Towards Eternity
Blogga qaytish

O'rgimchak to'ri Muhammad (s.a.v.)ning hayotlarini saqlab qoldi! - Ey Rasul | 5-qism

Nashr sanasi

YouTube’da ko‘rish

Har bir qabiladan tanlab olingan qurolli kishilar tunda jimgina yurib borishardi. Ular Rasululloh alayhissalomning uylariga yo'l olishgandi. Ularning maqsadlari u zotni qatl qilish edi. Mushriklar astoydil reja qilishib qulay paytni poylab turishgan edi. Ammo, rejalari amalga oshdimi? Vaziyat qanday qilib bu holga kelganini bilish uchun biroz ortga qaytsak. Payg'ambarlikning 13-yili edi. Allohning habibi sahobalariga shunday dedilar. "Tushimda menga safar qiladigan joyingiz ko'rsatildi. U ikki toshloq yer orasida joylashgan xurmo daraxtlari mamlakatidir." Ikki yillik tayyorgarliklardan so'ng Yasribda Islom ildiz otdi. Madina eshiklari musulmonlar uchun ochiq bo'ldi.

Ikkinchi Aqaba bay'ati berildi. So'ng Alloh O'z Rasuli va uning sahobalari uchun hijrat joyini belgilab berdi. Hijrat kunlari boshlandi. Bu kunlar ko'plab qiyinchiliklar va mo'jizalarga boy bo'ladi. Ushbu videolar ishonchli Islom manbalaridan olingan yuzlab ma'lumotlarga asoslandi. Barcha sun'iy intellekt vizual materiallari malakali Islom olimlari bilan hamrohlikda tayyorlandi va Islom ko'rsatmalariga muvofiqlashtirildi. Rasululloh alayhissalomning bu so'zlaridan so'ng sahobalar Madina tomon yo'l olishdi. Amir ibn Robia va uning ayoli Laylo birinchi bo'lib hijrat qilganlardan edi.

Ular avval Habashistonga ham hijrat qilishgan edi, endi iymonlarini saqlash uchun ikkinchi bor hijrat qilish uchun yo'lga chiqishdi. Makkaliklar e'tiborini tortmaslik uchun boshqa sahobalar ham kichik-kichik guruh bo'lib yo'lga chiqishdi. Osondek tuyilishi mumkin, ammo bu hijrat biz tasvirlab bera olmaydigan darajada mashaqqatli edi. Har bir karvon Yasribga yetib borish yo'lida ko'plab qiyinchiliklarga duch kelardi. Makkaliklar hijrat qilayotganlarni payqab qolishsa darrov to'xtatishardi. Agar ushlab olsalar ularni Makkaga sudrab kelib so'ng azoblar edilar. Mushkulotlardan yana biri ona vatanni tashlab ketish edi. Axir u yerda o'sib ulg'ayishgan, u yerda xotiralari qolgan.

Bunday jasoratga uncha-munchasi qodir emas. O'z uylarini faqat Islom yo'lidagina tashlab ketishdi. Ular bu dunyoga muhabbat qo'ymagan edilar. Alloh va Rasuli buyurdimi, tamom. Hech nimaga qaramay hijrat qilishdi. Sahobalardan biri boshqacha bo'lib, hamma maxfiy ravishda hijrat qilsa, u qilichini yeklasiga ildi, kamonini oldi... o'q va nayzasini oldi, so'ng to'g'ri Ka'ba tomon bordi. Hammaning ko'z oldida Ka'ba atrofida tavof qildi. So'ng odamlarga shunday dedi: "Mana men!

Allohning roziligi uchun, iymonimni muhofaza qilish uchun hijrat qilyapman!" Kimda kim ayolini beva, bolalarini yetim qilib, o'z onasining ko'zidan yosh oqishini istasa meni to'xtatishga urunib ko'rsin-chi!" Ortidan borish tugul javob ham qaytara olishmadi. Olamon jim bo'ldi. Bu kishi, kimsan, Umar ibn Xattob roziallohu anhu edi. Shundan so'ng o'zi bilan 20ta beva bechora musulmonlarni olib Yasrib tomon yo'lga chiqdi. Ali roziallohu anhu keyinchalik shunday deydi: "O'shanda Umar ibn Xattobdan tashqari oshkora hijrat qilgan biror kishini bilmayman." Makkadan kelgan musulmonlar "Muxojirlar" deyilgan. Madinada ularni kutib olib yordam bergan musulmonlar esa "Ansorlar" deyilgan.

Ansorlar Muxojirlarni katta yaxshiliklar bilan kutib olishdi. Uylarida mehmon qilib, ularni siyladilar. Turmush qurmagan muhojirlar esa boshqa bir turmush qurmagan sahoba Sa'd ibn Xaysamaning roziallohu anhuning uyida qolishdi. Makkada esa Ali, Abu Bakr, Rasululloh alayhissalom, u zotning oilalari, hamda Makka mushriklari tomonidan to'xtatib qolingan sahobalar qoldilar. Shuningdek bir necha sahobalar hamon Habashistonda edi. Keyinchalik, ularning ba'zilari Payg'ambarimizdan so'ng Yasribga borishdi, boshqalari esa Habashistonda qolib, Islomni yoyishda davom etishdi. Payg'ambarimiz alayhissalotu vassalom nimani kutib qolib ketdilar? O'z havfsizliklari uchun jo'nab ketsalar bo'lardi-ku.

Ammo haqiqiy rahbar sifatida doim boshqalarni o'zlaridan ustun qo'yardilar. U zot avvalo sahobalari Yasribga eson omon yetib olganiga ishonch hosil qildilar. Bundan tashqari u zot hali Allohdan hijrat qilishga buyruq olmagan edilar, shu sabab kutdilar. Bundan tashqari yana bir sabab ham bor. U bilan hammaning asl shaxsiyati ayon bo'ldi. U kim samimiy, kim munofiq ekanini ko'rsatadi. Rasululloh alayhissalomning qo'llarida mushriklarning ishonib topshirgan omonatlari bor edi. U zot Alloh nazdida omonatning javobgarligini yaxshi bilardilar. Shuncha qiyinchilikka qaramay ularni o'z egalariga qaytarish payida edilar. Makka mushriklarini tushunish qiyin.

Bir tomondan ular Payg'ambar alayhissalomni dushman deb bilardilar; uni o'ldirishga urinardilar, yolg'onchi va sehrgar deb haqorat qilardilar. Lekin boshqa tomondan qimmatbaho narsalarini u zotga omonat qoldirib qaytarib so'ramas edilar. Ular hali ham u zotning so'ziga ishonishardi, eng ishonchli odam deb bilishardi, chunki hech qachon biron bir yolg'on yoki firibgarlikka aralashmaganliklarini bilishardi. Ammo u zotning da'vati ularning manfaatlariga zid edi. Abu Bakr va Ali roziallohu anhumo hijrat davomidagi eng qiyin vazifani amalga oshirishlari lozim edi. Abu Bakr Payg'ambar alayhissalomning oldilariga kelib hijrat qilishga ruxsat so'radilar.

Ammo Rasululloh alayhissalom unga ruxsat bermasdilar. Balki, shunday deya uni ilhomlantirardilar: "Shoshilmang. Balki Alloh sizga safaringizda solih bir hamroh berar." Hijrat qiluvchilar soni ko'paygani sari Qurayshning havotiri oshib bordi. Ular agar Rasululloh ham hijrat qilib musulmonlarga rahbarlik qilsa, musulmonlar to'xtatib bo'lmas darajaga chiqishidan qo'rqardilar. Yetmaganiga, Suriyaga boradigan savdo karvonining yo'li Yasribdan o'tgani sabab, ular bu yo'lni to'sib qo'yishlaridan qo'rqishardi. Ular bunga yo'l qo'ya olishmasdi. Yechim topish uchun Dorun Nadvada to'planishdi. Hamma Payg'ambar alayhissalom to'g'risida o'z fikrini aytdi. Ba'zilar "Uni qamab qo'yaylik" dedi.

"Balki surgun qilarmiz?" Ba'zilar esa "Uni o'ldiramiz!" deyishdi. Bularning hech biri, ayniqsa uni o'ldirish fikri ham qabul qilinmadi. U zotni o'ldirish o'ta havfli bo'lib Banu Hoshim urug'i katta urush boshlashi tabiiy edi. Ular qasosdan qo'rqishdi. So'ng Abu Jahl eng vaxshiy rejasini aytdi. "Uni o'ldirishdan boshqa chora yo'q. Buning uchun har bir urug'dan bittadan baquvvat kishini tanlab ularga o'tkir qilichlar beramiz. So'ng ular baravariga hujum qilib uni o'ldirishdadi. Shunday qilib undan qutulamiz. Mana shu bilan Banu Hoshim uni kim o'ldirganini bilolmay qoladi. Barchamizga qarshi chiqishdan qo'rqib tovon pulini qabul qilishga majbur bo'lishadi.

Tovonni to'laymiz, shunday qilib masala hal bo'ladi." Hamma uning rejasiga rozi bo'ldi. Ammo mushriklar bir haqiqatni e'tiborga olishmadi. Ularning yagona nishoni Payg'ambar alayhissalom edi. Robbimiz ushbu hodisa to'g'risida Anfol surasida shunday deydi: "Kufr keltirganlarning seni ushlash, o‘ldirish yoki chiqarib yuborish uchun makr qilganlarini esla. Ular makr qildilar va Alloh ham «makr” qildi. Alloh «makr” qilguvchilarning ustasidir." Mushriklar o'z rejasi bilan ovvora bo'lar ekan, Allohning ham buyuk rejasi bor edi. Alloh taolo Jabroil alayhissalom orqali Payg'ambarimiz alayhissalomga bo'lgan ishlarning xabarini yetkazib hijrat qilishga izn berdi.

Asrlar davomida tillarda doston bo'lgan o'sha hijrat boshlandi. U zot Makkada Islomni targ'ib qilishda 12 yil qiynaldilar. U zot qattiq mehnat qildilar, shu darajada qayg'u chekkanlaridan Alloh bir oyatni nozil qildi. "Ehtimol, (ular) mo‘min bo‘lmaganlari uchun sen o‘zingni halok qilmoqchidirsan?!" Shuncha say harakatlariga qaramay mushriklar qaysarlikdan qaytmadilar. Endi, esa payg'ambarimizning vazifalari Yasribda davom etadigan bo'ldi. Kunning jazirama issig'ida, Rasululloh alayhissalom Abu Bakrning uyiga bordilar. Payg'ambarimizning bemahal kelganlarini ko'rib hayron qoldilar. Ichida "Allohga qasamki bu payti kelmasdilar, muhim bir ish bo'lgan ko'rinadi" dedi.

Payg'ambar alayhissalomni uylariga taklif qilib, to'shakka o'tkazdi. "Ota-onam siz uchun qurbon bo'lsin, yo Allohning Rasuli. Sizni qanday xushxabar olib keldi?" So'ng payg'ambar alayhissalom xushxabarni aytdilar. "Alloh azza va jalla menga Makkadan chiqib Yasribga hijrat qilishga izn berdi." Abu Bakr roziallohu anhu bir narsani rosa kutdi. Uni qattiq xohlagan edi. Ammo payg'ambar alayhissalomdan to'g'ridan to'g'ri so'rab qo'ya qolmadi. Ammo Rasululloh ham unga ishoralar berib turdilar. Va nihoyat ichini yondirgan o'sha savolni so'radi.

"Ushbu safarda sizga hamroh bo'lish sharafiga munosib bo'lishim mumkinmi, ey Allohning Rasuli?" Payg'ambar Alayhissalom "Ha" deganlarida Abu Bakr quvonganidan ko'zlaridan yosh oqa boshladi. Oysha roziallohu anho keyinchalik otasi haqida shunday derdi: "Hech kimni o'sha kunda otam quvonganidan yig'laganichalik yig'laganini ko'rmaganman." Abu Bakr kutayotgan o'sha hijrat onlari yaqin keldi. Sahobalarning eng yaxshisi u zotga hamroh bo'ldi. Ammo mushriklarning shuncha hiyla nayranglariga qaramay qanday qilib Makkadan chiqib ketdilar? Allohning Rasuli hammasini o'ylab qo'ygan bo'lib, rejalari tayyor edi. Avvalo eng ishonchli yo'l ko'rsatuvchi, Abdulloh ibn Urayqit bilan kelishib oldilar.

Unga oldindan ikkita tuya berdilar. So'ng Abu Bakr bilan Savr g'origa borib u yerda uch kecha-yu uch kunduz qoldilar. Bunga sabab Savr g'ori Madinaga teskari tomonda joylashgan edi. Bu dushmanlarni chalg'itish usuli edi. Uch kun davomida Savr g'orida qolib hammasi o'z iziga tushishini kutdilar. Anashu uch kunda Abu Bakrning qizi, onamiz Asmo roziallohu anho ana shu g'orga yegulik olib borardi. Bu yengil bo'lmadi, chunki uning 7 oylik homilasi bor edi. Shunday bo'lsa-da, u toshli yo'llardan yurib 750 metrli toqqa chiqib tushardi. Abu Bakrning o'g'li Abdulloh 10 yosh edi. Uning vazifasi bozorlarni aylanib mushriklarning gaplarini tinglab, so'ng eshitganlarini ularga yetkazish edi.

Yana bir sahoba Amr ibn Fuhayra qadam izlari o'chib ketsin deb ular yurgan yo'ldan qo'ylarini yetalab o'tardi. Bu ish ikir chikirigacha yaxshilab reja qilingan edi. Bu bilan Allohning habibi o'z Ummatlariga Allohga qanday qilib Tavakkal qilishni Go'zal Tarzda o'rgatdilar. Birinchi Allohdan yordam so'radilar, so'ng reja tuzdilar, kerakli choralarni ko'rdilar, qo'llaridan kelganini qildilar, keyin natijasini Allohga havola qildilar. Abu Bakr safar uchun tayyorlab qo'ygan ikki tuyada ketishni taklif qildi. Allohning Habibi esa: "Uni faqat narxini to'labgina qabul qilishim mumkin" dedilar.

Abu Bakrning "Ota onam siz uchun qurbon bo'lsin" deb iltimos qilishiga qaramay Payg'ambar alayhissalom gaplarida turib oldilar. Boshqa ilojisi qolmagach Abu Bakr ko'nishga majbur bo'ldi. Payg'ambarimiz esa tuyani qarzga oldilar. Imkonlari bo'lishi bilan narxini to'ladilar. Tuyaning nomi Qasvo bo'lib payg'ambarimizning o'sha mashhur tuyasi edi. Bu o'ziga xos jonivor siyrat darslarida ko'p marta tilga olingan. Ular Yasribga yetib kelganlarida tuyaga muhim bir vazifa topshirildi. Mushriklar istalgan payti nimadir qilishlari mumkinligi sabab ular iloji boricha tezroq harakat qilishlari kerak edi. Ammo u zotga berilgan omonatlar-chi? Rasululloh alayhissalom Alining oldiga bordilar.

Hijrat qilmoqchiliklarini aytib shunday dedilar. "Tunda mening o'rnimda uxla, o'zingni mening mana shu yashil yopinchig'imga o'rab ol. Qo'rqma, senga hech qanday ziyon kelmaydi." Mushriklar u zotning o'rindiqlari bo'shab qolganini ko'rsa ketganlarini bilib darhol ortlaridan odam yuborar edi. Bu ish ularga vaqtdan yutishga yordam berdi. Ali roziallohu anhu omonlatlarni egalariga qaytarib ularning ortidan yo'lga chiqdi. Axr bu ish insondan kuchli matonat va sadoqat talab qiladigan ish emasmidi? Chunki ana shu o'rindiqda yotish ochiq o'lim bilan o'ynashishdek gap edi. Ammo Rasululloh alayhissalomning Aliga "Qo'rqma, senga ziyon yetmaydi" degan gaplari u uchun yetarli bo'ldi.

Chunki u 13 yoshdaligidayoq va'da bergan edi. Payg'ambar alayhissalomning "Kim da'vatimga javob berib mening yordamchim bo'ladi?" deganlari yodingizdami? U qo'lini ko'tarib shunday dedi: "Ey Allohning habibi, ular ichida eng kichigi bo'lsam ham o'zim sizga yordam beraman". Ana endi u ana shu va'dasiga vafo qilayotgan edi. Shunday qilib payg'ambarimiz Alini o'z o'rinlariga joylashtirib u bilan vidolashdilar. U zot ketay deb turganlarida uyni o'rab olishdi. Har bir urug'dan kelgan qurolli kishilar uyni o'rab oldi. Endi nima bo'ladi? Bostirib kirishadimi? Ular Johiliyat kishilari bo'lsada ularda sharaf tuyg'usi kuchli bo'lgan.

Ular uchun bir kishini o'ziga borib o'ldirib kelish erkak kishiga yarashadigan ish emasdi. Shu sabab ular Payg'ambarimiz alayhissalomning o'zlari chiqishini kutishdi. Rasululloh esa butunlay Allohga suyangan holda zarrachalik ham qo'rqmadilar. Qo'llariga bir siqm tuproq olib, mushriklarga sepdilar, so'ng Yosin surasining ilk 9 oyatini o'qib, ular yonidan o'tib ketdilar. To'qqizinchi oyatida Alloh shunday deydi: "Va Biz ularning oldilaridan ham to‘siq qildik, orqalaridan ham to‘siq qildik, ko‘zlariga parda tortdik. Bas, ular ko‘rmaslar." Ko'zlar faqatgina ko'rish ne'matining egasi Alloh ruxsat bersagina ko'ra olur.

Ana shu tunda Alloh mushriklar ko'ziga parda tushurib o'z Habibini ularning ko'zidan pana qildi. Nima bo'lganidan butunlay bexabar bo'lib ular eshik oldida payg'ambar alayhissalomning chiqishlarini kutib turardilar. So'ng o'tkinchi bir kishi ulardan so'radi: "Nimani kutib turibsizlar?" "Biz Muhammadni kutib turibmiz." "Muhammad ustingizga tuproq sepib ancha avval ketib bo'ldi-ku. Ustingizga bir qarang." Ustlariga qarasalar kiyimlari tuproqqa belanib ketganini ko'rishdi. Hayratda qolib nima bo'lganini tushuna olishmadi. So'ng uy ichiga qarab o'rindiqda kimdir uxlab yotganini ko'rishdi. "Ana u." "Muhammad uxlab yotibdi." Kutishda davom etishdi.

Ungacha Allohning habibi Abu Bakrning uyiga kelib bo'lgan edilar. Kelishganlaridek avval ikki tuyani Urayqitga berdilar. Uch kundan so'ng Savr tog'i ostida ko'rishib so'ng yo'lga chiqishga kelishib olishdi. Bu payt mushriklar eshik oldida tong otguncha payg'ambar alayhissalomni kutishda davom etishdi. Tong yorishgach Ali roziallohu anhu o'rnidan turdi. Mushriklar buni ko'rgach hayratda qolib so'rashdi, "Muhammad qani?" "Bilmayman. Uni siz shunga majbur qildingiz. U esa ketdi." Mushriklar aqldan ozishdi. Ali roziallohu anhuga Baqirib uni tortqilay ketishdi. Xatto Ka'ba oldiga olib borib biroz ushlab turdilar va keyin qo'yib yubordilar.

So'ng ular Makkaning har bir ko'chalarini qarab chiqishdi, borishlari mumkin bo'lgan joylarni ko'zdan kechirishdi. Abu Jahl Abu Bakrning uyiga bordi. "Och eshikni dedim senga!" Qizi Asmo eshikni ochdi. Abu Jahl undan "Otang qani?" deb so'raganda. Asmo unga "Bilmayman" dedi. So'ng uning homiladorligiga qaramay Abu Jahl unga shunday shapaloq tushirdiki, uning sirg'asi uchib ketdi. Hammayoqni qarab chiqib na Abu Bakrni, na Muhammad alayhissalomni topdilar. Nihoyat ularning ketib bo'lishganini tushunishdi. Bu safar ular mukofot e'lon qilishdi.

"Kimda kim Muhammad va Abu Bakrni tirigi yo o'ligini keltirsa 100ta tuya beriladi." Bu shahardagi har bir o'g'ri, qaroqchi va Jonidan to'ygan kishi uchun yoqimli imkoniyat bo'ldi. Ular darhol mukofot uchun yo'lga chiqishdi. Bu asnoda Allohning Habibi va Abu Bakr Juma kuni kechga yaqin Savr g'origa yetishdi. Abu Bakr g'orga kirib uni tozalab chiqdi. Uchida teshiklar ko'pligi sabab ulardan ilon yoki chayon chiqib Payg'ambar alayhissalomga ziyon yetkazishidan qo'rqdi. Shu sabab libosini bo'laklarga bo'lib teshiklarga tiqib chiqdi. Kiyim yetmay qolgani sabab so'ngi teshikni oyog'i bilan yopib oldi. So'ng payg'ambar alayhissalomni ichkariga chaqirdi.

Rasululloh kirib Abu Bakr tizzasiga bosh qo'yib uxlab qoldilar. Birozdan so'ng Abu Bakr o'ta qattiq og'riqni his qildi. U bosib turgan teshikdan ilon chiqib oyog'ini chaqib olgandi. Ammo oyog'ini ko'tarmadi. Allohning Habibi uyg'onib ketmasin deb qimirlamay o'tiraverdi. Ammo og'riqning kuchliligidan ko'zlaridan yosh oqa boshladi. Uning ko'z yoshlari Payg'ambar alayhissalom yuzlariga tushib uyg'otib yubordi. Rasululloh "Ey Abu Bakr, nima bo'ldi?" dedilar. U shunday dedi: "Ey Allohning Habibi, oyog'imni nimadir chaqib oldi, ammo bu hech nima emas. Sizga ota onam fido bo'lsin." Alloh o'z payg'ambarining tupugini ham shifo vositasi qilib qo'ygandir.

Allohning Habibi jarohat joyiga tupuglaridan tekkazib qo'ygan edi darhol uning og'rig'i yo'q bo'ldi. Yillar o'tib, Umar o'sha kechani sahobalarga eslatib, derdi: "Jonim qo'lida bo'lgan Zotga qasamki, Abu Bakrning kechasi Umar oilasining barcha a'zolaridan yaxshiroqdir". Bu so'zlar bilan u ana shu tunni butun hayotidan ham qadrliroqligini aytardi. Allohning izni bilan g'orga kiraverishda bir o'rgimchak to'r to'qib qo'ydi. Buni ko'rgan odam payg'ambar alayhissalomning ichkarida ekanligiga ishonmasdi. Ammo bu havf yaqinligi belgisi ham edi. Mushriklar xatto g'orning og'zigacha kelishdi. Payg'ambar alayhissalom va Abu Bakr g'ordalik payti Asmo ularga yegulik olib kelardi.

U ikki xalta yegulik tayyorladi, ammo ularni bir biriga bog'lagani arqon topa olmadi. Uning beliga o'raydigan bog'ichi bor edi. Ana shu davrlarda ayol kishining bel bog'ichisiz odamlar ko'ziga ko'rinishi o'ta katta sharmandalik Belgisi edi. Shunday bo'lsada u hech nimaga qaramay bog'ichini olib xaltalarni unga bog'ladi. Payg'ambar alayhissalom buni ko'rgach shunday dedilar: "Asmoning jannatda ikki bog'ichi bo'ladi." Bu orada shafqatsiz mushriklar ularni har yoqdan izlashdi. Ular ichidagi mahoratli izquvarlar har bir ishorani o'rganib chiqishdi. Nihoyat ular oyoq izlarini ko'rib ana shu tomonga yura boshlashdi. Ammo izlar Savr g'origa olib borardi.

Bu ularga g'alati ko'rindi, chunki tog' Madina yo'liga teskari edi. Ammo ular qo'lidan kelgan barcha ishni qilishardi. Shu sabab toqqa yetmagunlaricha izlashda davom etishdi. Abu Bakr roziallohu anhu qattiq tashvishlandi. Chunki ular o'ta yaqin turishardi. U qo'rqardi, ammo o'zi uchun emas. O'zidan ham ko'proq yaxshi ko'radigan zot Payg'ambar alayhissalomni o'ldirib qo'yishsachi? Shu bilan hammasi tamommi? Mushriklar g'orga yaqinlashishdi. Abu Bakr shunday deb pichirladi: "Ey Allohning Rasuli, meni o'ldirishsa hech nima o'zgarmaydi, men oddiy bir insonman. Ammo, Alloh saqlasin, sizga ziyon yetkazishsa bu butun ummatni parokanda qiladi" Allohga butunlay ishongan payg'ambar shunday dedilar.

« La tahzan, innAllaha ma'ana. "Xafa bo‘lma, Alloh, albatta, biz bilan" Mushriklar "Mana bu g'orni ham ko'raylikchi" deyishdi. Ulardan biri g'or og'ziga keldi. Shu darajada yaqin kelganidan Rasululloh va Abu Bakrni istalgan payt payqab qolishlari mumkin edi. Abu Bakr "Ey Allohning Rasuli, agar oyoqlari ostiga qaraguvdek bo'lishsa bizni ko'rib qolishadi" dedi. Rasululloh hotirjamlik bilan shunday dedilar. "Ey Abu Bakr, uchinchi sherigi Alloh bo'lgan ikki kishi to'g'risida fikringiz qanday?" Quraysh rahbarlaridan biri Umayya ibn Xalaf baqirdi. "Nega g'or og'zida turib qoldingiz? G'or og'zidagi o'rgimchakni ko'rmayapsizlarmi?

Allohga qasamki, bu O'rgimchak to'ri Muhammad tug'ilishidan avval ham bor bo'lgan." Shunday qilib, izlaganlarini topa olmay qaytib ketishdi. Birgina o'rgimchakning nozik to'ri orqali Alloh ularning rejalarini chippakka chiqardi. So'ngra Payg'ambarimiz va Abu Bakr g'ordan chiqishdi. Endi safarlarini davom ettirish vaqti yetdi. Ular Abdulloh ibn Urayqit bilan uchrashib, berilgan tuyalarni olib yo'lga chiqib ketishdi. Qizig'i shundaki Abdulloh ibn Urayqit mushriklardan edi. Qilayotgan ishidan boshqalar xabar topsa nima bo'lishini bir o'ylab ko'ring. Undan tashqari Payg'ambarimizga xiyonat qilib, mushriklarga ularni sotib berib evaziga 100ta tuyaga ega bo'lishi mumkin edi.

Ammo Payg'ambarimizga qilgan xizmati uchun ikkita tuya olgan xolos. Ammo Urayqit gapida turadigan haqiqiy ishonchli erkak bo'lgan. Hech kimga bildirmay ikkala tuyani keltirib ularni yo'lga ravona qildi. Mushrik bo'lib turib ham va'dasini buzmadi. "Xizmatingiz uchun rahmat." Hazvara degan joyga yetishgach payg'ambarimiz tuyalarini to'xtatib Makkaga so'ngi bor qarab oldilar. Qalbida chuqur qayg'u bilan shu so'zlarni aytdilar. "Sen Allohning yerlari ichida eng yaxshisisan va men uchun eng sevimlisan. Agar u yer odamlari meni majbur qilmaganlarida seni tashlab ketmagan bo'lardim" Ammo qaytishlari haqidagi xushxabarni qabul qilib bo'lgandilar. Alloh taolo unga mana shu oyatlarni nozil qildi.

"Senga Qur’onni farz qilgan zot, albatta, seni qaytar joyga qaytarguvchidir." Ya'ni uning vatani Makkaga. Allohning Habibiga ilk oyatlar nozil bo'lganida Varaqa ibn Navfal nima degani yodingizdami? "Xalqingiz sizni quvib chiqaradi." Shu onda ana shu so'zlarning ma'nosi har doimgidanda tushunarliroq bo'ldi. Makka xalqi ko'z oldlarida ko'tarilgan quyoshni ko'rmadilar. Ana endi olamlarga rahmat bo'lgan ushbu xazina qo'llaridan chiqib ketayotgan edi. Uzoq masofa bosib o'tilgach yo'llarida bir chodirga duch kelishdi. Dam olishlari kerak edi. Chodir Abu Mo'bod va ayoli Ummu Mo'bodga tegishli edi. Allohning habibi ularga salom berdilar. Ulardan yegulik sotib olmoqchi edilar.

U zot ulardan "Yeyishga xurmo yoki biror nimangiz bormi?" deb so'radilar. Ummu Mo'bod mehmonlarni qaytarib yuborishga uyaldi. U yeyishga hech nimasi yo'qligini aytdi. Shunda Rasululloh oriq va kuchdan qolgan echkini ko'rib so'radilar, "U sut beradimi?" Ummu Mo'bod "Uning xatto qoni ham yo'q-ku, sut qayoqdan bo'lsin?" dedi. Rasululloh echkini sog'ishga izn so'radilar, Ummu Mo'bod ruxsat berdi. Payg'ambar alayhissalom qo'llarini echkining Tagiga uzatib uning yelinini siladilar. So'ng "Bismillahir Rohmanir Rohiym" deya duo qildilar. So'ng chelak keltirishni so'rab echkini sog'a boshladilar. Ne ajab-ki, kuchdan qolgan bu echki shu darajada ko'p sut berganidan chelak to'lib toshdi.

Undan hamma to'ygunicha ichdi. Payg'ambarimiz uni uch marta sog'dilar. Uchinchisini esa Ummu Mo'bodga qoldirdilar. So'ngra yo'llarida davom etdilar. Keyinchalik Ummu Mo'bod ana shu echki ancha payt sut berganini aytadi. Hatto qurg'oqchilik va ocharchilik bo'lib hech nima qolmaganda ham uni har kun tongda va kech kirganda sog'ib olishardi. Qiyinchilik safari hali tugamadi. Yolda ketib borar ekanlar safar davomida ochiq o'lim bilan ro'baro kelishardi. Makkada 100ta tuya mukofoti haqidagi xabar tez tarqadi. Hamma uni qo'lga kiritishga intilardi. Ulardan biri Suroqa edi. Unga uch kishi bir tomonga ketayotgani aytildi.

Ularning kimligini angladi, ammo mukofot o'ta katta bo'lgani sabab unga o'zi ega chiqmoqchi bo'ldi. U xuddi bu hech nima emasdek javob qaytardi. "Yo'q, u odamlar boshqa odamlar. Bir necha kun avval yonimizdan o'tib ketishgandi. Ularni biz ham ko'rdik.." Ammo keyin otiga minib yo'lga chiqdi. Suroqa mohir izquvar bo'lib ko'pchilikka tanilgan. Tez orada u Rasululloh, Abu Bakr va Abdulloh ibn Urayqitni ko'rdi. Ularga yaqin kelganida oti qoqilib ketib uni yerga uloqtirdi. Otiga minmoqchi bo'lgan edi u yana yiqitib yubordi. Birozdan so'ng yana shunday bo'ldi. Bu safar otning old oyoqlari qumga chuqur botib qoldi. Nima qilmasin ularni chiqara olmadi.

Shunda u bir narsani tushundiki, bu oddiy ish emasdi. Ularni Alloh himoya qilardi. U baqirdi, "Ey Muhammad! Duo qilib meni qutqar! Senga zarar bermayman. Va ortingdan kelganimni ham hech kimga aytmayman." Payg'ambar alayhissalom duo qilganlarida Suroqaning oti qumdan chiqdi. Ko'rganlaridan qattiq ta'sirlandi. U Payg'ambar alayhissalomni chaqirib gaplashdi. U payti Islomni qabul qilmagan edi. Ammo qalbida iymon urug'lari una boshladi. Keyinchalik u ham musulmon bo'ldi. Payg'ambarimiz bilan gaplashib olgach shunday dedi. "Ey Allohning elchisi, menga buyur, nimani istasang shuni qilaman." Rasululloh boshqalar ortlaridan kelishiga yo'l qo'ymasligini so'radi.

Suroqa ortiga qaytib ketdi, Quraysh yuborgan odamlar bilan ro'baro' kelgach shunday dedi. "Bu yerlarni qidirib hech kimni topmadim. Boshqa joyni qidiramiz." Shu bilan ularni qaytarib yubordi. Kun avvalida u Payg'ambarimizni tutib kelish uchun otiga mingan edi. Ammo kun oxirida u zotning himoyachisiga aylandi. Allohning elchisi keyinchalik unga shunday derdilar. "Suroqa, Kisroning bilaguzuklarini taqsang, qanchalik xursand bo'lar ekansan a?" Suroqa unchalik tushunolmadi. Ammo yillar o'tgach Qodisiyya jangidan so'ng Kisroning bilaguzuklari tuyalarga ortilgan holda keltirildi. Shunda o'sha davr xalifasi Umar roziallohu anhu Suroqani chaqirdi.

Hijrat haqida tafakkur qilib ko'rsak kuchli haqiqat yuzaga chiqadi. Suroqa keldi, u zotni o'ldirolmadi. U zotning boshlariga 100ta tuya qo'yildi. Mukofot ilinjida o'nlab kishilar u zotni ortlaridan quvishdi, ammo topa olishmadi. Jonini olish uchun kelib uyini o'rab oldilar, ammo u zotni ko'ra olmadilar. G'orda u zotga yaqin kelishdi, ammo o'ldira olishmadi. Hech qachon o'ldira olishmaydi. Chunki vazifalarini ado etib bo'lmagunlaricha Alloh u zotni o'limdan himoya qilardi. Qur'on nozil bo'lishi nihoyasiga yetgach u zot to'shaklarida xotirjam jon berishlari mumkin edilar. Bu narsa Qur'onda allaqachon mo'jiza sifatida bayon qilingan. Moida surasida, 67-oyatning boshida Alloh shunday deydi.

"Ey Payg‘ambar! Senga Robbingdan nozil qilingan narsani yetkaz. Agar shunday qilmasang, Uning elchiligini yetkazmagan bo‘lasan. Alloh seni odamlardan saqlaydir." O'ylab ko'ring. Ularning rejalari oddiy edi. Bir kishining o'limi bilan hammasi tugardi. Ammo, u zot ular bilan Makkada 12 yil yashab, ko'rinishidan himoyasiz ko'ringani bilan, unga zarar bera olishmadi. Hayotlari davomida u zotga sanoqsiz suiqasdlar qilindi. Namoz o'qir ekanlar boshlarini tosh bilan yorishga urindilar. Yana bir kuni orqadan kelib bo'g'moqchi bo'ldilar. Daraxt ostida yotganlarida qilichlari olib o'ldirmoqchi bo'ldilar. U kishiga zaharlangan taom berdilar.

Devorga suyanib o'tirganlarida ustlariga katta tosh tashladilar. Umar roziallohu anhu esingizdami? U Payg'ambarimizni o'ldirish niyatida yo'lga chiqqandi. U zot janglarda qatnashib, asosiy nishon bo'ldilar, o'ta og'ir damlarni boshdan kechirdilar. Shunga qaramay, u zot barchasidan omon qoldi. Mana shunday hayot kechirib mas'uliyatli vazifaga ega bo'lgan kishining 23 yil davomida o'ldirilmasligi va keyin o'z o'rnida tinchgina vafot etishi g'ayrioddiy emasmi? Undan ham ajablanarlisi bu haqida Qur'onda allaqachon bayon qilingan edi. Robbimiz o'z elchisini odamlardan himoya qilishga va'da bergan edi va oxirigacha himoya qildi. Rasululloh va Abu Bakr deyarli 10 kun yo'l yurdilar.

Musulmonlarning yangi davrini boshlab beruvchi hijrat nihoyat tugay boshlagan edi. Bu muborak safar unutilmas manzaralarga boy bo'ldi. Birodarlik, yo'qotishlar, Allohga bo'lgan tavakkul, intizorlik, Hidoyat urug'ining ekilishi, xatar onlari, o'limdan zo'rg'a qutulish va mo'jizalar. Tashqaridan qaraganda safar 10 kungina davom etdi. Ammo aslida ancha uzoq davom etgandek tuyildi. Har bir on o'ziga xos hayajon va o'git bilan keldi. Madinaga yetay deb qoldilar. Bu shahar tez orada Islom markaziga aylanadi. Ular Yasribni Madinaga aylantirishga kirishganlarida, keling, Yasrib qanday joy bo'lganiga nazar tashlaylik. Yahudiylar bilan birga Yasribda ikki katta Arab qabilasi Avs va Xazraj yashagan.

Yahudiylar bu ikki qabiladan avval kelib joylashgan edilar. Chunki ularning qo'lyozmalarida ular so'ngi payg'ambar kun kelib Yasribga hijrat qilishi yozilgan edi. Shu sabab ular o'sha yerda yashashga qaror qilgan edilar. Ular uchta Banu Qaynuqa, Banu Qurayza va Banu Nadir qabilalariga bo'lingan edilar. Payg'ambarimiz Madinaga kelganlarida shahar aholisi 10 minga yaqin bo'lib uning 40 foizi yahudiylardan iborat edi. Ular ozchilik bo'lsalar ham Arablardan kuchli edilar. Ayniqsa savdo va hukumat ishlari va boshqa sohalarda ham. Yillar davomida Avs va Xazraj qabilalari bir birlari bilan urushib yashardilar. So'ngi janglarida son jihatdan oz bo'lsa ham Avs qabilasi Xazrajni yenggan edi.

Shundan so'ng ular kelishuv tuzdilar. Ulardan biri rahbar sifatida tayinlanishi kerak edi. Ular ovoz bergan kishi esa, ismi ko'p bor eslanadigan Abdulloh ibn Ubay ibn Salul bo'ldi. Uning xatto o'z toji ham bor edi. Ammo musulmonlarning Yasribga qilgan hijratlari sabab yangi tizim boshlanmasidanoq barcha qilgan rejalari barbod bo'ldi. Bu holat uning yuragida nafrat olovini kuchaytirdi. Umrining oxirigacha bundan azob chekib yurdi. O'zi ochiq tan olmasada yillar davomida musulmonlarga qarshi ish qilib maxfiy rejalar tuzardi. Atrofidagilar boshini aylantirish payida yurardi. Mana shu sabab, tarix davomida, u munofiqlarning sayyidi deb tilga olinadi. Yasribda e'tiqod masalasi qanday bo'lgan?

Har holda Makkadagidan boshqacha. Ularda Manot ismli but bor edi. Makkada bo'lgani kabi, ularning oz qismi butparastlikni rad etib, Rasulullohning ota-onalari kabi haniflar sifatida yashadilar. Bu shaharni Rasululloh butunlay o'zgartirib, konstitutsiyasi, ta'lim tizimi, harbiy tizimi, razvedkasi, savdo tizimi va boshqa ko'p narsalar bilan Islom davlatini barpo etgan edilar. Keling endi Rasulullohning Yasribga kelishlari va bu shaharning Madinaga aylanishiga guvoh bo'lsak. Madinaga kelishlaridan avval Rasululloh so'ngi uch kunni shahardan bir soatlik masofadagi Qubo qishlog'ida o'tkazdilar. Bu yerda u zot mustahkam poydevor qo'ydilar va birinchi masjid - Qubo masjidini qurdilar.

Shuningdek mana shu joyda Ali roziallohu anhu bilan ko'rishdilar. Esingizda bo'lsa Ali Makkada qolar ekan, Rasululloh unga omonatlarni egalariga qaytarishni vasiyat qilib qoldirgan edilar. Allohning habibi uni ko'rgach yuzlariga tabassum yurib quvondilar. Ali deyarli bir hafta yo'l yurib qattiq charchagan edi. Oyog'ining osti jarohatlarga to'la edi. Payg'ambar alayhissalom muborak qo'llari bilan Alining oyoqlarini silab qo'ygandilar xuddi hech nima bo'lmagandek tuzalib ketdi. Nihoyat juma oqshomida Madinaga safar boshlandi. U yerdagi musulmonlar u zotning kelishlarini katta qiziqish bilan kutishardi. Ayollar, erkaklar va yosh bolalar. Hammaning ko'zi sahrodan uzilmasdi.

Ular bomdod namozidan beri kutib o'tirishardi. Peshinning jazirama issig'igacha ular ufqqa qarab turishdilar. Hamma bir narsani o'ylardi. Allohning habibi Makkadan eson omon kelarmikan? Bir kun, ikki kun, uch kun. Kutish nihoyasiga yetmasdi. Ana shu kunlarning birida ular Allohning habibini kutib turishardi. Na inson zoti ko'rinar, na biror xabar kelardi. Peshinning issig'i kuchaygani sari odamlar birma bir uylariga qarab keta boshlashdi. Ana shu payti bir kishining ovoz eshitildi. "Hoy Arablar!" "Rahbaringiz keldi!" Bu xabarni aytgan odam yahudiy edi. Daraxt ustida turib u Payg'ambarimizni sahoblari bilan ko'rgan edi. Bir deganda tinch ko'chalar quvonchga to'ldi.

Barcha qiyinchilik, barcha o'lim tahlikalari nihoyat tugadi. Hijrat nihoyasiga yetdi. Ular Madina shahriga kelishdi. Allohning Habibi Yasribning markazi tomon kirib borardilar. Musulmonlarning quvonch va takbirlar qichqirig'i ko'chalarda aks-sado berdi. Aynan shu yerda o'sha mashxur "Tola al Bardu a'layna" she'ri qo'shiq qilib aytildi. Hamma, bolalar, yoshu qari, bir ovozdan ularga tushgan nurni quyidagi so'zlar bilan kutib oldi: Ana shu onlarni bir tasavvur qilib ko'ring-a. "Vado vodiysidan to'lin oy bizning ustimizga ko'tarildi. Allohga qilgan da'vatingiz uchun shukr qilmog'imiz lozim. Ey bizning oramizda voyaga yetib, itoat qilinadigan so'z bilan kelgan zot.

Shahrimizga go'zal narsa olib keldingiz. Xush kelibsiz, Alloh yo'lidagi eng yaxshi da'vatchi." Payg'ambarlarning oxirgisi va eng buyugi barcha zamonlar va butun insoniyatga murojaat qiladigan vahiy - Qur'onni olib kelmoqda. U eng buyuk xushxabar, abadiy oxirat xabari va abadiy baxt va'dasi bilan kelmoqda. Tasavvur qiling u zot endi sizning shahringizda yashaydi. Namozda imomlik qilganini ko'rasiz, suhbatlaridan bahramand bo'lasiz, balki sizdan ahvolingizni ham so'rar. Unga hech kimga aytmagan dardlaringizni aytib berasiz. Allohning yerdagi elchisi sizni bag'riga bosib tinchlantiradi. Balki siz uchun aytgan gaplari hadislar orqali yetib kelar. Oyat nozil bo'lishiga guvoh bo'lasiz.

Juda ko'p narsalarni ozru qilishingiz mumkin. Eng katta orzuyingiz nima bo'lishini bilasizmi? Menimcha u zotning uynigizda mehmon bo'lib qolishi bo'lsa kerak. Xuddi boshqa sahobalar orzu qilganlari kabi. Hamma ,u zot qayerda qoladi, deb o'ylardi. Chunki Madinada hali uylari yo'q edi. Tuyalarining bog'ichini ushlab odamlar "Ey Allohning elchisi, iltimos bizning uyimizda qoling" derdilar. Ammo Rasululloh "Tuyani qo'yib yuboring, unga qayerda to'xtashi amr qilingan" derdilar. Xo'sh u qayer ekan? Hamma tuya qayerda to'xtashiga o'ta qiziqdi. Bir joyni qidirgandek yurishda davom etdi. Boshini hali uyoqqa hali buyoqqa qaratardi, nihoyat u bir joyga kelib cho'kdi.

Allohning elchisi "Shu yerda qolamiz" dedilarda yerning egasi kimligini so'radilar. U ikki yetimning yeri edi. Rasululloh u ikkisini chaqirtirib yer narxini to'lamoqchi bo'ldilar. Ammo bu ikki yetim "Yo Rasululloh, buning badalini faqatgina Allohdan kutamiz" deyishdi. Payg'ambar alayhissalom buni eshitib juda quvondilar. Ammo yetimlarning haqqini ado qilmay yerni olmas edilar. Ularning taklifiga ko'nmadilar. Buning o'rniga Abu Bakr yerni toliq narxida 10 misqol tilloga sotib oldi. Ana shu yerda hozirgi mashhur Masjid an-Nabaviy qurib bitkazildi. Abu Bakrning sahiyligiga bir qarang. Millionlab kishilar ana shu masjidda namoz o'qishadi. Ularning savoblari haligacha Abu Bakrga yetib turadi.

Masjid bitgunicha Allohning elchisi yaqinroqdagi bir joyda turmoqchi bo'ldilar. U zot "Qarindoshlarimizdan kimning uyi yaqinroq?" dedilar. Abu Ayyub al-Ansoriy nomi bilan tanilgan Xolid ibn Zayd, hayajon bilan shunday dedi: "Ey Nabiyulloh! Mening uyim eng yaqindir. Mana bu mening uyim, bu esa uning eshigi." So'ng, Payg'ambarimizning izni bilan narsalarini olib kirib uyni tayyorladi. Rasululloh alayhissalom manashu uyda 7 oy turadilar. Birinchi qilgan ishlari sotib olingan yerda masjid qurish edi. Muborak qo'llari bilan Rasulullohning o'zlari masjidning ilk tamal toshini qo'yib berdilar. Masjid qurilishida u zot ham qatnashdilar.

Musulmonlar u zotning mehnat qilayotganlarini ko'rib yanada ko'proq g'ayrat bilan ish qilishardi. Bir kuni Payg'ambar alayhissalom g'isht tashiyotganlarida sahobalardan biri shunday dedi. "Ey Allohning elchisi, bering men o'zim ko'taraman." Lekin Rasululloh: "Borib, boshqa birini ko'taraqol. Allohning mukofotiga mendan ko'proq muhtoj emasdirsan" dedilar. Madina Islomning markazi bo'lar ekan, bu masjid Madinaning markaziga aylandi. Madina endi cho'lda zo'rg'a omon qoladigan va doimiy janglar natijasida parchalanib ketadigan shahar bo'la olmasdi. Va u endi urf-odatlardagi eng kichik tortishuv sabab qilichini yalong'ochlaydigan rahbarlar boshchiligidagi joy bo'lib qola olmaydi.

Kishi o'z qo'shnisiga qarshi boshqalar bilan sulh tuzishi to'xtatiladi. Qisqa qilib aytganda bu shahar inson hayoti, mulki va sharafi toptaladigan joy bo'lmaydi. Balki u Islom ramzi bo'lishi lozim edi. Bunga erishish uchun Payg'ambar alayhissalom uch dushmanni yengishi lozim edi. Johillik, ocharchilik va janjallar. Ya'ni kelishmovchiliklar, bo'linishlar va urushlar. Kelishmovchilik oldini olish uchun hali hech kim qilmagan ishni qildilar. Bir kuni u zot Anas ibn Molikga Makkadan kelgan muhojir musulmonlarni va ularning yordamchilari bo'lgan ansorlarni ya'ni Madina musulmonlarini chaqirishni buyurdi. Taxminan 45 muhojir va 45 ansor sahobalar Rasululloh qarshisida to'plandilar.

Sahobalar nega chaqirilganini bilishmasdi Nima bo'ladi? Mus'ab ibn Umayr va Abu Ayyub al-Ansoriy. Salmon ul-Foris va Abu Dardo. Payg'ambarimiz har bir ansorni muxojir bilan do'st tutuntirib qo'ydilar. Bu nizolarning oldini olish uchun eng yaxshi yo'l edi. Ansorlar va Muxojirlar o'rtasidagi qalin rishta. Ya'ni, u hijrat qilgan har bir sahobani Madinadan kelgan bir sahoba bilan juftlashtirdi va ularni birodar deb e'lon qildi. Chunki u zot nizolarni bartaraf qilishning eng yaxshi yo'li birodarlikning asl mohiyatini anglab yetish deb bilar edilar. Ularni tasodifiy tanlov asosida emas balki shaxsiyatlari bir birlariga mos bo'lgan va osongina til topisha oladigan sahobalarni birodar tutuntirdilar.

Bu bilan ularning barini bir birlariga birodar qildilar, faqat Ali roziallohu anhudan tashqari. Hammaning ismi eshitilib uniki qolib ketgan Ali payg'ambarimiz oldilariga boshini egib kelib shunday dedi. "Ey Allohning habibi, barcha sahobalarnig bir birlariga birodar tutuntirdingiz, ammo menga hech kimni tanlamadingiz." Allohning elchisi tabassum qilib "Ey Ali sen dunyo va oxiratda mening birodarimsan" dedilar. U zot Alini o'zlariga birodar qildilar. Albatta bu birodarlik "Sizlarni birodarlar deb e'lon qilaman" deb qo'yishning o'zi emasdi. Muhojirlar o'z uylarini, tug'ilib o'sgan shaharlarini, boylik, mol-mulklarini va qarindoshlarini qoldirib kelgan edi.

Ansorlar ularga "O'z aravangni o'zing tort" demadilar. Ular "O'zim zo'rg'a kun ko'ryapman" demadilar. Balki molining yarmini birodariga berishga tayyor edilar. Anashundan boshlab bir uyda birgalikda yashay boshlashdi. Albatta muhojirlar ham ularga og'irlik tushmasligi uchun qo'llaridan kelgancha harakat qilishardi. Tarix bo'yicha birinchi bor dunyo manashunday birodarlikka guvoh bo'layotgan edi. Chunki ular o'z birodarlarini o'zlaridan ustun qo'yardilar. Bu samimiyat Alloh taolo tomonidan Qur'on oyatida bayon qilindi. وَيُؤْثِرُونَ عَلَىٰٓ أَنفُسِهِمْ "Ularni o‘zlaridan ustun qo‘yarlar." Asrlar davomida manashu buyuk ish Iysor deya ta'lim berib kelinmoqda.

Manashu o'ziga xos tizim bilan Allohning rosuli ehtimoliy nizolarning oldini oldilar. Endi uch muammoning yana biriga navbat yetdi. Johillik, ilmsizlik. Bu muammoni hal etish uchun Payg'ambar alayhissalom Madinaga kelishlari bilanoq Masjidun Nabaviy yonida Suffa nomli bir maktab qurilishini buyurdilar. Bu holat Makkadagi Dorul Arqamning Madinadagi davom etishi edi. Suffada taxminan 70ta sahoba bo'lib ko'pchiligining turar joyi yo'q edi. Ular Qur'onga, uning ma'nolarini chuqur o'rganishga, va buni Rasulullohdan o'rganishga borlarini bag'ishlar edilar. Boylik borasida Suffa kishilari kambag'al bo'lsa-da taqvo va ilm borasida ular boy edilar.

Ular tunlarini ibodat va ilm olish bilan o'tkazdilar. Ularning ehtiyojlari Payg'ambar alayhissalom qondirardilar. Ular o'rganganlarini boshqalarga tarqatish va odamlarga ustoz bo'lib xizmat qilish orqali u zotning yo'llaridan borishardi. Va nafaqat Suffa orqali; juma xutbalari, kundalik ibodatlardan keyingi eslatmalar, odamlarning savollariga bergan javoblari, xulq-atvori va turli vaziyatlarda ko'rsatgan munosabatlari orqali u zot doimo sahobalariga ta'lim berardilar. Eng ajoyibi nima bilasizmi? Insoniyat tarixida hali hech kim payg'ambarimiz kabi hayotning har sohasiga doim ilm bera olmagan.

Odatda bir kishi tarixda qoladigan bo'lsa asosan bir sohada masalan iqtisod sohasida tanilgan bo'ladi. Boshqa sohalarda esa ko'zga ko'rinarli salohiyatlari topilmaydi. Kimdir huquq sohasida ko'zga ko'ringan bo'lishi mumkin ammo boshqa ijtimoiy sohalarda unchalik yaxshi emas. Eng aqlli kishi ham zo'r bo'lsa ikki yoki uch sohadagina vakil bo'la olishi mumkin. Ammo Allohning elchisi hadislari bilan hayotning har bir jabhasida, eng tushunarli, aniq yo'llarni ko'rsatganlar. Bugungi kunda Qur'on va Hadisga qaraydigan bo'lsak ular juda ko'plab sohalarda ta'lim berganini ko'ramiz. Masalan huquq sohasida, bir davlatni boshqarish uchun yetarlicha keng qamrovli.

Savdo va iqtisod sohasida ham bir millatni boshqarishga yetarli. Oila hayotida: juftlar bilan qanday murosa qilish, uyda tinchlikni saqlash va farzand tarbiyasi. Aslida bu ikki soha bir biridan mutlaqo uzoq sohalar. Shuningdek, qarindoshlar va qo'shnilar bilan munosabatlar, tozalik va gigiena haqida ta'limotlar mavjud ayniqsa, gigiena sohada Payg'ambarimiz alayhissalom insoniyat bugungi kungacha yeta olmagan ko'rsatmalarni berganlar. Axloq, odob, ruhiy tarbiya, nafsni jilovlash; xattoki hayvonlarga rahm shafqat bilan muomila qilish ham chetda qolmagan.

Hatto u zotning tibbiyot haqidagi ta'limotlariga bag'ishlangan "Tibb an-Nabaviy" Payg'ambarlik tibbiyoti deb nomlangan butun bir kitob ham bor. Unda sog'liqqa atalgan yuzlab hadislar keltirilgan. Hadis kitoblariga qarasangiz bundan ham ko'proq sohalarni ko'rasiz. Bular oddiy gap emasdi. Shunday yuzlab hadislar borki ulardagi masala xatto bugungi kunda ham dolzarbdir. Tarix davomida nufuzli odamlar o'z jamiyatlarini faqat qisman va faqat bitta sohasinigina o'zgartira olganlar. O'zlari bir yoki ikki sohada mohir bo'lishgan.

Lekin yettinchi asrda yashagan shunday bir kishi bor ediki u badaviy qabilasida tug'ilib o'sganiga qaramay bu sohalarning barchasida chuqur bilimga ega bo'lib odamlarni hayotning barcha jabhalarida butunlay o'zgartira oldi. Bu haqiqiy mo'jiza. Bu u zotga, ilmi hamma narsani qamrab olgan Alloh tomonidan ilm berilganligning yaqqol dalilidir. Xullas shunday qilib Payg'ambar alayhissalom johillik muammosini bartaraf etdilar. So'ng navbat yetishmovchilik muammosiga yetdi. Ammo bu boshqalari kabi oson muammo emasdi. Chunki yillar davomida Madina xalqi iqtisodiy jihatdan yahudiylarga tobe edilar. Shahar bozorlari ularning qo'lida bo'lib uni o'zlari hohlaganlaricha nazorat qilishar edi.

Madina iqtisodiyotida hokimiyatni qo'lga kiritgan va shuning uchun oxirgi so'zni aytganlar yahudiylar edi. Savdogar sahobalarning yordami bilan Rasululloh avvalo bozorlarni yaxshilab ko'zdan kechirdilar. Va tushundilarki, yahudiylar boshqaradigan bozorda musulmonlar savdo qila olmas ekanlar. Xo'sh nima qilmoq lozim? Yana bir bor o'ziga xos yo'sinda Payg'ambar alayhissalom yangi bozor tashkillashga qaror qildilar. Uni faqat musulmonlar boshqarsin. Shu zahoti u zot ulkan chodir ko'tarishni buyurdilar. Anashu chodir musulmonlarning alohida bozorlari bo'lib qoldi. Ish faqat chodir ko'tarish bilan hal bo'ldimi? Yo'q.

Aslida bu yerda payg'ambar alayhissalom avvaldan sahobalar o'rtasida tasnif qilgan birodarlik muhim ro'l o'ynadi. Chunki muhojirlar ziroatchilikdan bexabar bo'lsalar ham ammo savdo sotiqda mohir edilar. Ansorlar esa savdo sotiqda zo'r bo'lmasa ham ziroatchilikda mohir edilar. Payg'ambar alayhissalom tomonidan tayinlangan anashu birodarlik bozorda paydo bo'lishi bilan aqil bovar qilmas natijalar namoyon bo'la boshladi. Hammasi ko'ngildagidek bo'layotgan edi. Bir kun tongda bozorga kelib tushlariga kirmagan bir holatning guvohi bo'ldilar. Ahvol o'ta og'ir edi. Bir kun avval savdo qilgan joylari endi yo'q edi. Kim bunday ish qildi ekan? Ular manashu ishdan hursand bo'lmagan yahudiylar edi.

musulmonlar bozorining jozibador bo'lishiga chidab turolmadilar. Shunday qilib, bir kechada Ka'b ibn Ashraf ismli ham shoir, ham to'da boshlig'i bo'lgan bir yahudiy, odamlarini to'plab, hammayoqni vayron qildi. Sahobalar darhol buni Payg'ambarimizga yetkazdilar. Payg'ambarimiz bozorga kelgalarida sahobalar tushkun holatda edilar. So'ng shunday dedilar. "Bugundan boshlab bozorimizni ularni yanada ko'proq g'azablantiradigan joyga quramiz." Yanada kuchli g'ayrat bilan bozorni ko'chirishni boshladilar. Haqiqatda esa Payg'ambar alayhissalom eng muhim saboqni berayotgan edilar. Har bir holatga ijobiy qarash.

Bu ta'limotni o'rgatish bilan u zot xatto hammasi tamom bo'lgandek tuyilganda ham tabassum qila olish mumkinligini eslatdilar. Yangi bozor uchun Baqiy az-Zubayr degan bir joy sotib olindi. Anashundan boshlab u yer musulmonlarning muqim bozoriga aylanib u yerdan hech qanday soliq olinmasdi. Yangi bozorning tashkil etilishi bilan musulmonlar savdoda katta yutuqlarga erishishdi. Shunday qilib qashshoqlik ham bar ham topdi. Faqat bitta narsa qoldi. Odamlar hamjihat yashay oladigan muhit yaratish. Buning uchun Payg'ambar Madinaning tarixiy konstitutsiyasini tayyorladilar. Ushbu shartnoma 47 ta asosiy modda va 5 ta qo'shimcha banddan iborat edi.

Bu bilan Rasululloh qabilalar o'rtasida tenglik va adolat o'rnatishni niyyat qilgandilar. Qizig'i shundaki yahudiylar u zotni payg'ambar deb tan olmasalar ham shartnomaga rozi bo'lishdi. Chunki yahudiy qabilalarda ham zaiflar xo'rlanib kuchlilar doimo haq bo'laverar edi. Madinada bu ishlar bo'lar ekan yahudiylar Payg'ambar alayhissalom haqida nima deyishardi? Aytkanimizdek ular so'ngi payg'ambar manashu yerga kelishini bilishardi. Aslida o'zlari ham shu narsa sabab Yyasribga kelishgan edi. Payg'ambarning shaharga kelishi ularga kuchli ta'sir qildi. Ular o'zi u haqiqiy payg'ambarmi yo yo'qmi deb bahslasha boshlashdi.

Darhaqiqat, Tavrot va Injilda Rasululloh alayhissalomga ishora qiluvchi ko'plab oyatlar mavjud edi. U zotning kelishlari bashorat qilingandi. Xatto bugun ham o'sha davrdagichalik bo'lmasa-da ba'zi ishoralar topiladi. Xo'sh, nima uchun bu kitoblarda Rasulullohning kelishi haqida zikr qilish kerak edi? Chunki bu kitoblar odamlarni yaxshilik uchun ogohlantirgan va muhim voqealarni bashorat qilgan. O'ylab ko'ring. Payg'ambar paydo bo'ladi va tarix davomida u butun dunyoga u yoki bu tarzda ta'sir qiladi. 1400 yil o'tibdiki bugun dunyoning chorak qismi unga ishonadi. Bu insoniyat tarixidagi eng buyuk masala edi. Albatta payg'ambarning chiqishi aytilishi kerak edi-da. Lekin qanday?

U yaxshi inson sifatida keltirildimi yoki yomon? Boshqacha qilib aytganda, Muqaddas Yozuvlarda: "Kelajakda shunday odam keladi", deyilgan bo'lishi kerak edi. Agar yomon bo'lganlarida anashu kitoblarda "Ogoh bo'ling, u diningizga zarar beradi" deyilgan bo'lardi. Agar u chindan ham payg'ambar bo'lganida, ularda: "U Iso va Muso o'rgatgan haqiqiy iymonni tushuntiruvchi payg'ambardir. Unga ergashinglar, toki sizlar noto'g'ri e'tiqodlarga tushib qolmangiz", deyilardi. Anashu kitoblarda biror bir yomon ishora bormidi? Bitta ham yo'q. Demak u zotning ijobiy zikr qilinganlari aniq. Manashu sabab ko'plab yahudiy va nasroniy ulamolari musulmon bo'ldilar.

Ulardan biri Abdulloh ibn Salam, yahudiylarning eng hurmatli ulamolaridan. Keyinchalik u payg'ambarimiz huzuriga kelib uch savolni so'raydida eshitgan javoblaridan yoqa ushlaydi. U faqat payg'ambar bu narsalarni bilishi mumkin derdi. Hammasidan ham, u payg'ambarimiz yuzlariga qaraganda "Bu yolg'onchining yuzi emas" derdida islomni qabul qilib qo'ya qoldi. Undan tashqari boshqa ko'plab yahudiy ulamolari musulmon bo'ldilar. Ibn Yamin, Muxayriq, va Ka'b ul-Ahbor. Hammalarining tarixi har xil. Islomni qabul qilgan nasroniy olimlari quyidagilar edi: Vizantiya patriarxi Dag'atir, Habashiston qiroli Najoshiy, Habashiston ruhoniylari, shuningdek, Najron aholisi va boshqalar.

Albatta Rasulullohni qabul qilmaganlar ham bo'ldi. Ular so'ngi payg'ambar kelishini bilishardi ammo Muahmmad alayhissalom Isroil farzandlaridan emaslig ularga yoqmadi. Boshqacha qilib aytganda tarixda irqchilik namoyon bo'ldi. So'ng Baqara surasidagi bir oyat nozil bo'lib ularning ichki holatlarini aniq tasvirlab berdi "Kitob berilganlar uni xuddi bolalarini tanigandek taniydilar. Va, albatta, ulardan bir guruhlari bilib turib haqni berkitadilar." Payg'ambarimizning hayotlari davomida Madinadagi bu uch yahudiy qabilasi u zotga qarshi dushmanliklarida qanday buzg'unchiliklar keltirib chiqarganining guvohi bo'lasiz. U zot taklif qilgan sakinatni rad etganlarini ham ko'ramiz.

Yasrib Madinaga aylandi. U yerda o'zgacha bir tizm yo'lga qo'yildi. Ammo bu hali hammasi emasdi Albatta Makka musulmonlarga jim qarab turmasdi. Imkon topilishi bilanoq ularning barini yo'q qilish payida edilar. Bu ikki taraf o'rtasida hali ko'p narsalarni o'rganishimiz lozim. Keyingi qismda barchasiga guvoh bo'lamiz. Islom tarixidagi eng jiddiy hodisalar haqida gaplashamiz. Bu voqea musulmonlarga ular duch kelgan eng katta mag'lubiyatni keltiradi yoki ularga hech qachon ko'rilmagan g'ayratni beradi. Keyingi epizodga tayyorlaning, chunki biz tarixdagi eng katta burilish yasagan holatlardan biriga guvoh bo'lamiz. Bard jangi.