Towards Eternity
Blogga qaytish

Islom ayollarni haqiqatda qadirlaydimi? Hijob, ko‘pxotinlik va boshqa mavzular

Nashr sanasi

YouTube’da ko‘rish

Islomda ayollarning qadri qanday? Ular kamsitiladimi? Ikkinchi darajali fuqarolar sifatida qaraladimi? Islom haqida biror g'ayrimusulmon erkak yoki ayolga gapirganingizda, birinchi navbatda Islomdagi ayollar haqida so‘rashadi. Nega deb o‘ylaysiz? Chunki ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi katta guruhlar ayollar mavzusini Islomga qarshi targ‘ibot vositasi sifatida foydalanishga barcha kuchini sarflagan. Bu mavzuda hali ham to'xtaganlari yo'q. Ammo haqiqatan ajablanarli bo‘lgan boshqa statistikalar ham bor. AQShda Islomni qabul qilgan har besh kishidan to‘rt nafari ayollardir.

Bundan tashqari, Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan yana bir tadqiqotga ko‘ra, 2001–2011 yillar oralig‘ida Islomni qabul qilganlarning deyarli 75 foizi ayollar bo‘lgan. Islom ayollar uchun xavfli din bo‘lsa, bu raqamlar aksincha bo‘lishi kerakmasmi? Yoki ommaviy fikrga zid o‘laroq, ayollar Islomda o‘zlari izlagan qadriyatni topayotgandir!? Muhim masalalarni muhokama qilishimiz kerak. Albatta, mashhur savollarga ham javob beramiz. Erkak 4 ta xotin olishi mumkinmi? Hijob – bosh va badanni yopishi – bu cheklovmi? Nega ayol erkakka qaraganda merosning yarmini oladi? Va ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lgan Qur’oni karimdagi mashhur oyat. Tayyor bo‘lsangiz, boshlaymiz.

1700-yillarda ingliz tarixchisi va yozuvchisi Istanbulga bordi. U — Elizabet Kreven xonim edi. Bu islom shahri uni hayratda qoldirdi. Yurtida ayollari boshidan kechirayotgan holat bilan bu yerda bo‘layotgan voqealar osmon bilan yercha farq qilardi. Bu joy mutlaqo boshqacha edi. U musulmon ayollarini “eng baxtli odamlar” deb ta’riflagan. U kuzatganlarini quyidagicha yozib qoldirgan: Menimcha, ayollar Turkiyadagidek erkin va har qanday ta’na, malomat yoki tanqiddan xoli bo‘lgan mamlakatni hech qachon ko‘rmaganman. Gap o‘sha davrdagi Usmonli imperiyasi haqida. Xo‘sh, nima uni bunchalik hayratga solgan? Angliyada nimani ko‘rdi-ki, bu so‘zlarni aytdi? Afsuski, tarixni yetarlicha bilmaymiz.

U ziyorat qilgan islom shahrida hozir tilga olinadigan muammolarning hech biri yo‘q edi. Masalan, Angliya va Amerikada ayol turmushga chiqqach, uning barcha shaxsiy mulki odatda erining ixtiyoriga o‘tardi. U ishlasa ham, topgan puli qonuniy jihatdan eriga tegishli bo‘lardi, va ayol uni talab qilish huquqiga ega emasdi. Otasi vafot etsa, merosdan unga tegadigan ulush to‘g‘ridan-to‘g‘ri eriga o‘tardi, va ayolning bunga hech qanday haqqi yo'q edi. Agar ajrashishsa, barcha farzandlar otaga berilardi. Ona tug‘gan, voyaga yetkazgan, har xil qurbonliklar qilgan bolalaridan ajralardi. Albatta, bolalar ham onalaridan zo‘ravonlarcha ajratilardi.

Juda oz sonli ayollarni hisobga olmaganda, ko‘pchiligiga ajrashgandan so‘ng moddiy yordam sifatida aliment ham berilmagan. Kamiga bu shunchaki ijtimoiy adolatsizlik emas edi, qonunga tayangan qoidalar edi. Ustiga ustak, ayollar yanada og‘ir ma’naviy va ruhiy adolatsizliklarga ham duch kelishardi. Angliyada esa 20-asrgacha g‘alati odatlar davom etardi. Ulardan biri — xotin sotish edi. Bu nimani anglatadi? Ishonish qiyin, lekin erkak xotinidan zeriksa yoki unga bo‘lgan qiziqishi yo‘qolsa, xotinini bozorda oddiy buyumdek sotib yuborishi mumkin edi. Hatto 1913-yildagi bir yozuvga ko‘ra, bir ingliz erkak xotinini 1 funtga sotgan.

Bu orada, o‘rta asr Yevropasida yuz berayotgan voqealar yanada dahshatliroq edi. 15–17-asrlar oralig‘ida katolik cherkovi jodugar ayollarni ovlash amaliyotini boshladi. Ayollar tasodifiy tuhmat va ayblovlar asosida o‘ldirilgan. Yozuvlarga ko‘ra, 40 mingdan 100 minggacha ayollar vahshiylarcha o‘ldirilgan, tiriklayin yoqib yuborilgan. Tasavvur qila olasizmi? Kimdir ayolni yoqimsiz deb hisoblasa, uni jodugar deyishi mumkin edi. Yoki ayol bir erkakni rad etsa, darhol “u jodugar” deb ayblanardi. Hayoti yakun topardi. Bu haqda o‘ylashning o‘zi dahshatli. Xuddi shu jamiyatda odamlar jiddiy tarzda shunday savollarni muhokama qilishardi: Ayol ham odammi? Ularning joni bormi?

Kreven xonim bu so‘zlarni bejiz aytmagan. U o‘sha islom shahrida ko‘rgan manzara G‘arbda bo‘layotgan holatning teskarisi edi. G‘arb ayollari 1882-yilda qo‘lga kiritgan huquqlar bu yerda allaqachon asrlar oldin bor edi. Qanday qilib? Ayol kishi sudga murojaat qilishi, mulkka oid qonuniy kelishuvlar tuzishi, meros olishi va ingliz ayollariga qaraganda ko‘proq huquqlarga ega bo‘lishi mumkin edi. O‘sha davrda G‘arb ayollariga ta’lim olish imkoniyati ham berilmaganini taxmin qilishingiz mumkin. Boshqa tomondan esa, dunyodagi eng qadimiy, uzluksiz faoliyat yuritayotgan universitetni musulmon ayol tashkil etganini ko‘ramiz. Buni Ginnes Rekordlar Kitobida ham ko‘rishingiz mumkin.

Marokashdagi Al-Qaroviyyin universiteti 859-yilda Fotima al-Fihriya tomonidan asos solingan. Bu esa musulmon yurtlarida ayollarga ta’lim olish imkoniyati berilganini ko‘rsatadi, aynan shu sababli bunday ishni amalga oshira olgan. Bu ayollarda mulkka egalik qilish huquqi borligini ham anglatadi, aks holda u universitet ocholmagan bo‘lardi. Bundan tashqari, bu musulmon ayollar jamiyatda muhim rollarni bajara olganiniyam ko‘rsatadi, bu esa ushbu yutuqqa erishish imkonini berdi. Eng muhimi esa, u xo‘rlik bilan emas, balki o‘ziga ishonch, jinsi va shaxsiyatining qadr-qimmatini his qilgan holda musulmon oilasida tarbiyalanganini anglatadi. Ko‘zingizni yumib, quyidagi manzarani tasavvur qiling.

100 mingdan ortiq odam hayajon va qiziqish bilan kutmoqda. Qarshisida tarix yo‘nalishini o‘zgartirgan yetakchi turibdi. Payg‘ambar Muhammad alayhissalom. 632-yil. U o‘zining mashhur Vidolashuv xutbasini so‘zlamoqda. Xutba davomida shunday deganlar: “Ey odamlar! Ayollar huquqlariga rioya qilishni sizlarga vasiyat qilaman, bu borada Allohdan qo‘rqishingizni so‘rayman. Ayollarni Allohdan omonat qilib oldingiz, Allohning nomi ila va’da berib, ularni o‘zingizga halol qilib oldingiz. Qanday huquqlaringiz bo‘lsa, ular ham sizdan shunday huquqlarga egadir.” Ko‘plab boshqa narsalar qatori, ayollar huquqlari masalasida o'zi yashagan mintaqani tubdan o‘zgartirdi.

Endi o‘sha davr jamiyatidagi ayol hayotiga bir nazar solaylik va Islomdan avvalgi hamda keyingi holatlarni solishtiraylik. Islomdan oldin, qiz bola tug‘ilganida, otasining ko‘ziga u ko‘pincha uyat manbai bo‘lib ko‘rinar edi, hatto ko‘p hollarda tiriklayin ko‘milardi. Islom kelgach, bu odat butunlay bekor qilindi. Qiz omon qolgan taqdirda ham, otasidan orzu qilgan mehr va shafqatni hech qachon ololmasdi. Otasining nazdida qadrsizga aylanardi. Ammo keyinchalik Payg‘ambar alayhissalom shunday degandilar: “Kim uch nafar qiz farzandini voyaga yetkazsa, tarbiyalasa, turmushga uzatsa va ularga yaxshilik qilsa, u jannatga kiradi.” Aytaylik, u qiz ulg‘aydi va turmush yoshiga yetdi.

Islomdan oldin uni majburan turmushga berishardi. Hech kim undan rozilik so‘ramasdi. Ammo Islom kelib, roziliksiz turmushga berishni taqiqladi. Endilikda, erkak uni o'ziga xotiklikka so'rashdan boshlashi kerak edi. Bir necha uchrashuvlardan so‘ng, qiz rozilik bildirsa bir-birlariga mos deb hisoblasalar, nikoh jarayoni boshlanadi. Nikoh shartining bir qismi sifatida kuyov kelinga mahr beradi, ya’ni pul yoki qimmatbaho sovg‘a. Bu, asosan, moliyaviy kafolat hisoblanadi. Ajrashib ketishsa yoki eri vafot etsa, ayol shu mablag‘ yordamida ma’lum muddat o‘zini ta’minlashi mumkin. Albatta, yagona maqsad bu emas. Ayollar bu mablag‘ni hayotlari davomida istagancha ishlatishlari mumkin.

Biznes boshlashlari, foyda keltiruvchi sarmoya qilishlari yoki saqlab qo‘yishlari mumkin. Mahr miqdorini aynan qizning o‘zi belgilaydi. Erkak uni to‘lashi shart va uni qaytarib ololmaydi. Ammo ayol eriga moliyaviy yordam bermoqchi bo‘lsa, bu boshqa masala. Turmush qurgandan keyin, ayolning moddiy ta’minoti erining zimmasida bo‘ladi. Ayol ishlashi, kasb bilan shug‘ullanishi yoki uy-ro‘zg‘or xarajatlariga hissa qo‘shishi shart emas. Nikohidan oldin, qizning ta’minoti otasiga yuklatilgandi. Nikohdan so‘ng bu mas’uliyat eriga o‘tadi. Biroq, afsuski, bugungi kunda ham dunyoning ko‘plab joylarida bu odat kuzatilmayapti.

Buyuk Britaniyada yashovchi islom olimasi Shayxa Fotima Barkatulla bilan suhbatlashganimizda, gapi bizni hayratda qoldirdi. Bu — g'ayrimusulmon ayollarni Islomda eng hayratda qoldiradigan jihatlardan biridir, chunki ular, odatda, o‘z jamiyatlarida boshqalar tomonidan ta’minlanish tushunchasini boshdan kechirmagan bo‘lishadi. Ma’lum yoshga yetgach, yolg‘iz qizlar otasidan go‘yoki “ajralib” yashashiga to'g'ri keladi. “Mustaqil bo‘lish” g‘oyasi ostida, o‘zlari o‘rganmagan va majbur bo‘lmagan hayotga majburlanadi. Natijada, millionlab qizlar uzoq muddat azob chekadi, ko‘p hollarda ularga yomon niyatli kishilar tazyiq o‘tkazadi.

Turmushdan oldin ham, keyin ham hayotlarini o‘zini himoya qilish bilan o‘tkazishadi. Islom esa, uning ta’minotini turmushgacha — otasiga, turmushdan keyin esa eriga yuklaydi. Yana bir bor, turmushga chiqish vaqti kelganda, uning ta’minotini ta’minlay oladigan erkakni tanlash — butunlay o‘z ixtiyorida. Davom etamiz. Islomdan oldin, ayol turmush qurib ona bo‘lganida, unga hech qanday qadriyat yoki hurmat berilmasdi.

Ammo, Payg‘ambarimiz sollolohu alayhi vassallam nima deganlar: “Iymoni eng mukammal bo‘lgan mo‘minlar — axloqi eng chiroyli bo‘lganlardir, va eng yaxshilaringiz — ayollariga eng chiroyli muomala qilganlardir.” Onalarning qadrini tushuntirish uchun esa, bir sahobaga aytgan edilar: “Jannat onalarning oyoqlari ostidadir.” Onaning haqqini poymol qilish va unga zulm qilishni eng katta gunohlardan biri deb hisoblaganlar. Islomdan avval, ayolning eri vafot etsa, undan umuman meros olmas edi. Aksincha, u va bolalari o‘zlari meros tarkibiga kirardi. Istalgan begona erkak u oilaga da’vo qilib, o‘sha ayolga uylanishi mumkin edi. Islom bu illatga chek qo‘yib, buni man qildi.

Buning o‘rniga, marhumning mol-mulki meros sifatida ayoliga, farzandlariga va ota-onasiga ma’lum ulushda taqsimlanadigan bo‘ldi. E’tibor bersangiz, ota-onalar ham merosdan ulush olishadi. Bu juda muhim, chunki hozirgi kunda, ko‘plab rivojlangan davlatlarda ota-onalar merosdan umuman ulush olishmaydi. Ammo mantiqan qarasak, vafot etgan insonning ota-onasi ehtimol, qarib qolgan bo‘ladi va parvarishga muhtoj bo‘ladi. Islom ularning parvarishini farzandining zimmasiga yuklaydi, agar u vafot etsa, ota-onasiga o‘sha merosdan ulush ajratiladi. Ya’ni Islom, ayol onaga aylangach ham uni yolg‘iz qoldirmaydi. Uning ta’minoti farzandlari zimmasida bo‘ladi.

Bu, aslida, ayollarni yuksak maqsadlar sari undashning bir ko‘rinishi deyishimiz mumkin. Ishlashni xohlamasangiz yoki zarur bo‘lmasa, daromad topish uchun vaqt sarflashga hojat yo‘q. Vaqtingizni yuksak maqsadlarga, ta’limga bag‘ishlashingiz mumkin. Axir ta’lim — hamma narsaning asosi emasmi? Butun jamiyatning o‘zgarishi va ma’naviy yuksalishi sizning qo‘lingizda. Agar ayol ishlashni xohlasa, Islom tarixida bunga oid kuchli misollar mavjud. Payg‘ambarimiz alayhissalomning rafiqalari Xadicha roziyallohu anhu Makkaning eng muvaffaqiyatli savdogarlaridan biri edi. U juda mashhur ishbilarmon ayol bo‘lgan. Yoki, birinchi universitetga asos solgan Fotima al-Fihriyani eslang.

Bu haqiqiy tadbirkorlikning yorqin namunasidir. Halol va harom o‘rtasidagi muvozanat saqlanadigan bo‘lsa, unday holatda hech qanday muammo yo‘q. Odatda, bir jamiyatni hatto chekishdek odatdan voz kechishga o‘rgatish deyarli imkonsizdek tuyuladi. Ammo Muhammad alayhissalom yolg‘iz o‘zi turib, juda qisqa vaqt ichida bu jamiyatni yomon urf-odat va illatlarni tark etishga unday oldilar. Shu bilan cheklanmay, bu odatlarni ajoyib va adolatli qadriyatlar bilan almashtirdilar, hatto oradan asrlar o‘tsa ham, insoniyat bu darajaga yetolmagan. Bunday misollar juda ko‘p. Bu ulkan o‘zgarish atigi 23 yil ichida sodir bo‘lgan.

Bu o‘zgarish naqadar buyukligini ko‘rsatish uchun buyuk islom olimi Badiuzzamon Said Nursiy aytgan: “Ular yuzta faylasufni yig‘sin, o‘sha davrga va joyga yuborishsin va 100 yil ishlashsin. O‘sha buyuk zot bir yilda erishgan narsaning hatto 1 foiziga erisha oladilarmi?” Payg‘ambarimiz alayhissalom vafot etganlariga hali 20 yil ham bo‘lmagandi, insoniyat tarixida yana bir hayratlanarli voqea yuz berdi. Umar ibn Xattob — tarixdagi eng kuchli rahbarlardan biri, Islomning ikkinchi xalifasi bo‘lgan, adolatparvarligi bilan mashhur edi. Hozir Islom dini ayollarga qanchalik yuksak ishonch va qadr-qiymat berganini misolda ko‘ramiz.

Bir kuni, Umar huzuriga ayollar mahr miqdorini oshirib yuborishayotgani haqida shikoyatlar tushdi. "Ey Umar, ayollar katta miqdorda mahr so'rashmoqda." "Ha, u haq. Oila qurishda qiynalib qoldik. Biror yechim bering." Mahrni eslaysizmi? Ayolga nikoh vaqtida berilishi shart bo‘lgan moliyaviy kafolat. Muammoni hal qilish uchun Umar jamoatga murojaat qilib, mahr miqdoriga cheklov qo‘yishni taklif qildi. Bunday rahbarga qarshi chiqishga kimning haddi sig‘ardi? Axir bu zot Fors imperiyasini mag‘lub etgan, rimliklarga qarshi yirik g‘alabalarga erishgandi. Ana shunday kuchli inson edi. Ammo aynan o‘sha pallada, bir ayol o‘rnidan turib, qarshi chiqdi.

U dadil aytdi: “Axir Qur’onda Alloh aytganini eshitmadingizmi? ‘Ayolga bir uy to‘la tilla bersangiz ham, undan biron narsani qaytarib olmang.’” Bir ayolning ochiqchasiga davlat rahbariga qarshi chiqishi ilgari eshitilmagandi. Xo‘sh, Umar nima qildi? U xatoni tan oldi va ayolning gapi to'g'ri dedi. Umar xato qilgandi. Har kim Umardan ko‘ra ko‘proq bilimga ega. So‘ngra baland joyga chiqib, bu so‘zlaridan omma oldida voz kechdi. O‘ylab ko‘rsangiz, bu juda hayratlanarli holat. Demak, asl muammo shundaki, bugungi kunda axborot vositalari Islomni yomonotliq qilmoqda. Ba'zilaringiz irlandiyalik mashhur qo'shiqchi Sinead O'konnorni, Islomni qabul qilganini eslasangiz kerak.

Feministik qarashlari bilan tanilgandi. Islomni qabul qilishi haqida shunday degandi: Turli dinlarning muqaddas kitoblarini o’rgana boshladim, Xudoning haqiqatini tushunmoqchi edim. Hech qachon biror dinni qabul qilaman deb o‘ylamagandim, lekin Islomni oxiriga qoldirdim, chunki Islomga nisbatan juda katta salbiy fikrlarim bor edi." Darhaqiqat, Islomga qarshi katta propaganda olib borilgan, ayniqsa, ayollar masalasida. Ammo odamlar asl haqiqatni o‘rganishni boshlaganlarida, haqiqat umuman boshqacha ekanini angladilar. Shu sababdan, AQShda musulmon bo‘lgan har besh kishidan to‘rt nafari ayollar.

Shuning uchun ham Buyuk Britaniyada islomni qabul qilganlarning taxminan 75 foizi ham aynan ayollar. Endi sizga savol: Islom haqiqatan ham ayollarni zulm ostiga oladigan tizim bo‘lganida, ular eng birinchi islomdan qochgan bo‘lmasmidi? Ammo bu dinni eng ko‘p qabul qilganlar aynan ulardir. Chunki Islom ularga haqiqiy qadriyat berayotganini ko‘rishmoqda va bu yer ularning haqiqiy o‘rni ekanini anglashmoqda. Insoniyat tarixiga nazar tashlasak, bir qonuniyatni ko‘ramiz. Qachonki, aniq chegaralar belgilanmasa, odamlar ilohiy ko‘rsatmalarga amal qilmasa, eng ko'p ayollar aziyat chekadi. Huquqlari tortib olingan, tahqirlangan va zulmga uchragan.

Hatto bugungi kunda ham zamonaviy dunyo ayollar huquqlarini to‘liq himoya qila olmayapti. Ko‘plab ayollar teng ish uchun teng maosh olmayaptilar. Ularning tanasi reklama vositasi sifatida ishlatilmoqda. Jamiyat ularning oldiga ma’lum bir go‘zallik standartini qo‘yadi, go‘yoki ular aynan shunga mos bo‘lishi kerak, aks holda hech narsaga arzimas deb hisoblashadi. Son-sanoqsiz ayollar noz-karashma orqali manipulyatsiya qilinib, ko‘pchiligi yomon munosabatlarda ruhiy zo‘ravonlikka duchor bo‘ladi. Ba’zilar esa hatto jinsiy zo‘ravonlik qurboniga aylanmoqda. Yana minglab ayollar borki, ular farzand ko‘rgach, erlari tashlab ketadi.

Angliya va Uelsdagi 236 ta shaharchada uy xo‘jaliklarining yarmidan ko‘pi yolg‘iz onalar tomonidan boshqariladi. O‘sha ayollarning yelkasidagi og‘ir yuk, farzandlarining erkaklarsiz ulg‘ayishida duch keladigan qiyinchiliklar haqida bir o'ylab ko'ring. Ko‘pincha jinoyat sodir etgan odamlarga qarasangiz, otasiz ulg‘aygani ma’lum bo‘ladi. Muammolar tugamaydigandek ko‘rinadi. Xo‘sh, bizga nima kerak? Erkak va ayolni to‘liq va mukammal tarzda tushunadigan tizim kerak. Bunday tizimni hech bir inson yarata olmaydi. Chunki oxir-oqibatda, barchamiz — kamchilikka ega, nuqsonli mavjudotmiz. Xato qilamiz. Noto‘g‘ri baho beramiz, yanglishamiz. Shu sababli inson imkoniyatlaridan yiroq bo‘lgan tizim kerak.

Erkak ham, ayol ham rozilik bilan amal qiladigan tizim kerak. Bu esa bizni yaratgan Zot tomonidan yuborilgan tizim, chunki bizni eng yaxshi biladigan U, hatto o‘zimizdan ham yaxshiroq. U erkak va ayollarning barcha jihatlarini biladi, hatto eng nozik tafsilotlargacha. U — cheksiz ilm egasi. Shuning uchun faqat U eng adolatli va mukammal hukm chiqarishi mumkin. Alloh na erkak, na ayol bo‘lgani uchun, Uning hukmlarida tarafkashlikka o‘rin yo‘q. Boshqa barcha tizimlarda, qanchalik ilg‘or bo‘lmasin, kamchilik bo‘ladi — buni doim ko‘rib turibmiz.

Qisqasi, biz yillar davomida izlab yurgan javoblar, yechimini topolmay kelgan muammolarimizga javoblar — 1400 yil avval Islom orqali bizga allaqachon berilgan edi. Biz aytib o‘tgan muammolar, hatto undan ham ko‘prog‘ining yechimi Islomda mavjud. Tadqiq qilsangiz va o‘qisangiz, buni o‘zingiz ham anglaysiz. Lekin bu joyda bir nechta savollar tug‘iladi. Hozirgacha hammasi mantiqan to‘g‘ri. Ha, Islom ayolga o‘zgacha qadriyat beradi. Ha, faqat bizni yaratgan Zot bizga kerakli qonunlarni belgilay oladi. Ammo baribir, boshida aytganimizdek, Islomda odamlarni chalg‘itadigan ayollarga oid ba'zi mavzular bor. Birinchi hijob haqida gaplashaylik.

Millionlab odamlar bir xil savol beradi: "Bu juda katta cheklov emasmi?" Hijob ko‘pincha zo‘ravonlik yoki cheklov sifatida tasvirlansa-da, aslida u Islomda ayollarni eng ko‘p ilhomlantiradigan narsalardan biridir. G‘alati tuyuladi-a? Nega unday bo‘lyapti? Mendan so‘rasangiz, ateist ham hijob taqishga ehtiyoj sezishi mumkin. Ateistmi? Ha. Chunki yopinish — bu tabiiy holat, inson fitratida bo‘lgan bir narsa. Ayol tabiatan yonida o‘zini tinch, baxtli va xavfsiz his qiladigan erkakni izlaydi. Xuddi shunday, erkak ham ayoliga ishonmoqchi bo'ladi, unga mehr berib, u bilan baxtli bo‘lishni xohlaydi. Oila ichidagi tinchlik va baxtni saqlab qolish uchun, bu rishta mustahkam bo‘lishi kerak.

Shuning uchun ham oila maslahatchilari doim bir haqiqatni ta’kidlashadi: Sog‘lom nikohda o‘zaro sadoqat va ishonch bo‘lishi kerak. Shu yerda Islom hijobni erkak va ayol uchun yechim sifatida taklif qiladi. "Nur" surasida Alloh aytadi: "Sеn mo‘minlarga ayt, ko‘zlarini tiysinlar va farjlarini saqlasinlar. Ana shu ular uchun pokdir. Albatta, Alloh nima hunar qilayotganlaridan xabardordir." Keyingi oyatda esa ayollarga yopinish buyuriladi. Sezgan bo'lsangiz, hijob haqidagi amr birinchi erkaklarga berilgan. "ko‘zlarini tiysinlar" Bir ma’noda, erkakning qovog‘i uning hijobi. Shu yerda ikki tomonlama ehtiyot chorasi bor.

Alloh taolo oilalarni asrab-avaylash, baxtini saqlab qolish choralarini ko‘rmoqda. Ammo bugungi kunda erkaklar va ayollar uchun belgilangan bu hijob shakllari doimiy ravishda tanqid ostida qolmoqda. Bu himoyalar oiladan olib tashlansa nima bo‘ladi? Biz ilgari aytgan ishonch va sadoqat asta-sekin zaiflashishni boshlaydi. Har bir ayolda chiroyli ko‘rinish va maqtov olish istagi borligi tabiiy. Bu tabiiy moyillikka ega ayol hijobsiz ko‘chaga chiqsa, unda ikkita yo‘l bo‘ladi. U libosi, taqinchoqlari, sochi va tanasi bilan odamlarga chiroyli ko‘rinadi yoki beparvo va jozibasiz ko‘rinadi. Bu ikkisidan biri. O‘rtacha holat yo‘q. Ammo tabiatan chiroyli ko‘rinishga va maqtov eshitishga ehtiyoji bor.

Shuning uchun u ko‘chaga chiqayotganida, go‘zal ko‘rinishga harakat qiladi va butun kunini shu holatda o‘tkazadi. Hijobsiz bu holatning oldini olishning iloji yo‘q. Xo‘sh, erkaklarning necha foizi: “Balki u kimningdir xotinidir, qaramasligim kerak,” deydi? Bu savolga ijtimoiy tajriba javob bo‘lsin. Bir necha yil avval o‘tkazilgan. Balki siz ham ko‘rgandirsiz. Bir ayol Nyu-York shahrida besh soat davomida ochiq kiyimda yurdi, va natijada unga 108 marta og‘zaki tajovuz qilindi. Ya’ni, noo‘rin so‘zlar aytildi. Ustiga ustak, ko‘plab erkaklar unga yomon niyat bilan tikildilar. Ammo eng qizig'i shundaki, xuddi shu ayol tajribani yana takrorladi, bu safar hijobda. Keyinchi?

Hech kim unga ilgari qanday qaragan bo‘lsa, unday qaramadi. Er-xotinlar buni anglamasliklari mumkin, ammo bu holat ularning orasidagi ishonchni asta-sekin yemiradi. Hasad va ishonchsizlik paydo bo‘la boshlaydi, va bu munosabatdagi tinchlikni buzadi. Hech bir erkak xotiniga boshqa erkaklar yomon niyat bilan qarashiga chiday olmaydi. Rashk qiladi va egalik hissi paydo bo‘ladi. Bu uning tabiiy holati. Xuddi shunday, ayol ham erining faqat unga qiziqishini, boshqa ayollarga qaramasligini xohlaydi. Bu ikki tuyg‘u faqat hijob amrlariga amal qilingandagina xotirjamlik va uyg‘unlik topadi. Endi teskarisini tasavvur qilaylik. Aytaylik, ikkala tomon ham hijobga rioya qiladi. Farqi nimada?

Er endi boshqa erkaklar xotiniga qarayaptimi yoki yo‘qmi, degan shubha va xavotirga tushmaydi. Xuddi shuningdek, erkak o‘z nigohiga, ya’ni o‘zining nazariga e'tibor bersa, o‘z sadoqatini aniq ko‘rsatgan bo‘ladi. Bu esa ayol qalbida quyidagicha shubhalarni qoldirmaydi: “U boshqa ayollarga qarayaptimi? Mendan chiroylirog'ini ko'rdimikan?” Ayol bunday savollarni o‘ylab, o‘zini noqulay his qilmaydi. Hijob ayolni osonlikcha "erishiladigan" bo'lishdan himoya qiladigan narsalardan biridir. Bu uning qadrini oshirib, uni yanada qimmatli qiladi. Hech kim hatto bir tutam sochini ham uning roziligisiz ko‘ra olmaydi. Hozirgina aytilgan ijtimoiy tajribani yodga oling.

Ayol ochiq kiyimda yurganida, tanasi ko‘plab jirkanch nigohlar va og‘zaki tajovuzlar nishoniga aylandi. Ammo hijob kiyganida, tanasi kimga tegishli ekanini ko‘rsatdi. “Shunchaki jism emasman,” degan ma'noni bildiradi. Meni qadrlaydigan narsa – fikrlarim va shaxsiyatim, degan ma’noni bildiradi. Shu bilan birga, u o‘ziga kimlar murojaat qilishi mumkinligini go‘yoki filtr qildi. Hijob kiyganida, faqat tashqi ko‘rinishga qiziqadigan yoki past axloqiy me’yorlarga ega odamlar unga yaqinlashmaydi, chunki u endi ularning e’tiborini tortmaydi. Bu holatda hijob kiyish aslida kimligingiz uchun siz bilan muloqot qiladigan odamlar bilan gaplashishni anglatadi.

Ular tashqi ko‘rinishingizga emas, qalbingizga e’tibor beradi, yuqori axloqiy qadriyatlarga ega bo‘ladi. Unutmang. “go‘zal” yoki “xunuk” degan tamg‘alarga loyiq emassiz. Boshqalarning istak va talablariga asoslangan standartlarga mos kelishingiz shart emas. Boshqalarning fikriga qarab emas, Allohning sizdan kutganlariga qarab kiyinishingiz kerak. U — butun olamni yo‘qdan yaratgan, va yer yuzini oyoqlaringiz ostiga to‘shagan Zot. Ba’zi odamlar go‘zalligingiz uchun sevishi mumkin, ammo Alloh sizni sevganligi uchun yaratgan. U sizga boshqalarga bermagan noyob go‘zallikni ato etgan. Eslasangiz, hijobning ikki turi bor degandik. Erkaklar va ayollar uchun hijob.

Shuningdek, erkak va ayollar munosabatlari o‘rtasida ham ba’zi chegaralar bor. Masalan, qarama-qarshi jins vakili bo‘lgan, o‘zining oilasi yoki turmush o‘rtog‘i bo‘lmagan kishi bilan insonning yaqin suhbat qurishi yoki kulishi makruhdir. Demak, ikki tomon bu qoidalarga amal qilmasa, magnitning ikki qutbi kabi bir-biriga tortiladi, va dunyodagi tartib buzila boshlaydi. Jinsiy moyillik amaliy harakatlarga aylanadi, noto‘g‘ri munosabatlar, buzuqliklar va jinoyatlarga olib keladi. Bu yerda ikkala tomon ham mas’uldir, har ikki tomon o‘z vazifasini bajarmasa, ayb ikkalasiga ham yuklanadi.

AQShdagi SDS tadqiqotiga ko‘ra, 2020-yilda AQShda qariyb 500 000 abort amalga oshirilgan, ularning 86 foizi nikohsiz homiladorlik natijasi edi. Faqatgina bir mamlakatda, bir yilda, to‘rt yuz ming tug‘ilmagan go‘dakning hayoti noqonuniy munosabatlar sabab yo‘q qilindi. Albatta, bu ayollar uchun nihoyatda og‘ir. Aksariyat hollarda bola dunyoga keladi. Xuddi shu tashkilotning 2021-yildagi boshqa tadqiqotiga ko‘ra, faqat AQShda 1,4 million noqonuniy tug‘ilish qayd etilgan. Ko‘p hollarda, bu og‘ir yuk ayolning o‘ziga tushadi. Farzandini yillar davomida yolg‘iz tarbiyalaydi, suyanadigan hech qanday otalik yordami bo'lmaydi.

Bu holatdagi onaning ruhiy va hissiy holatini va otasiz ulg‘ayayotgan bola duch keladigan muammolarni tasavvur qilib ko'ring. Bunday holatlarning oldini olish yana Qur’onning avval aytgan ikki buyrug‘iga bog‘liq. Ishonchim komilki, endi barchasi ancha ravshan. Ammo hanuzgacha javobga muhtoj savollar bor. Erkakka to‘rtta ayolga uylanishga ruxsat berilishi, opa-singillarning aka-ukalarga nisbatan yarim meros olishlari, va Niso surasining 34-oyati bo‘yicha doimiy munozaralar. Bu savollarning barchasiga javoblar o‘ylaganimizdan ham soddaroq. Ikkinchi qismda barcha tafsilotlarga chuqur kirib boramiz. Biz bilan qoling.