o‘z-o‘zidan bir mo‘jizadirlar, chunki xulqlarining benuqsonligi, halolliklari va kamtarliklari bunga dalildir... Alloh taolo u zotni necha bor to‘g‘rilab qo‘ygan? Bu hech qachon nafsoniyatga tegmadi. U zot darhol itoat etdilar: «Modomiki Mendan rozi ekansan, menga shuning o‘zi kifoya.
Meni mag‘firat et». Tasavvur qiling, u zot alayhissalom shu xonaga kirib keldilar. U zotga aytadigan ilk so‘zlaringiz nima bo‘lardi? Gapira olmasam kerak deb o‘ylayman. U zotga hatto qaray olarmidim-yo‘qmi, bilmayman. Ehtimol, oyoqlarini o‘pishni istardim. Hm... shunday. Alloh bizga u zot bilan Jannatda uchrashishni nasib etsin, inshaalloh. Omin. Agar dunyodagi barcha g‘ayridinlarga gapirish imkoningiz bo‘lganida, ayniqsa braziliyaliklar va kanadaliklarga, nimalarni aytgan bo‘lardingiz? «Islomga bir imkon bering». Rostini aytganda, islomofobiya sun’iy ravishda yaratilgan. Bu tasodifiy dunyoviy hodisa emas.
Bu soha ortida kechayu kunduz mehnat qilib, odamlar musulmonlar kimligi va nimani targ‘ib qilishini noto‘g‘ri tushunishi uchun urinayotgan kimsalar bor. O‘zini mantiqli va aqlli deb faxrlanadigan jamiyat sifatida, so‘zimizda turishimiz va arzon targ‘ibot bilan ongimizni zaharlashlariga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Islomni qabul qildingiz lekin nimadan boshlashni bilmayapsizmi? Yoki musulmon bo‘lgansiz-u, endi barini boshidan boshlab Islomni o‘rganmoqchimisiz? Biz siz uchun Step Islam ilovasini yaratdik. Bu Islomni tushunarli va tizimli tarzda o‘rgatuvchi, mutlaqo bepul hamda reklamasiz ilova.
Ilovada iymonning asosiy poydevorlarini, Qur’ondagi muhim atamalarni osonlikcha o‘rganib, odatlarni shakllantiruvchi amaliy topshiriqlarni bajarasiz. Shayton buni kechiktirishiga yo‘l qo‘ymang. Quyidagi havola orqali “Step Islam” ilovasini yuklab, abadiy saodat sari ilk qadamlaringizni bugunoq qo‘ying.