Towards Eternity
Blogga qaytish

Hamza va Umar Islomni qabul qiladilar! — Sun’iy intellekt talqinida — Ey Elchi | 3-qism

Nashr sanasi

YouTube’da ko‘rish

"Ey Allohim, mana bu ikki kishining mahbubrog'i bilan Islomga quvvat ber: Abu Jahl yoki Umar ibn Xattob." Rasululloh alayhissalotu vassalom shunday duo qildilar. Payg'ambarlikning beshinchi yili edi. Shuncha harakatlariga qaramay, mo'minlarning soni hali ham oz, 140 kishi atrofida edi. Ruhiy tomonlama butun Makka xalqidan buyukroq bo'lsalar ham, son jihatdan juda oz edilar. Tarix davomida odamlar boshqalardan, ayniqsa oliy tabaqa vakillaridan ta'sirlangan. Makkada ham biror ta'siri keng insonning Islomga kirishi zarur bo'ldi. Ushbu videolar ishonchli Islom manbalaridan olingan yuzlab ma'lumotlarga asoslandi.

Barcha sun'iy intellekt vizual materiallari malakali Islom olimlari bilan hamrohlikda tayyorlandi va Islom ko'rsatmalariga muvofiqlashtirildi. Abu Jahlning asl ismi Amr ibn Hishom. Ajralib turuvchi sifatlari, donishmandligi va boyligi edi. Hikmat egasi bo'lganligi sabab uni Abul Hakam deyishardi. Ammo koinotning buyuk haqiqatiga mutlaqo so'qirligi va musulmonlarga nisbatan doimiy, shafqatsiz zulmi uni Allohning nazarida Abu Jahlga... "Johiliyat otasi"ga aylantirdi. Umar ibn Xattob esa o'zining hikmati, samimiyligi, jasorati va adolati bilan ajralib turardi. Islomning ilk kunlaridan boshlab, u Musulmonlarga eng qattiq aziyat berganlardan edi.

Rahm-shafqat ko'rsatmay dindan qaytishlari uchun musulmonlarni o'ta qattiq azoblar edi. O'shanda shu darajada qahri qattiq ediki, ayol sahobalardan biri Lubaynani Islomni qabul qilgani uchun urardi. Kaltaklashdan charchab ketib, to'xtab qolganida shunday derdi: "Rahmi kelyapti deb o'ylama. Charchab ketganim uchun to'xtadim. O'zimga kelib olay yana azoblashda davom etaman, iymoningdan kechmaguningcha tinmayman." Islomga bo'lgan zulmda Abu Jahl va Umar ibn Xattob bir xil pog'onada turishardi. Ammo, Rasululloh xatto ana shu ikki kishining iymonidan ham umid qilar edilar. Xattoki bir kuni u zot ularning hidoyati uchun duo qildilar.

Zolimliklariga qaramay mana shu duoni o'qidilar: "Ey Allohim, mana bu ikki kishining mahbubrog'i bilan Islomga quvvat ber: Abu Jahl yoki Umar ibn Xattob." Musulmonlarga nisbatan zulm qattiqlashganidan so'ng bir kun Rasululloh mo'minlarni to'plab shunday dedilar: "Boring, yer bo'ylab tarqaling, Alloh sizlarni yana birlashtirur." Qayoqqa borishadi? "Ey Allohning habibi, qayoqqa boraylik?" Rasululloh qo'llari bilan ko'rsatib "Uyoqqa" dedilar. U zot dengiz ortidagi mamlakatga ishora qilardilar. "Habashiston podishosi qo'li ostida hech kim zulm ko'rmaydi. U adolat yurti.

Umid qilamanki, Alloh sizga u yerda yengillik ato etadi." Shunday qilib Islomdagi birinchi hijrat hozirgi nomi Efiopia bo'lgan Habashitsonga bo'ldi. Rajab oyida 15 ta sahoba Shuayba bandargohidan ana shu umid maskaniga yo'lga chiqishdi. O'zingizni ularning o'rniga qo'yib ko'ring. Mana shunday safarga chiqish mushkul emasmi axir? Borar joyingizni nima kutyapti, bilmaysiz. Yaqinlaringiz, uyingiz va vataningiz ortda qoldirib ketasiz, olib ketadiganlaringiz ham ko'p emas. Shuning o'zi qayg'uli emasmi? Ammo sahobalar shunday edilarki, ularga Allohning dinidan boshqasi muhim bo'lmagan. Oxirat hayoti dunyodan ustun edi.

Shuningdek Habashistondagi haqiqatga muxtoj kishilar ham iymonga kelishi mumkin. Oylar o'tib boshqa sahobalar yo'lga chiqishdi. Bu safar ularga Jafar ibn Abu Tolib boshliq bo'ldi. 101 kishi ichida 18 tasi ayollar edi. Ortda qolganlarning ahvoli ham yaxshi emas edi. Balki eng yomon ahvolda edilar. Ularni kun bo'yi tinmay azoblashardi. Rasululloh-chi? U zot ham ketganlar orasidamidi? Yo'q. U doimo xavf va keskinlik eng yuqori bo‘lgan nuqtada, aynan birinchi safda edilar. Uning boshiga nimaiki tushmasin, u barcha zaruriy choralarni ko‘rgan holda, kerakli qurbonliklarni bera olar edi. Son sanoqsiz suiqasdlarga qaramay maqsadlaridan voz kechmadilar.

Keyinroq u zot Madinaga oxirgi bo'lib hijrat qildilar. Madinada ham qayerda tushunmovchilik kelib chiqsa u zot otlariga minib birinchilardan bo'lib yetib borardilar. Badr kunida ham dushmanga eng yaqin turdilar. Uhud kunida, vaziyat eng og'ir bo'lganda ham sahobalarni u zot birlashtirdilar. Aytishadi-ku jasorat iymondan deb. U zot eng yaxshi namuna bo'ldilar. Quraysh rahbarlari ushbu hijratga qanday munosabatda bo'lishdi? Birinchi guruhga e'tibor berishmagandi. "Jiyaninga ergashganlarning bir qanchasi Habashistonga ketyapti deb eshitdim." "Jiyaning dema. Ketmoqchi bo'lishsa ketaverishsin. Shundoq ham qanday qutilishni bilmay yurgandik." Indamay qo'yaverishdi.

Ammo borgan sari ko'pchilik Habashistonga ketganini ko'rgach tahlikaga tushishdi. "Habashiston ham musulmonlarga to'lsa-chi? Mabodo u yerda ham Islomni tarqatishsa-chi?" "Shu bilan to'xtatib bo'lmas kuchga ega bo'lishsa-chi?" Buni kech anglab yetishdi. Anglab yetganda esa katta qo'rquvga duch kelishdi. Darhol Dorun Nadvada (Majlis uyi) yig'ilishdi. Endi nima qilishni o'ylash kerak. Dorun Nadva Dorul Arqamning teskarisi. Biri nur tarqatsa, ikkinchisi zulmat tarqatardi. Aynan shu joyda Islomga qarshi rejalar tuzishardi. Ana shu kuni Quraysh rahbarlari to'planishdi. Nima qilib bo'lsa ham musulmonlarni orqaga qaytarish kerak edi.

Bu ishni yo musulmonlarni Habashistonliklarga yo isyonkor to'da sifatida, yoki Islomni yomon narsa sifatida ko'rsatib qilish mumkin edi. Bugungi kun tili bilan aytganda, ular manipulyatsiya va hatto tuhmatga murojaat qilishga majbur bo‘lishdi. Faqat shu yo'l bilangina bu ishga barham berish mumkin. O'z yurtidan haydalgan sahobalarni borgan joyida ham qo'nim topishini istamasdilar. Nihoyat Dorun Nadva bir qarorga keldi. Arablarning eng donosi, Amr ibn Os, Habashistonga yuborildi. O'zining tengi yo'q ayyorona hunarlari bilan Najoshiydan musulmonlarni qaytarib olishi kerak edi. Amr Najoshiyni yaxshi bilgan. Habashiston ham unga tanish bo'lib, kimga borishni va nima deyishni juda yaxshi bilardi.

Podshoni xursand qiluvchi sovg'alar olib, bir do'sti bilan yo'lga otlandi. Dastlab, sovg'alar berish va yoqimli suhbatlar orqali saroy amaldorlarini yo'ldan ozdirmoqchi edilar. Ular podsho musulmonlarni chaqirib o'zlaridan nima bo'lganini eshitishidan qo'rqishardi. Ular "Agar amaldorlar Amrni qo'llasa, unda podshoning musulmonlarni eshitishiga hojat qolmaydi, ish oson hal bo'ladi" deb o'ylashdi. Amr birma bir kerakli odamlarni topib tashviqotini boshladi. Nihoyat o'zi istagan maqsadga erishgach podshoning qarshisiga bordi. Najoshiyga hurmat keltirib salomlashgach Amr gap boshladi. "Ey qirol, bir vaqtlar oramizda yashab, oramizni buzib ketgan odamlar haqida ogohlantirish uchun keldik.

Endi sizning diningizni, yurtingizni va odamlaringizni aynitish uchun kelishdi." Ular bizning johil yoshlarimiz. Bizning dinimizni tark etishdi, siznikini ham qabul qilishmadi. Siz-u bizga notanish bo'lgan yangi bir dinga e'tiqod qila boshlashdi." Podshoning dini nasroniylik edi, buni bilgan Amr davom etdi: "Ular Iso ibn Maryamni Xudo deyishmaydi. Huzuringizga kelishgach sizga ta'zim ham qilishmaydi. Ularni bizga topshirsangiz, o'zimiz ularga munosib jazo berib qo'yardik." Amaldorlar Amrni qo'llay boshlashdi. Ammo podsho hikmatli kishi bo'lib ularning so'zini qabul qilmadi. Musulmonlarni huzuriga chaqirdi. Masalani ularning o'zlaridan ham eshitmoqchi bo'ldi. Endi nima bo'ladi?

Bir tomondan o'tkir aqli va notiqligi bilan Amr ibn Os, ikkinchi tomonda esa jasorati va rostgo'yligi bilan Ja'far ibn Abu Tolib turardi. Ikki mohir notiq yuzlashish arafasida edi. Siyrat tarixidagi eng qizg'in bahs boshlanish arafasida edi. Javob berishdan avval Ja'far bir shart qo'ydi: Qurayshlik elchilardan faqat bittasi gapirishi kerak edi. Amr rozi bo'lib oldinga chiqdi. So'ng Ja'far uchta savol berdi. "Biz qochib ketib ushlab kelinadigan qullarmidik?" "Yoki birortasining qonini nohaq to'kdig-u, haqdorning oila a'zolariga qaytarilishimiz kerakmidi?" "Yoki odamlardan zulm bilan molini tortib oldig-u endi uni qaytarishimiz kerakmidi?" Uchala savolga ham javob "yo'q" bo'ldi.

Ulardan bu din haqida so'raldi. Ja'far so'zida davom etdi. Ey Podsho, biz johiliyat kishilari edik. Butlarga sig'inib o'laksalarni yer edik. Har turlik buzuqchiliklarni qilardik. Oilaviy rishtalarni uzib yaqinlarimizning haqqini poymol qilardik. Qo'shnilarimizni mensimadik, ularning haqlarini ado qilmasdik. Kuchlilarimiz zaiflarga zulm qilardi. Mana shu holatda Alloh bizga o'z ichimizdan payg'ambar yubordi. Uning oliy nasabi, halolligi, ishonchliligi, kamtarligi va pokligi barchamizga ma'lum. U bizni Alloh yagonaligiga ishonishga, faqat Unga ibodat qilishga, biz va ota-bobolarimiz Allohni qo'yib, sig'ingan tosh, yog'och va oltin-kumushdan yasalgan butlarni tark etishga chaqirdi.

U bizni haqiqatni so'zlashga, omonatga xiyonat qilmaslikka, yaqinlarimizni qadrlashga, qo'shniga yaxshi muomila qilishga, gunoh va qon to'kishdan saqlanishga o'rgatdi. U bizni odobsizlikdan, yolg'onchilikdan, yetimni haqqini yeyishdan, iffatli ayollarga tuhmat qilishdan qaytardi. Unga ishondik, keltirgan narsasini qabul qildik. Biz u Allohdan keltirgan va bizga yetkazgan narsalarga amal qildik. Shu sabab o'z qavmimiz bizlarga qattiq aziyat berdi. Dinimizdan qaytarish uchun har turli ishlarni qilishdi. Allohga emas butlarga sig'inishga majbur qilishdi. Shular sababli yurtimizni tashlab sizdan panoh izlab keldik.

Biz sizning yurtingizni tanladik, bu yerda bizga zulm va adolatsizlik bo'lmaydi deb umid qilamiz" Ja'farning so'zlari Siyratda o'sha paytgacha bo'lgan butun voqeaning kuchli xulosasini berdi. Soatlab tushuntirish mumkin bo'lgan narsani bir necha daqiqada bayon qildi. Najoshiy bu so'zlarni eshitib hayratga to'ldi. Qalbi qattiq ta'sirlanib ushbu din haqida bilmoqchi bo'ldi. O'zi nasroniy bo'lgani uchun Injilda oxirgi payg'ambarning belgilari keltirilganini bilardi. Ja'far gapirib bergan payg'ambar ana shu belgilarga to'g'ri keldi. Najoshiy: «Payg‘ambaringiz Allohdan olib kelgan va sizga yetkazgan vahiydan biror narsangiz bormi?» deb so‘radi.

"Ha bor." "Bo'lmasa o'qib ber." O'tmish va kelajakni biluvchi Alloh, Habashistonga hijratdan oldin Maryam surasini nozil qilgan edi. Podsho narsoniy bo'lgani uchun bu sura eng maqbuli edi. Buni tushungan Ja'far suradagi ilk 35 oyatni o'qib berdi. Podshoh va ruhoniylar Allohning ularga qaratilgan so'zlarini eshitishga intilib, diqqat bilan tinglashdi. Oyatlarda Zakariyo va Yahyo payg'ambar haqida aytilgan. Ular Maryam Isoni alayhissalomni qanday ko'tarib yurgani, u otasiz qanday tug'ilgani, beshikda turib gapirgani, va Alloh uni payg'ambar qilib yuborgani haqida edi. Har bir so'zdan ta'sirlanishdi. Podsho ko'zlaridan oqqan yosh soqollarini ho'l qildi. Ruhoniylar ham yig'lashdi.

Bu so'zlar ularning qalblari anchadan beri kutgan so'zlar edi. Qanday qilib bu so'zlarsiz yashadilar? Quraysh elchilari bu manzarani kuzatib jim qolib ketishdi. Podshoning musulmonlar haqidagi fikri o'zgardi. Ularga bo'lgan hurmati va hayrati keskin oshdi. "Shubhasiz bu so'zlar va Isoning so'zlari, ikkisi bir joydan kelgan." Amr va hamrohlariga qarab dedi: "Ikkingiz ham darhol keting. Qasamki, ularni sizga topshirib qo'ymayman. Ularga hech kim qo'lini ham tekkizmaydi" Amr ibn Os yengilganini his qildi. Barcha qilgan ishlari omadsizlik bilan tugadi. Podsho saroyini tark etarkan jahl o'tida yonardi. Mag'lubiyatni qabul qilolmadi. Shunday dedi: "Bu hali oxiri emas.

Boshqa yo'li bo'lishi kerak" Endi qattiq e'tibor bilan yangi reja tuzdi. Ertasi kuni butunlay boshqacha reja tuzdi, samarasi bugungidek bo'lmasligiga amin edi. "Allohga qasam, ertaga yana Podshoning oldiga borib shunday so'zlarni aytamanki, musulmonlarning holiga maymunlar yig'laydi." Bu payti Makkada ajoyib ishlar bo'lib o'tdi. Quraysh ba'zi rahbarlari Islomni qabul qilganini ko'rib qattiq titradi. Endi azoblanish butparastlarga qoldi. Alloh, habibining duosiga chiroyli javob berdi. Habashistonga hijrat mobaynida Umar ayol sahobalardan Layloning oldidan chiqib qoldi. "Xo'sh, ketyapsizmi?" Savolining javobi uni o'ylantirib qo'ydi. "Ha. Biz Allohning boshqa yurtiga ketyapmiz.

Bizni juda ham qattiq qiynab yubordingiz. Alloh bizga chiqish yo'lini bermaguncha, u yerdan qaytmaymiz." Umar jim bo'lib qoldi. Go'yo musulmonlarga nisbatan qilgan ishlariga tashvish qilayotgandek edi. "Safaringizda Alloh sizlarga yor bo'lsin." Keyinchalik Laylo bu haqida shunday derdi: "Men unda ilgari ko'rmagan yumshoqlik va rahm-shafqatni ko'rdim. Xuddi ketishimizdan mahzun bo'lgandek edi" Biroz o'tib eri Amr qaytgach bo'lgan ishni aytib berdi. - "Umar musulmon bo'ladi deb umid qilasizmi?" - "Ha, shundan umidvorman" Amr kinoyali javob qildi. "Unutmang.

Xattobni eshagi musulmon bo'lishi mumkindir, ammo Umar hech qachon musulmon bo'lmaydi" Umarning qattiqqo'lligi odamlarga mana shu fikrni bergan edi. Shunday bo'lsa ham u Abu Jahldan o'zib ketdi. Alloh uchun bir qalbni o'zgartirib qo'yish hech muammo emas. Hadisi Qudsiyda aytganidek, "Bandam men tomon yurib kelsa men yugurib boraman." Ana shu qadam zoya bo'lmadi. Ikkisida bir o'xshash narsa bor. Turli paytlarda xufyona tarzda Rasululloh uyi oldiga kelib Qur'onga quloq tutib turishardi. Abu Jahl odamlarni "Qaranglar, u Qur'onni tinglayapti" deyishini istamasdi. Ammo ich-ichidan qiziqardi. Uni eshitishni istardi.

Bir kuni tunda hech kimga bildirmay Rasululloh alayhissalotu vassalom uylariga yaqin keldi. Bir burchakka berkinib Rasulullohning namozda Qur'on o'qishini eshitdi. O'zini yo'qotib, hayollarga berilib ketdi. Shu darajada ta'sirlandiki, endi ketmoqchi bo'lib qarasa quyosh chiqib bo'lgan ekan. Shuncha soatdan beri tinglaganini bilmay qoldi. Uyiga qaytarkan yo'lda Qurayshning ikki rahbari Abu Sufyon va Axnas ibn Sharikga duch keldi. Ma'lum bo'lishicha uchovi ham bir birini bilmagan holda bir xil maqsadda kelishgan ekan. "Endi bu yerga kelmaylik. Agar kimdir ko'rib qolsa, odamlarni qalbida shubha uyg'onishi aniq." Abu Jahl eshitganlaridan qattiq ta'sirlandi.

Payg'ambar alayhissalom na she'riyatga, na adabiyotga qiziqmas edilar. Xattoki o'qishni va yozishni ham bilmasdilar. Qanday qilib undan shu darajada chiroyli so'zlar chiqishi mumkin? Oddiy gapirsalar ham bunday go'zal gapira olmasdilar. Hech nimaga tushunib bo'lmasdi. Abu Jahl shubhalanishni boshladi. O'zini tutib turolmay yana borishni istab qoldi. Bu kecha ham avvalgidisidek bo'ldi. Payg'ambar alayhissalomning Qur'on o'qishini soatlab eshitib turdi. Tong yorishganda yashirin joyidan chiqdi, uyiga qaytar ekan yana o'sha kishilarga yo'liqdi. Ular ham o'sha maqsadda kelishgan edi. O'tkan safardagi kabi bir birlarini ogohlantirib uylariga tarqashdi.

Ammo Abu Jahlning qiziqqonligi o'sishdan to'xtamadi. Keyingi kecha ham chidab turolmay yana o'sha yerga bordi. Yana bir bor, tilovat tugagach, ana shu ikki kishiga ro'baro bo'ldi. Ular ham Abu Jahl bilan bir xil narsani boshdan kechirishardi. Shu sabab bir xil ishni qilishardi. Kelajakda esa o'sha ikki kishi musulmon bo'lishadi. Odamlarning qalbi Islomga moyil bo'lishidan qo'rqib bu ishni qaytib qilmaslikka qasamlar ichishdi. Ana shu uch kecha ichida Abu Jahl Allohdan kelgan buyuk xabarning ma'nosiga guvoh bo'ldi. Bulardan ham muhimi, u yolg'onchi deb atagan kishi tuni bilan ibodat qilib chiqishiga guvoh bo'lganida edi. Agar uning yo'li yolg'on bo'lsa nega bunday qilsin?

Unga bundan nima foyda? Shunday bo'lsa-da, u o'zining mag'rurligi, nafrati va hasadidan voz kechmadi. Unga faqat odamlarni shubhasiz butlarga sig'inishini ta'minlash qiziq edi xolos. Bu bilan qo'liga kelgan iymon mukofotini shunchaki uloqtirib yubordi. Umar bilan nima bo'ldi? Abu Jahldan farqli o'laroq unda bunday niyat yo'q edi. Bir kuni tunda Payg'ambar alayhissalom Ka'ba yonida namoz o'qiyotganlarida yoniga keldi. Bildirmay yaqinlashdida o'ziga shunday dedi: "Allohga qasam, nima bo'lsa ham, bugun shu yerda qolib Muhammadning o'qiganlarini jim eshitib turaman." Rasululloh Haqqo surasini o'qiyotgan edilar.

Umar quloq solib turar ekan, so'zlarning jilosi va ularning o'ziga xos ma'nolaridan ta'sirlandi. Ammo osonlikcha ishonmasdi. Qur'onni eshitib turar ekan ichida shunday dedi: "Balki bu odam xuddi Quraysh aytkandek shoirdir" Ana shu ondayoq payg'ambar alayhissalom 41-oyatga keldilar. Wa maa huwa biqawli shaa’ir; qaleelan maa tu’minoon. "Va u shoirning so'zi emas. Sizlar juda oz ishonursizlar." Umar qotib qoldi. So'ng shunday dedi: "Hayolimdagi gapni o'qidi. Balki u folbindir." So'ngra keyingi oyatga keldilar. Wa laa biqawli kaahin; qaleelan maa tazakkaroon "Va folbinning ham so'zi emas. Sizlar juda oz eslarsizlar." Umar butunlay shokka tushib qoldi. Nima bo'layotganini tushunmasdi.

Sura davom etdi. Tanzeelum mir rabbil ‘aalameen. "Olamlar Robbisidan tushurilgandir." U sura tugaguncha eshitib turdi. Bu hodisa uni hayratga soldi. Shunday qilib qalbiga iymon urug'i ekildi. Ammo uni nima o'stiradi? Butun Makkani larzaga keltirgan xushxabar, buyuk ism sohibining iymonga kelishi. U Allohning habibining amakisi Hamza edi. Ammo bundan avval Habashistonga qaytib, qolgan joyimizdan davom ettirsak. Ja'far ibn Abu Tolib, Amr ibn Os, va Najoshiy As'hama. Ikkinchi kuni uchchovlari o'rtasida yana bir suhbat bo'lib o'tdi. Bu safar Amrning rejasi boshqacha edi. Podshoning nasroniyligini va Islomda nasroniylik haqida nima deyilganini bilgan Amr ana shu tomondan yondashdi.

Huzuriga kirib shunday dedi. "Ey Podshoh, Iso ibn Maryam haqida juda yomon so'zlar aytishmoqda. Istasangiz chaqirtirib o'zlaridan hammasini so'rab oling." Ammo kechagi ishdan so'ng podsho aldanib qolmaslik uchun ehtiyotkor bo'lib qolgandi. Hech kim uni aldashiga yo'l qo'ymasdi. Shunday qilib Ja'far va boshqa sahobalar yana chaqirildi. Ammo Amrni podsho huzuriga kelib mana shu masalani ko'tarishga nima majbur qildi? Musulmonlarning iymoni podshoni jahlini chiqararmidi? Ular Isoni adashgan kishi sifatida tanisharmidi? Albatta yo'q. U Allohdan kitob berilgan payg'ambar edi. Aslida u yuz minglagan payg'ambarlar ichida Ulul-Azm bo'lgan beshta payg'ambarning biri hisoblangan.

Yoki musulmonlar uning onasi Maryamga xuddi yahudiylar kabi tuhmat qilisharmidi? Alloh saqlasin, hattoki Isoni zino bilan tug'ilgan deb da'vo qilisharmidi? Hech qachon. Maryam pok va iffatli bo'lib, Alloh tomonidan tanlangan banda edi. Iso esa mo'jiza bilan otasiz dunyoga kelgan edi. Unda gap nimada? Islom hammasini oydinlashtirdi. La ilaha illalloh, Allohdan o'zga iloh yo'qdir. O'zingizni o'sha yerda tasavvur qilng. Podshoning huzurida turib ular ilohiylashtirgan kishi, ya'ni Iso aslida Xudo emasligini aytish albatta qiyin. Bunday so'zlarning natijasi xatto havfli bo'lishi ham mumkin. Sahobalar majlisga borishdan avval nima haqida kelishib olishdi? "Allohga qasam.

Biz u haqida faqat Allohdan kelgan va payg'ambarimiz o'rgatgan narsani aytamiz. Oqibati qanday bo'lishidan qat'iy nazar. Nihoyat Ja'far o'rtaga chiqib Iso haqida Islomda qanday keltirilgan bo'lsa hammasini bayon qildi. Podsho nima dedi? Amr umid bilan turardi. Bu safar rejasi ish berishi mumkin edi. Podsho yerdan bir cho'pni oldida shunday dedi: "Qasam ichaman, Iso ibn Maryam aynan sen aytkandek. Bu yerda hech qanday farq yo'q. Xatto mana bu cho'pchalik ham." Yana bir bor Amrning rejasi puchga chiqdi. "Ovozingizni chiqarmang, u bizga qarayapti." Amaldorlarning ba'zilar ichlarida pichirlay boshlashdi. Eshitgan gaplari ularga yoqmadi.

Ammo podsho ularga qarab "Allohga qasam, qabul qilsangiz ham qilmasangiz ham haq gap shudir!" dedi. So'ng sahobalarga qarab dedi: "Boringlar. Yurtimda butunlay himoyam ostida bo'lasiz. Xatto menga bir tog' oltin berishsa ham, birortangizga ziyon yetishiga yo'l qo'ymayman. Amr bunday omadsizlikdan keyin qanday qilib Makkaga qaytishni o'ylardi. Endi esa podshoning g'azabiga duchor bo'ldi. Najoshiy buyruq berdi: "Bu ikkisiga keltirgan sovg'a salomlarini qaytaring. Ularga muxtojligim yo'q.

Qasamki, Xudo meni mana shu lavozimga tayinlaganida mendan pora olmadi, xo'sh endi men nega bu masalada kimdandir pora olmog'im kerak ekan?" Najoshiyning ko'pchilik odamlari Islomni qabul qilmagan bo'lsa ham, uning o'zi samimiy musulmon kabi yashadi, va musulmon holida vafot etdi. Yillar o'tgach, Rasululloh alayhissalom sahobalari bilan o'tirganda to'satdan shunday dedilar. "Birodaringiz Najoshiy vafot etdi. O'rningizdan turib haqqiga namoz o'qing." Shunda yuzlab chaqirim masofadan turib Rasululloh janoza namozini o'qib berdilar. Bir necha haftadan so'ng uning o'limining xabari Madinaga kelganida, ular janoza o'qigan kunlarida o'lim topgani ma'lum bo'ldi.

"Najoshiyning davlati boshqa davlat, urf odatlari ham boshqacha. Uzoq joyda yashaydigan kishi uchun Islomga kirish qiyin bo'lmaydimi?" deyishingiz mumkin. Yo'q. Chunki barcha insonlar bir xil fitratda yaratilgan. Yaratuvchi tomonidan yuborilgan din hech qachon "Madaniyatingizni, millatingizni yoki o'zingiznikini o'zgartiring" kabi buyruq bermaydi. Islom barcha insonlar uchun yuborilgani sabab, podsho uni qabul qilishda qiyinchilikka uchramadi. Uning avvalgi ismi As'hama edi. Musulmon bo'lgandan keyin ham As'hamaligicha qoldi. Kiyinish uslubi ham, shaxsiyati ham, urf odati ham o'zgarmadi. Albatta, halol va haromni unutmay yashadi.

Najoshiy musulmon o'lkada tug'ilmaganlar uchun namuna bo'lib qoldi. "Musulmon bo'lishim qiyin, hayotimni butkul o'zgartirishim kerak" deganlar uchun, u ancha avval bu narsaning muammo emasligini isbotlab qo'ydi. Najoshiyning har bir so'zi sahobalarga yanada ko'proq dalda berardi. Allohning diniga qirolning iymon keltirishi ulkan xushxabar edi. Quraysh uchun bu falokat bo'ldi. Buning o'rniga hech kimni jo'natmasalar bo'lar edi. Ular Allohning ham o'z rejasi borligini bilmas edilar. Bu hali boshlanishi edi xolos. Tez orada ikki daxshatli zarbani boshdan kechirishadi. Hamza payg'ambarimiz bilan tengqur edi. Makka aholisi orasida hurmatga sazovor bo'lgan, ulug'vor, jasur, kuchli odam.

Ov qilishni yoqtirgani sabab ba'zida shahardan tashqarida bo'lardi. O'sha kuni ham qo'lida kamon bilan ovdan qaytardi. Safo tepaligidan Ka'ba tomon kelar ekan, bir ayol unga qarab yugurib kelayotganini ko'rdi. "Ey Abul Umaro, Jiyaningiz Muhammadni Abul Hakam ibn Hishom qanday haqorat qilganini ko'rganingizda edi. Shu yerda o'tirganida oldiga kelib haqorat qildi, so'kdi, yoqimsiz so'zlarni aytib hafa qildi. Keyin ketdi. Muhammad unga bir og'iz ham javob qaytarmadi. U payti Hamza musulmon bo'lmagan edi, ammo o'z jiyaniga juda yaqin edi." Eshitgan gaplari ichida olov yoqdi. Shoshilib yo'lga tushdi. Hayolida bir narsani o'ylardi, Abu Jahlni topish va qilgan ishi uchun jazolash.

Faqat shu bilan jahli bosilishi mumkin edi. Ka'baga borgach izlaganini topdi. "Hamza. U nega bunchalar shoshib kelyapti?" Ikkilanib o'tirmay yugurib bordi. Bir og'iz ham so'z aytmay qo'lidagi kamon bilan Abu Jahlning boshiga urib qattiq zarba berdi. Zarbasi shu darajada qattiq bo'ldiki, bir urganda boshini yorib, qon chiqarib, o'zini yerga yotqizib qo'ydi. "Senmi hali jiyanimni haqorat qiladigan?" Bilib qo'y, men ham uning dinidaman. U nima desa men ham shuni aytaman! Shunchalik zo'r bo'lsang unga qilgan yomonliklaringni menga ham qilib ko'rchi!" Butun Makka jim qoldi. Hamza ham musulmon bo'libdimi? Abu Jahl o'zini himoya qilmoqchi bo'ldi. "U bizni ahmoqqa chiqardi.

Butlarimizni haqorat qilib, ota bobolarimiz yo'lidan yuz o'girdi. Hamza uning bir so'ziga ham toqat qila olmadi. Shunday dedi: "Sendan ko'ra ahmoqrog'i bormi?!" O'sha yerda shahodat keltirdi. Ashhadu alla ilaha illalloh va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluh. Abu Jahlning oilasi Banu Mahzum Hamzaga xujum qilish uchun to'planishdi. Abu Jahl ularni to'xtatdi. Qilgan ishiga pushaymon bo'ldi. "Abu Umaroni tinch qo'ying. Jiyanini haddan ortiq ko'p haqorat qilib yubordim." Hammasi juda tez bo'lganidan xatto Hamza ham nima bo'lganini anglolmay qoldi. Charchab, aqli chigal bo'lib uyiga qaytdi. Shayton uchun Hamzaning musulmon bo'lishi katta tahdid edi.

Shunga uning qulog'iga pichirlay boshladi. "Quraysh ichida hurmatli kishi eding. Endi ota bobolaringdan yuz o'girganning dinini qabul qildingmi? Ularning tutgan yo'lidan yuz o'girdingmi? Bu ishni qilganingdan o'lganing afzal emasmidi?" Mana shunday hayollar uni tongacha uxlatmadi. To'g'ri yo'l qaysiligini anglolmay qoldi. Qilgan ishi to'g'rimidi yo noto'g'rimi? Bir qarorga kelolmadi. Bir biriga chalkashib ketgan hayollar ichida chorasiz qoldi. Bu uni charchatdi. Nihoyat aqliga bir yechim keldi. Bu holatda shu ish eng to'g'risi edi. Butunlay samimiylik va ilojsizligini bilib, qo'llarini duoga ko'tardi. "Ey Alloh, agar tanlagan yo'lim to'g'ri bo'lsa qalbimni unga moyil qilgin.

O'zing meni to'g'ri yo'lga boshla." U taslim bo'ldi. Chin qalbi bilan to'g'ri yo'lni faqat Alloh bilishini tan oldi. U hamma narsaning haqiqatini biladigan Zotdan uni to'g'ri yo'lga boshlashini so'radi. Ana shu kecha mulohaza bilan o'tdi. Avval o'zi bilan bu darajada qattiq qiynalmagan edi. Ertasi kuni Rasulullohning oldilariga borib boshlaridan o'tgan ishlarni aytib berdilar. Unga berilgan javob, Rasululloh alayhissalomdan eshitgan so'zlari aynan qalbi tashna bo'lgan so'zlar edi. Hech nima uni bu darajada qondirolmadi. Ana shundan boshlab endi u oddiy Hamza bo'lmadi, balki shu kundan boshlab u Asadulloh, ya'ni Allohning Sheri bo'ldi. Qurayshning ahvolini tasavvur qiling.

Bir tomondan Habashistondagi mag'lubiyat, ikkinchi tomondan Hamzaning Islomni qabul qilishi. Ketma ket zarbaga uchrashardi Muvozanat siljiy boshladi. Yana bir bor Dorun Nadvada yig'ilishdi. "Qarshimizdagi dalilni inkor etib bo'lmaydi." Qiynoq, bosim va ta'qiq davom etdi. Shuncha zulmga qaramay hech nima o'zgarmasdi. Har bir oila va jamiyatning har turli kishisi Musulmonlarga qo'shilmoqda edi. Ularning sonlari tinmay oshib borardi. Quraysh Islomni to'xtatish uchun har narsaga tayyor edi. Ular anchadan beri o'ylab yurgan bir g'oya bor edi, ammo qo'rqqanlari sabab uni amalga oshira olishmasdi. "Boshqa choramiz qolmadi.

Shu ishni qilmasak bo'lmaydi." "Nima demoqchisan?" "Uni o'ldirishimiz kerak demoqchi!" Buning oqibati ayanchli bo'lishi mumkin, chunki Payg'ambar alayhissalomning urug'i, Hoshim, jiddiy urush qilishi mumkin edi. Musulmon bo'lsa bo'lmasa o'z odatlariga qattiq bog'langan edilar. Qon to'kiladimi, uning oxiri oson kechmaydi. Qotillik qiyin emas, ammo unga katta jasorat kerak. Ana shu payti Payg'ambar alayhissalom haqqiga duo qilgan ikki kishi o'rtaga chiqishdi. Ba'zilari odamlarni va'dalar bilan qo'zg'atar edi, ulardan biri Abu Jahl. Lekin bu behuda ketdi. Hech kim oldinga chiqishga jur'at qilolmasdi. Bir kishidan boshqa hech kim.

O'rnidan turib baqirdi "Buni men qilaman!" Hammalari jim bo'lishdi, hammaning ko'zi unga tushdi. Bu ovoz, baland bo'yli, keng yelkali va qo'rqmas kishi, Umr ibn Xattobning ovozi edi. U Qur'onni tinglab, qalbi yumshab qolgan bo'lsa ham, qachonki butparastlar ichiga kirsa qalbi yana qotib qolardi. Bu masala uzoqqa cho'zilib ketganini o'yladi. Hamma uni ma'qulladi. "Ha, bu ishni faqat sen qila olasan." Ammo hech birlari birozdan so'ng nima bo'lishini bilmas edilar. Darhol qilichini oldi. Payg'ambar alayhissalom Safo tepaligida ekanini eshitdi. Shunday qilib u o'sha tomonga qarab ketdi. Qadam tashlashidan uni kim ko'rsa qo'rqib qochardi.

Uning bu yurishini qarindoshi Nuaym ibn Abdulloh to'xtatib qoldi. U ham musulmon edi. "Ey Umar qayoqqa otlanding?" "O'z dinini tark etib Quraysh ichida bo'linishga sabab bo'lgan Muhammadni o'ldirish uchun ketyapman." Jahli bosilishi uchun yo uzoq vaqt yoki boshqa tomonga burib yuborilishi kerak edi. Nuaym ikkinchi yo'lni tanladi. "Ey Umar, esingni yeb qo'yibsan. Abdu Manof o'g'illari bu ishingdan keyin seni sog' qo'yisharmikan? Balki o'ldirishni o'z oilangdan boshlarsan." "Nima demoqchisan?" "Kuyoving Said ibn Zayd hamda uning xotini, sening singling Fotima ham musulmon bo'lishgan. Ular Muhammadning diniga ergashishdi.

Avval ularni ishini hal qil." Umar bu gapga ishongisi kelmay yurishda davom etdi. Ammo shubha urug'i ekib bo'lindi. Yo'l yarmida ortiga qaytdi, jahli ikki barobarga oshib, to'g'ri singlisining uyiga qarab bordi. Ichkarida Habbob ibn Arat Toha surasini o'qib berayotgan edi. To'satdan eshik qattiq taqqilladi. Bu Umar edi. Habbob shu zahoti yashirindi. Fotima esa qo'rqqanidan qo'lidagi sahifalarni berkitdi. - "Nimani o'qiyotgan edingiz?" - "Shunchaki gaplashib o'tirgan edik." Umar jahlidan tushmadi. Kuyovi Said ibn Zaydni oldiga bordida uni do'pposlay boshladi. Shunday derdi: "Eshitgan gapim to'g'ri ekanda!

Muhammadning dinini qabul qilibsizlarda?" Shunda Fotima o'rtaga tushib akasini tinchlantirmoqchi bo'ldi. Umar uni bir zarbada yiqitdi. Bu holat unga ta'sir qildi. Fotima hech nimani yashirmay shunday dedi: "Qo'lingdan kelganini qil, ey Umar! Erim ikkimiz musulmonmiz! Allohga va uning payg'ambariga iymon keltirganmiz!" So'ng shahodatni aytdi. Ashhadu alla ilaha illalloh va ashhadu anna Muhammadan rasululloh Umar qotib qoldi. Ularning dinlari uchun har qanday qiyinchilikka naqadar tayyor ekanliklarini ko'rdi. Singlisidan qon oqayotganini ko'rib o'ziga keldi. O'zini o'zi so'roqqa tutdi. Kimga aylanib qoldim? Nahotki "Robbim Alloh" deb qo'ygani uchun singlimni urgan bo'lsam?

Hafsalasi pir bo'lib o'tirdi. "O'qiyotgan sahifangizni ko'rsating. Muhammadga kelgan narsa nimaligini men ham ko'ray." Singlisi Fotima Umar Qur'onni haqorat qilishidan qo'rqdi. Ammo Umarning holati o'zgargani yaqqol ma'lum edi. Nahotki qalbi Islomga moyil bo'lgan bo'lsa? U mana shu narsani shu darajada xohladiki, uning holatini hali akasi Islomga kirmagan insonlargina tushunishi mumkin. So'ng Umar oyatlarni o'qidi. "Toha. Senga Qur'onni badbaxt bo'lishing uchun nozil qilganimiz yo'q. Magar qo'rqqan kimsalarga eslatma bo'lishi uchun." Tohaning ilk oyatlarini o'qib Umar chuqur o'yga toldi. Yillar davomida qalbida ko'tarib yurgan nafrati erib ketib hayrat va zavqu-shavqqa aylandi.

"Bu so'zlar naqadar go'zal, naqadar oliy va naqadar ulug'vor? Bundan ko'ra go'zal va yoqimli so'zlar bo'lmagay." Qalbiga ekilgan o'sha urug'lar nihoyat gullay boshladi. Endi yagona bir istagi qoldi. Payg'ambar alayhissalomning qarshisida turib shahodat kalimasini keltirish. Buni eshitib Habbob yashiringan joyidan chiqib shunday dedi. "Xushxabar, ey Umar. Rasulullohning duolari senga nasib qildi deb umid qilaman. Kecha tunda u zot: "Ey Alloh, Abu Jahl yoki Umar ibn Xattob bilan dininga quvvat ber" deb duo qildilar." Bir tomonda qotillikka targ'ib qilgan Abu Jahl. Boshqa tomonda esa ana shu ishni bajarish uchun chiqqan Umar.

Ammo, Payg'ambarni o'ldirish uchun chiqqan yo'lidan iymon nuridan bahramand bo'lganlardan bo'lib qaytadi. Shunday qilib Rasulullohning tunda qilgan duolari ertasi tongda ijobat bo'ldi. Nega bunday bo'lmasin? Axir u zot va keltirgan risolat orqali dunyo ma'noga ega bo'ldi. 1400 yildan ortiq vaqt davomida millionlab musulmonlar u zotning o'gitlari orqali abadiy jannat kalitini olishdi. O'z izdoshlariga dunyoda ham, abadiy oxiratda ham qanday qilib yutishni Rasululloh o'rgatdilar. Yer deb nomlangan bu masjidda uning har bir burchagidan millionlab mo'minlarga yo'l ko'rsatdilar.

Vaqt o'tsa ham jaranglab turuvchi ovoz bilan Parvardigoriga duo qildilar va unga yuklatilgan barcha vazifalarni ado qildilar. Allohning shunchalik yaqin bandasi musulmonlarga quvvat bo'lsin deb duo qiladiyu, javobsiz qoladimi? Umar qalbini butkul hidoyatga burdi. Alloh suyukli habibining duosiga mana shunday javob qildi. O'sha paytgacha qalbi qattiq, Islom dushmani, musulmonlarni ta'qib qiluvchi sifatida tanilgan Umar ibn Xattob endi Umar roziallohu anhuga aylanib borayotgan edi. Alloh u kishidan rozi bo'lsin. Payg'ambar alayhissalomnning qayerdaliklarini bilgach darrov Dorul Arqamga yo'l oldi. Sahobalar Umarni eshik oldida qilichi bilan ko'rib qo'rqib ketishdi.

Lekin Hamzaning xotirjamligi vaziyatni o'ngladi. U dedi "Kiritinglar. "Yaxshilik istab kelgan bo'lsa yaxshilik topadi. Ammo yomonlik istab kelgan bo'lsa qilichi bilan o'zini qatl qilaman." Eshik ochildi, Umar asta sekin kirib keldi. Dorun Nadvadan chiqqanda yuzini qoplagan o'sha jahl yo'qolib o'rnini umid egallagan edi. Rasululloh u bilan hovlida ko'rishdi. Uni o'zlariga tortib dedilar: "Ey Xattobning o'g'li! Nimaga kelding?! Alloh ustinga balo yubormagunicha to'xtamaysanmi?" "Men Allohga, uning payg'ambariga va u keltirgan narsaga iymon keltirish uchun keldim." Ashhadu an la ilaha illallah, wa ashhadu anna Muhammadan Rasulullah." Sahobalar qattiq xursand bo'lishdi.

Bu hayotlaridagi eng unutilmas kunlardan biri bo'ldi. "Allohu akbar, Allohu akbar" degan hayqiriq Makka ko'chalarida bong urdi. Hamza va Umarning Islomga kirishi bilan endi Dorul Arqamda berkinishning xojati qolmagan edi. Endi Umar Alloh bergan shijoatini Islom yo'lida sarflaydi. Ana shu ondayoq o'zining ilk taklifini berdi. "Yo Rasululloh, biz tirik bo'lsak ham o'lik bo'lsak ham to'g'ri yo'ldamizmi?" Payg'ambar alayhissalom "Ha. Jonim qo'lida bo'lgan zotga qasamki, tirikmisiz yo o'lik, doim to'g'ri yo'ldasiz" dedilar.

"Unda nega berkinamiz?" Sizni haq din bilan yuborgan zot Allohga qasamki, men hech bir ikkilanish va qo'rquvsiz butparastlarning har bir majlisiga boramanda ularga Islomni targ'ib etaman. O'sha kuni 40ta musulmon Dorul Arqamdan chiqishdi. Oldinda Rasululloh, o'ngda Umar, chapda esa Hamza ketishardi. "Allohu akbar, Allohu akbar" deya baqirib qadam bosib borishardi. Bu Islom tarixidagi eng unutib bo'lmas onlardan biri bo'lib yozilib qoldi. Ana shu kuni Qurayshga qattiq ogohlantirish berildi. Ular hech nima qo'llaridan kelmay faqat kuzatib turishardi. O'sha 40 ta mo'min kelajak asrlarga musulmonlar birlashganda qanchalik kuchli bo'lishlari mumkinligini ko'rsatib berishdi.

Ammo Umarning ishtiyoqi bosilmadi. U hammaga iymonini oshkor qilishni istadi. U Jamil ibn Ma'murni topdi. Bu kishi bir gapni eshitsa darhol butun Makkaga tarqatar edi. "Ey Jamil, men musulmon bo'ldim." Darhol Jamil oyog'ini qo'liga olib hammaga bu haqida aytib chiqidi. "Umar dindan qaytibdi! Umar dindan qaytibdi!" Umar bu bilan to'xtamadi. Abu Jahlning uyiga bordi. Hech nimadan bexabar Abu Jahl uni xush kutib oldi. "Ey Amr men musulmon bo'ldim." Yoq. Yo'q. Bu... bu bo'lishi mumkin emas! Payg'ambarni o'ldirishga chog'langan Umar, Islomni qabul qilishi mumkinligini tushida ham ko'rmagan edi.

"O'zinga ham keltirgan "xushxabaringa" ham la'nat bo'lsin!" Mana shu ishlardan so'ng Rasululloh alayhissalom Umarga Al Foruq, ya'ni haqni botildan ajratuvchi maqomini berdilar. Qanday ajoyib-a? Umar Islomdan avval qanday edi-yu, keyin qanday bo'ldi. Islom dushmanlaridan biri bo'lgan, Allohga shirk keltirish kabi ulug' gunohni qilgan o'sha Umar, endi Payg'ambarimizning sahobasi bo'lgan Umarga aylanayotgan edi. Keyinchalik u adolati bilan tanilgan, Islomning ikkinchi xalifasi bo'ldi. Kishinig o'tmishi qanday bo'lsa ham, agar u Robbisiga yuzlansa, Alloh uning qalbini tasavvur qilib bo'lmas darajada o'zgartirishi mumkin.

Rasululloh alayhissalomning qalbida shunday nur bor ediki, uni ko'rgan va unga iymon keltirgan, u zot bilan birga o'tirgan har kishi go'yo ko'mir olmosga aylangandek o'zgarib qolardi. O'z qizlarini hech bir qanday qiyinchiliksiz tiriklay ko'mgan kishilar endi xatto pashshaga ham ozor bermaydigan bo'lishdi. Ba'zida boshqa bir qavmdan kelgan kishi u zot bilan bir soat yoki bir kun o'tkazar edi. So'ngra o'z qavmiga xuddi Abu Zarr, yoki Tufayl ibn Amr kabi ustoz bo'lib qaytardi. Qalblaridagi barcha buzuq hislatlar yo'qolib, o'rnini oliy ruhoniy qadriyatlar egallardi. Umar kabi ko'mirdan olmosga o'zgargan kishilarning soni oshib bordi. Islomga da'vat endi kuchliroq amalga oshirilishi mumkin edi.

Bularning bari Dorun Nadva yig'ilishlariga sabab bo'ldi. U yerda qattiq rejalar tuzildi. Qasos o'tida yonib musulmonlarga qaqshatqich zarba berish uchun tayyorlanishardi. Shahar o'z tarixidagi eng ayanchli kunlarni boshdan kechirish arafasida, chunki Quraysh rahbarlari eng zulmkor rejalarini amalga oshirishadi. Keyingi qismda ta'qiq yillari haqida gaplashamiz. Ko'rishguncha.