Towards Eternity
Blogga qaytish

Islomning eng og'ir kunlari - Sun'iy intellekt orqali tasvirlangan - Ey Rasul | 2 - qism

Nashr sanasi

YouTube’da ko‘rish

Xabbob mohir temirchi edi. O'sha kuni u odatdagidek ustaxonasida edi, lekin hech narsa yasamoqchi emasdi. Qo'l oyoqlari qattiq bog'langan. Qochish yo'li yo'q edi. Terga belanib, uni qayta-qayta masxara va haqorat qilishardi. "Bizning dinimizdan kechib Muhammadga ergashishni tanlading!" U yillar davomida yonida ishlagan o'sha pechda, temir bo'lagi qizdirilardi. Buning sababi ham kundek ravshan. Temir qizigani sari daxshatli voqea ham yaqinlashardi. So'ngra qizib qizil rangga kirgan temir Xabbobga yaqin olib kelindi. Yonayotgan temirni uning tanasiga bosib azoblashmoqchi edilar. Unga so'ngi imkon berdilar. Bir jumlani aytsa bas edi.

Uni duch kelishi mumkin bo'lgan azobdan qutqarishi mumkin bo'lgan birgina jumla. Allohning elchisini yolg'onchi deyish, Alloh saqlasin. Ushbu shafqatsiz hodisaning yagona sababi uning ushbu gaplari edi: "Robbim Alloh. Alloh yagonadir. Undan o'zga iloh yo'qdir." Lekin uning iymon nuri butun vujudini shu qadar chuqur qamrab olgan ediki, kuyishdan qo'rqishini yengib o'tdi. O'z joyida turib ularning tahdidlarini o'zlarining yuzlariga otdi. Qalblari toshga aylangan, vijdonlari butunlay qoraygan shafqatsiz zolimlar g'azabga minib, qizigan temirni Xabbobning boshiga bosa boshladilar. Ushbu videolar ishonchli Islom manbalaridan olingan yuzlab ma'lumotlarga asoslandi.

Barcha sun'iy intellekt vizual materiallari malakali Islom olimlari bilan hamrohlikda tayyorlandi va Islom ko'rsatmalariga muvofiqlashtirildi. Bu holat o'ta qo'rqinchli edi. Hech kim tasavvur qilishni ham xohlamaydigan azob. Yurakni ezuvchi qichqiriq havoda aks-sado berdi. Biroz o'tgach Xabbob og'riqdan hushidan ketdi. Bir tomonda iymoni bilan qat'iyatli va jasur bir kishi, ikkinchi tomonda esa kufr botqog'iga g'arq bo'lgan shafqatsiz butparast turardi. Ularning maqsadi Xabbobni o'ldirish emas, balki dinidan qaytarishga majburlash edi. Yillar o'tgach Xabbob kiyimini yechib, yelkasini ko'rsatib ana shu mudxish kunlarni eslardi.

Har bir chandiq iymonining muhri kabi edi, u boshidan kechirgan azob izlarini olib yurar edi. Xabbob boshidan kechirganlarni mana shunday tasvirlardi: "Bir kuni budparastlar meni tutib olishdi. 'Qani yur!' Olov yoqib orqam bilan unga yotishga majburlashdi. Ulardan biri ko'kragimga oyog'ini bosib turdida olov o'chmaguncha qo'yib yubormadi." Tasavvur qilyapsizmi? Ana shu paytlarni eslar ekan nimalarni his qilganini o'ylab ko'ring. Quraysh bu yangi dinni umuman yoqtirmagan edi. Chunki o'sha dinga ko'ra, bir paytlar qul bo'lgan Xabbob endi uni qiynayotgan xo'jayinidan ustun edi. Chunki hayotning asl ma'nosini kashf qilgan edi. Bu din hamma qarashlarni o'zgartirayotgan edi. Qanaqasiga?

Qanday qilib qora va oq, boy va kambag'al... oliyjanob va oddiy, qul va ozodning barchasi teng deb hisoblanishi mumkin? Qanday qilib bu odamlar birodarlar bo'lsin? Ali kabi yosh yigit, Muhammad payg'ambar kabi katta odam, Abu Bakr kabi oliyjanob odam va Xabbob kabi qul bir majlisda o'tirib, suhbatlasha oladimi? Qizlarga qadrini ko'tarish, ayollarga haqiqiy inson sifatida qarash, ularga so'zlash va fikrlashni bildirish huquqini berish, jannat onalar oyog'i ostida deyish... Bu g'oyalar ularga butunlay qarshi edi. Bu din qayerdan keldi o'zi? Bu butun o'rnatilgan tartibni tahdid ostiga qo'yib, adolat va rahm-shafqatga asoslangan butunlay yangi tizimni kashf qilardi.

Quraysh esa buni qabul qilmasligi aniq edi. Ular Allohga ishonishsa ham, ammo tizimlariga xatto Alloh ham aralasha olmaydi deb bilishardi. Lekin bu dunyoga yashab o'lib ketish uchun kelmaganlar. O'zlari chiqargan qonunlar bo'yicha, istalgan kishilariga zulm qilardilar. Ular o'zlaricha qonun chiqarar ekan, qanday qilib Alloh o'z qonunlarini chiqarmasin? Nahotki Alloh adolatni qoim qilish uchun bir tizim jo'natmaydi deb o'ylashsa? Odamlar bu dunyoda istaganlarini gapirishar ekan, Alloh bularga jim qarab turadi deb o'ylashadimi? Bu ana shu sahobalarning fikrlashi edi. Zulm qancha qattiq bo'lmasin, ular dinlaridan qaytishmasdi. Islomga e'tiqod qilish oson ish emasdi. Bu uchun jasorat zarur.

Nafaqat Xabbob ibn Arat, boshqa ko'plab sahobalar ham sanoqsiz qiyinchiliklardan o'tishardi. Ba'zilari sahroning qizigan quyoshi ostida tasavvur qilib bo'lmas darajada azoblandi. Ba'zilari otalari tomonidan uylarida qamab qo'yildi, och qoldirildi va oilalaridan butunlay uzib qo'yildi. Ba'zilari o'z onalari tomonidan azoblandi. Ular: "Agar bu dindan voz kechmasang och yurib o'zimni o'ldiraman" derdi. Ba'zilar o'z qarindoshlari tomonidan azoblanardi. Ba'zilar qum ustiga yotqizilib, och qoldirilib ustiga qizigan tosh bostirilardi. Ba'zilar esa gapira olmay hushlarini yo'qotgunlaricha jazolanardi. Yana kimdir shuncha azobdan so'ng ko'zidan mahrum bo'lardi.

Ularni "Muhammad yolg'onchi", deyishga Alloh saqlasin, majburlash uchun hech narsa qila olmas edilar. Ammo shunga qaramay ularning soni ozaymadi. Aksiga ular ko'payaverishdi. Bunday kuchli sadoqatni ko'rib, odamlar o'zlariga savol bermasdan iloji yo'q edi: "Bu odamlarni shu qadar mustahkam, kuchli va qo'rqmas qilgan e'tiqod chindan ham yolg'on bo'lishi mumkinmi?" Bir necha shaxslargina emas. Tez orada minglab sahobalar sanoqsiz fidoiyliklar qilishardi. Qanday qilib ular bunday fidoyilikni namoyon eta olishdi? Chunki gap ularning qalblariga ta'sir qilgan din haqida bormoqda. Nahotki bu bir insonning fikrlari bo'lsa? Faqat u to'qigan hikoyalar.

Butunlay haqiqatga asoslanmagan din insonga shuncha kuch berishi mumkinmidi? Lekin Quraysh buni hali his qilmagan edi. Shunday qilib qiyin kunlar boshlandi. Islomning dastlabki davrlarida Payg'ambar alayhissalom bu dinni ochiqchasiga e'lon qilmagan. Ammo u kishi keltirgan ilohiy xabar sekingina quloqdan quloqqa tarqalayotgan edi. Ba'zilar vaziyatni tushunishga urunishardi, boshqalar nima bo'layotganini bilishmasdi. Boshqalar esa bu dinni xavf-xatardek ko'ra boshlashdi. Boshida Quraysh rahbarlari e'tibor bermagandek yurishdi. Ammo borgan sari Islomga ergashuvchilar ko'payganini ko'rgach, Payg'ambar alayhissalomni masxara qila boshlashdi.

U zotning sha'nlariga o'zlari ham ishonmaydigan har xil tuhmatlar bilan tajovuz qilishdi. Ilgari ular Al-Amin, ya'ni Ishonchli deb atagan o'sha odam endi ochiqchasiga yolg'onchi, folbin va sehrgar deb atalgan odamga aylandi. Alloh saqlasin. Odatda bu usul inson obro'sini to'kishning eng yaxshi usuli. Ammo endi haqiqatni inkor etib bo'lmaydi. Mo'minlarni jazolashdan boshqa ilojlari qolmadi. Ular bir narsani tushunishmasdi. Islom go'yo quyosh misoli edi. Hech kim, nafaqat Quraysh, balki boshqalar ham uni yo'qota olmaydigan. Kun sayin ularning o'z xalqidan ko'proq odamlari zulmatni tark etib, yorug'lik atrofida to'planishardi.

Ilk mo'minlarni xavfdan himoya qilish uchun dastlabki uch yil ichida Islomga da'vat yashirincha, yopiq eshiklar ortida davom etdi. Yashirincha bo'lsa ham, Allohning oyatlarini o'rgatadigan va musulmonlar birlasha oladigan joyga ehtiyoj bor edi. Chunki bunday joy bo'lmasa, yangi dindorlar o'z dinlarini qanday o'rganishlari mumkin edi? Ularga o'z dinlarini o'rganishlari mumkin bo'lgan joy - madrasa kerak edi. Lekin qayerda? Abu Bakrning uyi bo'lmaydi, chunki uni hamma taniydi. Kimdir unikiga borsa darrov bilishardi. Zubayrning ham, Talhaning ham va albatta Usmonning ham uyi bo'lmaydi. Ularning hammasi mashhur kishilar. Ularning uyiga borish musulmonlarga qimmatga tushishi mumkin. O'ta havfli.

Muhammad alayhissalom boshqa joylarni o'ylab ko'rdilar. Lekin u ko'rib chiqqan har bir yo'l boshi berk ko'chaga olib boradigandek tuyuldi. Vaziyat esa og'irlashib bormoqda edi. Sahobalar dinni ko'proq va erkinroq o'rganishni istashardi. Ular iymon bilimga tashna edilar, lekin qo'llari bog'langan va hech qanday yechim topa olmasdilar. Barcha umidlar yo'qolgandek tuyulgan paytda, Alloh Musoni Fir'avnning saroyida katta qilgan edi. Bu ummatning Fir'avni kim? Allohning habibi uni Abu Jahl deganlar. Shunday qilib Alloh Abu Jahlning uyidan bir qahramonni chiqardi. Ana shu 17ga kirgan yigit ularning so'ngi choralari bo'ldi. Arqam ibn Abul Arqam. U ham musulmon bo'lib yaqinda uylangan edi.

Makka shahridagi eng chiroyli uy sohibi edi u. Keng zali, tinch bog'i va katta o'lchamlari bilan uy chindan ham go'zal edi. Yana u Safo tepaligida joylashgan bo'lib, ko'zdan ancha nari va o'ta havfsiz edi. Unda Rasululloh izlagan barcha narsalar bor edi. Bu joy u uzoq vaqtdan beri qidirib yurgan madrasa bo'lishi mumkin edi. Ammo Arqam bunga rozi bo'ladimi? Axir bu havfli-ku. Ana shu kunlar bunday ishga o'z uyini bergan kishi butun Makka aholisining nishonida qolib ketishi mumkin edi. Ayniqsa uning qarindoshlaridan biri Abu Jahl bo'lsa. Axir, butparastlar uchun o'z qarindoshlari har doim eng oson qiynoq nishoni bo'lgan.

Ularning boshqa musulmonlarga qilayotgan jabrlarini ko'rib, bu qarorga kelish ham oson emasdi. Shunday bo'lsa ham Arqam rozi bo'ldi. Endi o'ylab ko'ring. Yaqinda uylangan yigit. U "Ayolim bilan tinch yashashimga qo'yinglar" desa bo'lardi. Unday qilmadi. Ikkilanib o'tirmay bunga rozi bo'ldi. Dini uchun o'z eshiklarini ochib qo'ydi. Ana shu kundan boshlab bu oddiy uy emas, balki maktabga aylandi. Uning nomi tarixda Dorul Arqam nomi bilan qoldi. U yerda ko'plab haqiqatlar o'rganiladi va ko'plab muhim qarorlar qabul qilinadi. Agar Yasrib bir kun Madinaga aylanib, Islom dunyosining har bir burchagiga yetib borgan bo'lsa, hammasining poydevori ana shu uy edi.

Payg'ambar alayhissalom va uning sahobalariga kerak bo'lgan har qanday shart-sharoitlar ana shu uyda mujassam edi. Boshqa tomondan, hech kim Abu Jahlning oilasidan bo'lgan kishi mana shunday ishni qilishi mumkin deb o'ylamagan edi. Ayniqsa 17 yoshli yigit. Sahobalar deganda hayolimizga yoshi katta kishilar kelishi tabiiy. Ammo aslida ko'pgina yetakchi sahobalar xuddi Arqam kabi yosh bo'lgan. Masalan Ali Islomni qabul qilganlarida bor yo'g'i 10 yosh edi. Abdulloh ibn Umar 13 yosh. Zayt ibn Horis esa 15. Abdulloh ibn Mas'ud va Zubayr ibn Avvom 16 yosh edilar. Talha ibn Ubaydulloh, Abdurrohman ibn Avf, Arqam ibn Abul Arqam va Saad ibn Vaqqos 17 yosh edilar.

Mus'ab ibn Umayr 18 va 20 yosh oralig'ida edi. Ja'far ibn Abu Tolib 22 yosh edilar. Ular hali katta yoshli ham emasdilar. Uch yil davomida sahobalar Dorul Arqamda to'planib yurdilar, Quraysh bilmadi. Ana shu uch yilda qalblarini iymon haqiqati bilan to'ldirishdi. Lekin Islomga da'vat shu tarzda, doim yashirincha davom etadimi? Albatta yo'q. Bu vaqtga kelib, Quraysh orasida bu xabar ozmi-ko'pmi allaqachon tarqalgan edi va endi buni yashirishga hech qanday sabab yo'q edi. Bu haqiqat hammaga oshkor qilinishi lozim edi. Yashirin da'vatdan oshkor da'vatga o'tish vaqti keldi. Ammo payg'ambar alayhissalom qayerdan boshlaydilar? Qanday qilib? So'ngra ilohiy buyruq keldi.

"Va yaqin qarindoshlaringni ogohlantir" Bu vahiy uning yuragidagi yukni yanada og'irlashtirdi. Bu oson ish emasdi. Begonalarga istagan narsangizni gapirishingiz mumkin, ammo yaqinlaringizni nimagadir ishontirish eng mushkul ishlardan. Payg'ambar bu mas'uliyatdan shunchalik charchagan edilarki, kunlar davomida uylaridan chiqmadilar. Rasululloh alayhissalom bir qarorga keldilar. Qarindoshlarni kechki taom uchun yig'ish payti yetdi. Ovqat tayyorlandi, Abdulmuttalib o'g'illari birma bir uyga kela boshlashdi. Deyarli 40 kishi yig'ildi, ular ichida Abu Lahab ham bor edi. So'ng taom uchun o'tirishdi.

Rasululloh alayhissalom go'shtni kesib bo'lgach "Yeyishni boshlaylik, Bismillah (Alloh nomi bilan)" dedilar. Ammo ovqatdan o'zlari yemadilar. Gapirish uchun qulay paytni kutdilar. Nima deyish haqida o'yladilar. Hamma taomni yeb bo'lgach ko'rgan narsalaridan hayratga tushishdi. "Sizlar ham ko'ryapsizlarmi?" "Ha. Bu narsa qanday sodir bo'ldi o'zi?" Baraka mo'jizasi yuz berdi. Qorinlari to'ygan bo'lsa ham ovqat o'sha holaticha turardi. Xuddi undan hech kim yemagandek. O'sha payti 13 yoshli bo'lgan Ali keyinchalik shunday deganlar: "Ularning hammasiga tarqatgan taomim faqat bir kishiga yetardi xolos." Nima bo'lganini tushuna olishmasdi.

Rasululloh endi gapirmoqchi bo'lganlarida Abu Lahab xalaqit berib baqira boshladi. "Avval bunday afsunni ko'rmagan edik." Ko'z o'ngilarida asl mo'jiza bo'layotgan edi. Ammo Abu Lahabning ongi va qalbi buni anglashdan ancha uzoq edi. Alloh ularga payg'ambar jo'natgandi. Albatta odamlarga isbot kerak edi. Boshqa payg'ambarlarga o'xshab U zotga ham mo'jiza berilishi lozim edi. Masalan, agar Alloh ilgari hech qachon buzilmagan fizik qonunni faqat shu bitta bandasi uchun buzgan bo'lsa, bu uning Alloh tomonidan tanlangani va chindan ham yuborilganining aniq isboti bo'ladi. Shu sabab mo'jizalar kerak edi. Payg'ambarlik davrlarida juda ko'pchilik guvoh bo'lishdi.

Ammo baribir Abu Lahab bu ishni sehr deb atadi. Uning so'zlari borgan sari qattiqlashardi. "Men hech qachon o'z oilasiga sen keltirgan kabi bunchalik yomonlik va yovuzlik keltirgan odamni ko'rmaganman!" Davrani buzish uchun haqoratomuz so'zlarini aytishdan to'xtamadi. Shunday qilib Rasululloh alayhissalomga gapirishga imkon bo'lmadi. Birin ketin qarindoshlari turib uyni tark etishardi. O'ylab ko'ring. Ilohiy buyruq sabab uylaridan chiqa olmadilar. Hayollari chalkashib ana shu bazmni tashkilladilar. Gapirmoqchi bo'lgan gaplarini astoydil o'yladilar. Ammo bir lahzada bularning bari Abu Lahabning so'zlari bilan yerga quladi. Shunday qilib ana shu kun ham charchoq va hafsala bilan oxiriga yetdi.

Abu Lahab payg'ambar alayhissalomning amakilaridan edi. Ammo yillar o'tgach u Islomning eng ashaddiy dushmanlaridan bo'ladi. Rasululloh alayhissalotu vassalom hatto eng charchagan damlarida ham, doim o'sha qat'iyat bilan qayta oyoqqa tura olgan edilar. Hech qachon umidsiz bo'lmaganlar. Har safar yiqilgach o'rinlaridan turib, ko'proq g'ayrat bilan yo'llarida davom etardilar. Keyingi kuni qarindoshlarini taklif qildirlar. Mehmonlar kelishlari bilan Abu Lahab ham paydo bo'ldi. Ammo bu safar Rasululloh xushyor turdilar. Ular o'tirib taomlanishdi. Keyin o'sha payt keldi. Abu Lahab gapirishidan avval Rasululloh o'rinlaridan turib gapirdilar.

Keling o'zimizni ana shu yerda o'tirgan kishilardan biri deb tasavvur qilamiz. "Barcha hamd-u sanolar faqat Allohga xosdir. Men ham Unga hamd va sano aytaman. Faqatgina undan yordam so'rayman. Men unga ishonaman va ungagina suyanaman. Sizga mutlaq ishonch bilan aytamanki, Allohdan boshqa iloh yo'q. U yagona, Uning hech qanday sherigi yo'q." Mana shu so'zlardan so'ng maqsadlarini bayon qildilar. "Albatta, yaylov topish uchun yuborilgan odam qaytib kelib, o'z oilasiga yolg'on gapirmaydi. Allohga qasamki, agar men butun insoniyatga yolg'on gapirgan bo'lsam ham, sizga hech qachon yolg'on gapirmas edim. Boshqa odamlarni aldaganimda ham sizlarni aldamagan bo'lardim.

Sizlarni yagona bo'lgan Allohga ibodat qilishga chorlayman. Va men Uning elchisiman, ayniqsa sizlarga va butun insoniyatga yuborilganman." Xabarni umumlashtirib, so'ng davom etdilar. "Allohga qasamki, uxlab qolishingiz bilan o'lasiz. Uyg'onishingiz bilan qayta tirilasiz. Qilgan ishlaringizga faqat o'zingiz javobgar bo'lasiz. Yaxshilik qilganlarning mukofoti ham yaxshilikdir, zolimlik qilganlar esa munosib jazo topguvchidir." Aytgan gaplari yuraklaridan chiqardi. Jannat va Jahannam haqida gapirib shunday dedilar. Nihoyat qarindoshlarini Islomni qabul qilishga chorladilar. Shunday dedilar: "Sizlarga til uchun yengil, ammo tarozida og'ir bo'lgan ikki kalimani taklif qilaman.

Guvohlik beraman Allohdan o'zga iloh yo'q, va guvohlik beraman Muhammad Uning Rasulidir. So'ng so'radilar: "Oralaringizdan qaysi biringiz chaqirig'imga javob berib mening yordamchim bo'lasiz?" Ular sukut qilishardi. Hech kim boshini ko'tarmadi. Ulardan ovoz ham chiqmasdi. So'ng, 13 yoshli bir bolakayning ovozi sukunatni buzdi. Bu Alining ovozi edi. "Ey Allohning elchisi, men sizga yordam beraman, ularning ichida eng kichigi bo'lsam ham." Payg'ambar alayhissalom yana so'radilar. Ammo 40 kishidan hech biri javob bermadi. Hamma o'zidan boshqa kimdir gapirishini kutayotgan edi. Uchinchi bor so'radilar.

"Oralaringizdan qaysi biringiz chaqirig'imga javob berib mening yordamchim bo'lasiz?" Birortasi gapirib qolarmikan deb umid qildilar. Ammo har safar Alidan boshqasi indamasdi. Ammo ana shu ko'tarilgan qo'l, yolg'iz bo'lsa ham yetarli edi. Rasulullohga aynan shu qo'l kerak edi. Payg'ambar alayhissalomning hayotlariga qarasangiz, qachonki u kishiga yordam kerak bo'lsa yonlarida Ali bo'lganlar. Qarindoshlaridan boshqa kimdir javob qildimi? O'sha oqshom uzoq suhbat bo'ldi, ammo ikkita asosiy javob ajralib turardi: Abu Tolibning va Abu Lahabning. Ikkovlari ham amakilari edi. Ammo javoblari butunlay boshqa-boshqa bo'ldi. Abu Lahabning fikri o'zgarmadi. U shunday dedi: "Ey Abdulmutalib o'g'illari!

Qasam-ki, bu yomon ish! Boshqalar jiyanimizni ushlab tiyib qo'ymasidan avval o'zimiz uning qo'lidan ushlab tiyib qo'yishimiz lozim! Bugun unga ergashsangiz ertaga sharmandalikdan azob chekasizlar. Uni himoya qilaman desangiz o'ldirilasiz." U da'vatni buzmoqchi edi. Ammo uning to'g'risida Abu Tolib turardi. Uning so'zlaridan qattiq jahli chiqdi. "Qo'rqoq ekansan! Allohga qasam! Toki tirik ekanmiz, undan yordamimiz va himoyamizni ayamaymiz! Ey ukamning o'g'li, qachonki odamlarni da'vat qilmoqchi bo'lsang bizga xabar ber, qo'llarimizga qurol olib o'zimiz seni himoya qilamiz." Ammo Abu Tolibning bu so'zlari iymon bilan birga emasdi.

U shunday dedi: "Abdulmuttalib dinini tark etish uchun o'zimda xohishni topmadim. Shunday ekan u o'lim topgan dinda men ham o'lim topaman." Rasululloh o'zlari kutgan natijaga erisha olmadilar. Mehmonlar uyni tark etishdi. Boshqa yo'li bo'lishi kerak. Umidsizlik g'olib bo'lmasligi kerak. Odamlar qabul qiladimi yo'qmi u kishining vazifalari aniq edi: ogohlantirish, da'vat qilish, hamda Allohdan kelgan xabarni yetkazish uchun qo'llaridan kelganini qilish. U kishiga bir g'oya kerak edi. Makka aholisini bir joyga to'plab gaplariga quloq soldirish edi. O'yladilar, o'yladilar. Nihoyat yo'lini topdilar. Bir kuni Makkada baland ovoz eshitildi. "Yo Saboh! Yo Saboh!" Bu nimaning ovozi?

Safo tepaligidan kelyapti. Odamlar nima bo'layotganini ko'rish uchun yugurdilar. Ko'p o'tmay olamon to'plandi. Qurayshning hamma oilasidan odamlar bor edi. Ammo shuncha odamni nima bir joyga to'pladi? Bu chaqiriqning ma'nosi nima? Bu favqulotda holat chaqirig'i edi. Makka ahli buni eshitsa jiddiy bir ish bo'lganini anglashardi. Favqulotda holat. To'planganlarida esa Rasululloh alayhissalom chaqirganlarini bildilar. Abu Lahab ham bor edi. Hamma payg'ambar alayhisslaom nima derkan deb turishgan edi. So'ng, o'zlarining unutib bo'lmas gaplarini aytdilar.

"Agar men mana bu tog'ning orqasida yoki anavi vodiyda dushman otliqlari borligini va ular quyosh chiqqanda yoki botganda sizga hujum qilishlarini aytsam, menga ishonarmidingiz?" Ular "Ha ishonardik" deyishdi. Shunda u zot shunday dedilar: "Unda men sizlarni buyuk jazodan ogohlantirish uchun keldim. Alloh yaqinlarimni oxiratdagi eng daxshatli jazodan ogohlantirishimni buyurdi. Sizlardan, Allohning birligiga, uning sherigi yo'qligiga va men uning quli va Rasuli ekanimga guvohlik berishingizni so'rayman. Gaplarimni qabul qilsangiz Jannatga kirishingizga kafolat beraman.

Ammo shuni biling-ki, Alloh yagona, undan boshqa iloh yo'q, demasangiz sizlarga na bu dunyoda, na oxiratda yordam bera olmayman. Abu Lahabning jahli chiqardi. U o'z urug'idan chiqqan bo'lsa ham bu da'vatga chiday olmadi. Endi Allohning payg'ambari Quraysh ahliga gapirar edilar. Mana shu ishlari Abu Lahabni g'azabini oshirardi. Yana bir bor Islomning tarqalishini to'xtatib qolishdi. Engashdida yerdan tosh olib baqirganicha o'z jiyaniga otib shunday dedi: "Sening qo'llaring qursin! Bizlarni shu uchun chaqirganmiding hali?" Uning otgan toshi Allohga, uning diniga qarata otilgan toshdir. Bu so'zlar rahm-shafqatga to'la chaqiriqqa, abadiy Jannatga javoban aytilgan edi.

Payg'ambar alayhissalomga qanchalar qiyin bo'lganini tasavvur qiling. U zot eng ko'p qo'llab-quvvatlashini kutgan amakisi unga shunday muomala qilardi. Shu paytdan boshlab Abu Lahab ham, uning xotini ham umrlarini Payg'ambarimizga ozor berishga sarflay boshlashdi. Shu ishi bilan u o'z taqdiriga bolta urdi. Keyin "Masad" surasi nozil bo'lib, unda uning dahshatli oxiri bashorat qilingan. Ushbu surada Alloh shunday deb marhamat qildi: "Abu Lahabning qo'llari qurisin va u (o'zi ham) halok bo'lsin! Unga moli va kasb qilgan narsalari foyda bermadi. U tezda cho‘g‘i qizib turgan o‘tga kiradi. Va uning xotini, o‘tin ko‘targan ayol ham.

Uning bo‘ynida eshilgan arqon bor holda." Bu oyat uning Jahannamga kirishini aytdi. Ya'ni u endi ham iymon keltirmaydi. Aslida, tashqaridan qaraganda bu ish juda tahlikali ko'rinadi. Chunki mabodo Abu Lahab iymon keltirib qo'ysa, bu oyatlar yolg'on bo'lishi mumkin edi. Xatto o'zini iymon keltirgandek ko'rsatsa ham baribir. U chindan ham Islomga ishonganmi yoki shunchaki uning noto'g'ri ekanligini isbotlamoqchi bo'lganmi, shunchaki "Iymon keltirdim" deyishi kifoya. Xo'sh, unda nima bo'ldi? Mana shu suradan so'ng u 7 yil umr ko'rdi. Ammo nafrati yo'qolmadi. U kofirligicha o'lib ketdi. Abu Lahab Islomdan nafratlanardi, unga qarshi qo'lidan kelganini qilardi. Uni iymon keltirishdan nima to'sdi?

Bundan tashqari, agar Rasululloh ﷺ ning da’vatlari yolg‘on yoki to‘qib chiqarilgan narsa bo‘lganida edi, u zot qanday qilib bunday ulkan tavakkalga qo‘l urgan bo‘lardilar? Javob juda oddiy. Shunday bo'lishini Alloh istadi. Faqat u o'tmishni va kelajakni va boshqa narsalarni bilguvchi. Shunday qilib, U mo'jiza sifatida Abu Lahabning o'ziga keltiradigan dahshatli oqibatini bu voqea sodir bo'lishidan oldin ochib berdi. Rasululloh esa hech qanday ikkilanishsiz ushbu xabarni yetkazdi, chunki U zot Allohga ishonardi. Abu Lahab esa buni xatto sezmasdi. Rasulullohning so'zlariga hech kim javob qilmadi. Ular avval umrlarida eshitmagan gapni eshitishdi. Shunday bo'lsa ham hech nima deyishmadi.

Bir birlariga pichirlashdida keyin tarqalishdi. Ana shu kundan boshlab Islomga da'vatning sirligi qolmadi. Oshkor da'vat davri boshlandi. Bu katta burilish yasadi. Rasululloh alayhissalotu vassalom nafaqat o'z qabilasi uchun, balki butun dunyo uchun abadiy baxtga olib boradigan xabarni yetkazayotgan edi. Ammo tovon yengil emasdi. U zot son-sanoqsiz haqoratlar, zulm, qiynoq va yolg'onlarga duch kelishlari kerak edi. U zot abadiy mufrislikdan qutqarishga harakat qilayotgan odamlaridan har xil shafqatsizliklarga duchor bo'lardilar. Olmos va ko'mir, oltin va mis endi bir-biridan ajratilgan bo'lar edi. Ana shunday kunlardan biri. Rasululloh alayhissalom Ka'ba qarshisida ibodat qilardilar.

Atroflarida esa ko'zlari g'azabga to'lgan odamlar turardi. Ularning mazxaralari va haqoratlarini e'tiborga olmay ibodatda davom etdilar. Lekin bu nigohlar yaqinda sodir bo'ladigan dahshatli voqeaning alomatlari edi. U zot sajda qilib turardilar. Bu U zotning eng osoyishta onlari edi. Ammo shavqatsiz butparaslar o'zlariga kerak bo'lgan vaziyatni topdilar. Rasululloh nima bo'lishini bilmay turganlarida, ular U zotning muborak yelkalariga tuyaning ichaklarini to'ka boshlashdi. Jazirama quyosh tig'ida qo'lansa hidga chidab bo'lmasdi. Zo'rg'a nafas olardilar. Abu Jahl esa qotib, qotib kulardi. Bu uning g'oyasi edi.

U aql bilan yengib bo'lmaydigan haqiqatni mana shunday jirkanch usul bilan kamsitdi. Zo'rg'a nafas olsalar ham, Rasulullohni namozni buzishdan nima to'xtatayotgan edi? Butparastlar atroflarida mazax qilib kulishar ekan, U zotni nima namozni davom ettirishga undadi? Bir necha yil avval Quraysh ichida oliy hurmatli kishi emasmidilar? U zotni bunchalar nafratga duch kelishga nima majbur qildi? Shuncha haqoratga qaramay U zotni nima sobit turishga undadi? Birozdan so'ng, hali yosh qiz bo'lgan Fotima otasini mana shu holatda ko'radi, va qo'rqib ketadi. U shunday deb yig'lardi "Abati, Abati!" Suyukli otajonim! Suyukli otajonim! Bu holatdan jajji qalbi lazraga keldi.

Ko'zlarida yosh bilan otasining oldiga yugurdi. Muborak yelkalaridan ichaklarni olib tashlashga qiynalib bo'lsa ham harakat qildilar. Keyin u o'sha shafqatsiz kishilarga g'azab bilan baqirdi va ularga qo'pol so'zlar aytdi. "Muhammad ismlarimizni aytib la'natladi. Alloh uning duosini qabul qilib bizlarni yo'q qilib yuborsa-chi?" Bola o'z otasini bunday holatda ko'rishni istamasdi. Rasululloh go'zal hayotda yashashlari mumkin edi. Nega shuncha azob uqubatni tanladilar? Ha, Alloh U zotni hech qachon zoye qilmasdi. Yuqoridagi savollarning javobi bitta. Uning ishining samimiyligi va haqqoniyligi. Ka'ba shunga o'xshash yovuzliklarga guvoh edi.

Garchi Ka'ba sahobalarning ko'z oldilarida, bir necha qadam narida bo'lsa ham, ular u yerda bemalol ibodat qila olishmasdi. Ka'baning oldiga borib ibodat qilganlar esa boshlariga keladigan kulfatga rozi bo'lishardi. Juda ozchilik edilar. Havfni his qilardilar. Ammo, haqiqatni hammaning oldida baqirib aytishni istardilar. Iymon bilan yoritilgan qalb uchun jim turib hech nima qilmaslik o'ta og'ir edi. Ayniqsa ana shu qalb Rasulullohning sahobasiga tegishli bo'lsa. Bir kuni ular Rasulullohdan Ka'baga yaqin borishga ruxsat oldilar, va borib o'tirdilar. Bir guruh Islom dushmanlari ham o'sha yerda edilar. Havfli vaziyat edi.

Ammo Abu Bakr qalbiga joylashib olgan chuqur haqiqatni ortiq ushlab tura olmasdi. Da'vat qilishga bo'lgan ishtiyoqini tiyib turolmasdi. Odamlarga qaradida baqirib gapira boshladi. U Allohga iymon keltirishning lazzati va butlarga sig'inishning qanday bema'niligi haqida gapirdi. Bu so'zlar Mushriklarga qattiq ta'sir qildi. Qalblari allaqachon g'azab va nafrat bilan to'lgan edi. Ular bu gaplarga chidab tura olishmadi va Rasulullohni qattiq so'ka boshlashdi. Ammo ularga bu kamdek tuyuldi. Ular alamlarini olish uchun Abu Bakrga tashlanishdi. O'rab olib uni ura boshladilar. Uni ayovsiz kaltaklab ketishdi.

Vaziyat shunday darajaga yetdiki, Abu Bakr yerga yiqilganda, Utba ibn Robia uning ustiga chiqib, qattiq poyabzali bilan boshiga qattiq tepa boshladi. Ammo bu ham kamdek tuyuldi. O'ylab ham o'tirmay Abu Bakrning yuzini yerga ishqalay boshladi. Yuziga qon va tuproq aralashib yopishib qoldi. O'ladigan holatga keldilar. Qattiq zarbalardan so'ng qonga belanib hushlaridan ketdilar. U faqat o'z qabilasi Banu Taymning ba'zi a'zolari yordamida ularning qo'lidan qutula oldi. So'ng uyiga olib borishdi. Kechgacha umuman o'ziga kelmadi. Shuncha kaltak yegan bo'lsa ham hushiga kelgach birinchi aytgan so'zi shunday bo'ldi: "Allohning Rosuli qayerda?

Uning ahvoli qanday?" Xuddi shuncha azob uqubatni ko'rmagandek. Xuddi o'ziga hech nima bo'lmagandek shu savolni berdi. U faqat Payg'ambar alayhissalomdan havotirda edi. U Rasulullohga otilgan haqoratlar haqida o'ylar edi. Quraysh unga nimadir qilmadimikan deb o'ylardi. Tanasi qon va jarohatga to'la edi. Lekin yaqinlari "Qorning och, chanqagansan, biror nima yeb olsang-chi" deyishganda ham unga Allohning payg'ambari havfsiz ekanini eshitishdan boshqa narsa kerak emas edi. "Yoʻq, Rasululloh haqlarida biror hushxabar eshitmagunimcha, hech narsa yemayman, bir tomchi suv ham ichmayman." Yana bir boshqa namuna bu Abdulloh ibn Mas'ud. Ba'zi sahobalar xafa bo'lib, nimadandir shikoyat qilishardi.

Qur'on Quraysh oldida ovoz chiqarib o'qilmayotgan edi. Rasulullohdan boshqa hech kim Qur'onni bor ovozi bilan o'qiy olmasdi. Ular agar Qur'onni o'qib bersak fikrlari o'zgarar deb o'ylashdi. Balki qiyinchilik kunlar oxiriga yetar. Balki haqiqatni ko'ra olishar. Ular shuni istashardi. Ammo buni kim qiladi? Qurayshning javobi tayin edi. Qur'onni o'qigan kishi xujumdan omon qola olmasdi. Kaltak yeyishi muqarrar edi. Shu masalada gaplashib turishar ekan, ibn Mas'ud ularning ichida eng zaifi edi. U endi 20 yoshlarida edi. Nima bo'lishini bila turib u oldinga chiqdi va shunday dedi: "Bu ishni men qilaman." Ammo do'stlari qarshi chiqishdi.

Chunki Quraysh hujum qilmoqchi bo'lganida, uni himoya qilish uchun mustahkam oilaviy aloqalari bo'lgan kimdir bo'lishi kerak edi. Abdulloh ibn Mas'udda esa bunday narsa yo'q. Shunday bo'lsa ham buni o'z bo'yniga olishga tayyor edi. U hech kimdan qo'rqmasdi. So'ng, keyingi kun keldi. Haqiqatni baqirib aytishni istardi. Hech nimaga qaramay, bir kishining qalbi bo'lsa ham Islomga moyil bo'lar degan umidda edi. Balki birgina inson haqiqatni qabul qilar. Bir kishi bo'lsa ham bu o'ta muhim edi. Ana shu birgina qalb uchun tavakkal qilishga tayyor edi. Ka'ba oldiga borib bor ovozi bilan Qur'on o'qidi.

"Bismillahir Rohmanir Rohim!" (Mehribon va rahmli Allohning nomi bilan) So'ng Ar-Rohman surasini o'qiy boshladi. "Ar-Rohman. (Mehribon Zot) 'Allamal Qur’an. (Qur’onni o‘rgatdi) Khalaqal insan. (Insonni yaratdi) 'Allamahul bayan." Bu qiroat, bu so'zlar. Odamlar bunday so'zlarni avval eshitmagan edi. Ammo ularning javoblari o'zgarmadi. Quraysh rahbarlari bu Qur'on ekanini anglashdi. Shu zahoti Abdulloh ibn Mas'ud tomon yugurishdi. Odamlar bu so'zlarni eshitmasliklari kerak, agar eshitishsa ularga ta'sir qilishi mumkin. Hatto Qurayshning o'zlari ham bu so'zlarning qalblariga chuqur ta'sir qilishiga chidab tura olmadi.

O'zlari hali ham o'z ongidagi mojarolar bilan kurashayotgan bir paytda, buni boshqa odamlarga qanday tushuntirishlari mumkin edi? Ibn Mas'udni butparastlar o'rab olishdi. Qayta qayta kaltak yesa ham bu ishidan voz kechmadi. Bu ilohiy so'zlarda, birin-ketin, Allohning ne'matlari zikr qilindi. So'ngra ana shu oyat keldi. "Bas, Robbingizning qaysi ne’matlarini yolg‘on deya olursiz?!" Shuncha kaltak yesa ham Abdulloh haqiqatni baqirib aytardi. O'sha lahza, o'sha manzara Qurayshning naqadar ojiz ekanligining yaqqol namunasi edi. Oyatni o'qishda davom etdi. To o'zi gapira olmaydigan holatga yetguncha.

Hammasi tugagach, u uchun qayg'uga botgan va xavotirda bo'lgan do'stlariga javobi quyidagicha bo'ldi: "Hozir mening nazarimda, Allohning o'shalardan ko'ra zaifroq va xor bo'lgan dushmani yo'q. Istasangiz ertaga yana chiqib xuddi bugungi kabi Qur'onni o'qib berishim mumkin." Quraysh nima qilganidan qat'iy nazar, keying kun ular musulmonlarni avvalgidan kuchliroq topishardi. Birorta ham musulmon dinidan qaytmagan bo'lardi. Rasululloh alayhissalom ham vazifalaridan voz kechmasdilar. Qachonki bir joyda to'plansalar shu haqida gapirishardi. "Muhammadni nima qilib maqsadidan qaytarsak ekan? Kim bu ishlarga chek qo'ya oladi? Nega ko'rgan choralarimiz ish bermayapti?

Mana shu savollar bilan ovora bo'lib turganida hayollariga bir kishining ismi keldi. Faqat o'sha kishi. Rasulullohning fikrini faqat ana shu kishi o'zgartira oladi deb o'ylashdi. U zotni o'z otasidek 30 yil tarbiya qilgan kishi. Amakilari Abu Tolib. Abu Tolib Makkadagi eng hurmatli kishilardan edi. Qarib qolgan, unchalik boy badavlat bo'lmasa ham odamlar uni hurmat qilib gaplariga quloq solishardi. U Islomni qabul qilmagan edi, lekin jiyani bilan bo'lgan rishtalari o'nlab yillar davomida muhabbat, sadoqat va o'zaro hurmat asosida shakllangan chuqur edi. Bu Qurayshning birinchi marta shu masalada kelishi emasdi. O'tkan safar Qurayshga yengil so'zlar bilan javob qilgandi.

Jahllaridan tushirib uylariga jo'natib yuborgan edi. Ammo bu safar ular ancha jiddiy edilar. Ular aniq talab bilan kelishdi: Payg'ambarni o'z ishidan voz kechishga majbur qilish. "Ey Abu Tolib, sen keksalarimizdan va ham hurmatli kishilarimizdansan. Avval ham jiyaningni o'z ishidan qaytarishingni so'rab kelgan edik, ammo so'raganimizni qilmading. Bizlarni haqorat qilib ilohlarimizni so'kyapti. Yo o'zing uni to'xtat bo'lmasa ikkimizdan birimiz tirik qolgunimizcha sizlarga qarshi jang qilamiz. Ularning gaplari keksa Abu Tolibni qo'rqitdi. Bu safar ular jiddiy jahd bilan gapirishdi. U ana shu odamlar bilan yashagan. Uni hurmat qilishardi, uning hurmati yillar davomida saqlandi.

O'zini ulardan deb bilardi. O'z qavmi tomonidan tashlab ketilish juda og'ir edi. Ammo boshqa tomonda jiyani turardi. Uni hatto o'z bolalaridan ko'proq yaxshi ko'rgan. Undan ham yuz o'gira olmasdi. O'zini yomon his qildi, ikki o't orasida qoldi. Yuragi og'irlashdi. Chuqur o'ylab ko'rgach Rasulullohni chaqirib dedi: "Suyukli jiyanim, qavmimizning rahbarlari oldimga keldi. Yolvoraman, menga va o'zingizga rahm qiling. Ikkalamiz ham ko'tara olmaydigan yukni bizga yuklamang. Iltimos, qavmingizni jahlini chiqaruvchi so'zlarni aytishni to'xtating." Amakilarining so'zlari Payg'ambar alayhissalomni to'xtab o'ylab ko'rishga undadi. Vaziyat juda og'ir edi.

Abu Tolibning Rasululloh qarindoshlarini kechki ovqatga taklif qilganda ko'rsatgan qat'iyati biroz zaiflashgan edi. Ana shu paytgacha U zotni faqat Abu Tolib himoya qilardi. Endi u ham bundan voz kechadimi? Uni yolg'iz qoldiradimi? Garchi bu so'zlar Rasulullohning yuraklariga yetgan bo'lsa ham, u zot faqat Alloh himoya qilishini bilar edilar. Alloh, osmonlar va Yerning Parvardigori. Butun dunyo u zotdan yuz o'girsa ham hech qanday farq bo'lmasdi. Axir Rasululloh har bir ish uning xohishi bilan bo'lishini, hech nima uning ruxsatisiz bo'lmasligini bilardilar. Bu Allohning dini va u hech qanday insonga muxtoj emas. Alloh o'z diniga istagan kishisi bilan, istaganicha quvvat berishi mumkin.

Aynan mana shu payti Rasululloh alayhissalom unutilmas so'zlarni aytdilar. "Unutmang ey amaki. Agar ular o'ng qo'limga quyoshni, chap qo'limga oyni qo'ysalar ham, toki Alloh meni bu ishda g'olib qilmaguncha, yoki bu yo'lda halok bo'lmagunimcha men bu dindan voz kechmayman." Shu so'zlarni aytar ekanlar ko'zlaridan yosh oqardi. Amakilaridan ajralish oson emasdi albatta. Ammo qarorlari qat'iy edi. O'rinlaridan turdilar. U zot ketish uchun burilganlarida, u zotning qat'iyati va sadoqati Abu Tolibning qalbiga chuqur ta'sir qildi. Rasulullohning jasorati uni ham ilhomlantirdi, oyoqqa turishiga kuch berdi. "Ey ukamning o'g'li, qilayotgan ishingizni davom ettiring. Istagan ishingizni qiling.

Allohga qasamki, men sizni hech kimga hech qachon o'z qo'llarim bilan topshirib qo'ymayman." Yana bir bor butparastlarning harakatlari samara bermadi. Qanday qilib? Rasululloh o'limdan umuman qo'rqmadilar. Ularning tahdidlarini o'zlariga qarata otar edilar. U zot "O'ng qo'lilmga quyoshni, chap qo'limga oyni qo'ysalar ham" degan gaplarini shunchaki aytmagan edilar. Osmon va Yer u zotning samimiyligi va rostgo'yligiga guvoh edi. Qurayshliklar Abu Tolibning oldiga kelishdan tashqari, Rasulullohga har xil takliflar qilishardi. Mana ulardan biri: "Agar senga boylik kerak bo'lsa senga o'zimiznikidan ham ko'prog'ini beramiz.

Agar ko'proq sharaf va obro'ga intilsang, seni o'zimizdagi eng sharafli deb e'lon qilaylik. Buyruqlaringa itoat qilamiz. Agar podshoh bo'lishni istasang, seni podshohimiz qilaylik. Ular nimani taklif qilishmasin, Rasululloh hammasini rad qilardilar. Rostan ham yolg'onchi bo'lsalar nega bu takliflarni qabul qilmadilar? Shaxsiy manfaat qayoqda qoldi? Qo'llarida qiyinchilikdan boshqa nima ham bor edi? Haqiqat ravshan. Qur'onning oyatlari, Rasulullohning go'zal xulqlari odamlarga kundan kunga ta'sir qilar edi. Ularning o'tmishdagi e'tiqodlari zaiflashardi. Shunday bo'lsa ham haqiqatni qabul qilishni xohlashmas edi. Ularni haqiqatni qabul qilishdan nima bunchalar to'xtatdi ekan?

Nima ularni Rasulullohni haqorat qilishga undadi? Nega Qur'on o'qilganda quloqlarini yopib olishdi? Nima ularning ko'zlarini yorug'likdan to'sib turardi? Ularning yuraklarida mag'rurlik va takabburlik turardi. O'ylab ko'ring. Agar ular bu dinni qabul qilsalar, yillar davomida qilgan barcha ishlari noto'g'ri ekanligini tan olishlari kerak edi. Shu darajada takabbur bo'lgan kishi uchun mana shu holatda o'z xatolarini tan olish butkul oson emasdi. Bundan tashqari ota bobolari ham butlarga sig'inib xato qilganini tan olish ham oson emas. Mag'rurliklari faqat o'zlari bilan bog'liq emas edi. Ular shuningdek ota bobolarining tutgan yo'lini himoya qilishardi.

Abu Tolibning oldiga kelganda nima deganlarini eslang. "U ota-bobolarimizga qarshi gapirib bizni ahmoqlikda ayblayapdi." Ular yillar davomida o'z butlari uchun hayvonlarni qurbon qilishgan, har kuni uylaridan chiqishdan oldin qo'llari va yuzlarini ularga hurmat bilan surtishgan. Bularning bari bekor ketganini tan olishni istashmadi. Haqiqatni qabul qilish ular uchun yer ostida ko'milgan ajdodlarining hurmati oldida hech nima emasdi. Ular qabrlariga yolg'iz kirishsa ham, aql ovoziga emas, balki o'tmish ovozlariga ergashishni tanladilar. Takabburliklarining yana bir sababi ular Rasulullohning oilasini pastroq tabaqadan deb bilar edilar.

Bir safar Abu Jahl Allohning elchisi bilan gaplashib bo'lgach hamrohlarining oldiga borib shunday degan: "Allohga qasam. Uning aytayotgan gaplari haqiqat." O'zi tan olsa ham nega unda iymon keltirmadi? Chunki u Rasulullohning qavmini o'zining qavmi bilan solishtirib ketdi. U har bir qabilaning ustun fazilatlarini sanab o'tdi va ularni yonma-yon poyga qilayotgan ikkita otga qiyosladi. So'ng shunday dedi: "Endi ular, o'z qavmimizdan chiqqan payg'ambarimiz bor, deyishadi. Yo'q. Allohga qasam men buni qabul qilmayman" Boshqa bir safar, Rasululloh alayhissalom haqida Umayya ibn Abu as-Salt Abu Sufyonga shunday degan edi: "U haqiqiy payg'ambar.

Unga ergash." "O'zing nega ergashmaysan?" "Agar Saqif ayollari: 'Umayya Abdu Manof o'g'illaridan bir yigitning orqasidan ergashdi', deyishsa, uyalib qolishdan qo'rqaman." Arablar orasida insonning mavqei qanchalik yuqori bo'lsa, o'z obro'sini himoya qilish uchun shuncha ko'p bosimni his qilishardi. "Odamlar nima deydi?" deyishardi. Hayotlarini boshqalarning fikriga qarab yashashardi. Lekin oxir-oqibat, ular qisqa va vaqtinchalik hayot uchun abadiy hayotlarini qurbon qilishdi. Abu Tolibga qilgan tajovuzlari ish bermadi. Sabr kosalari to'lib borardi. Islomga ortiq bardosh bera olishmasdi. Ular g'azab va nafrat bilan, qachon fursat tug'ilsa Payg'ambarga ozor berishga harakat qilishardi.

Namoz o'qiyotganlarida ortlaridan kelib bo'g'ishga urunishardi. Sajda qilib turganlarida esa tosh bilan boshlarini yormoqchi bo'lishardi. Uylarining eshigi oldiga hayvonlarning axlatini tashlab ketishar, har kuni yurgan yo'llariga tikanli butalarni sochib yuborishardi. Qachon u zotni ko'rishsa muborak qalblariga ozor beruvchi so'zlar bilan haqorat qilishardi. Shuncha ishga qaramay barchasiga sabr qildilar va voz kechmadilar. Hech qanday nafrat, hech qanday haqorat, hech qanday tahdid u zotni o'z yo'lidan qaytara olmadi. U xuddi shu fidoyilik bilan, kechayu-kunduz, yana bir insonni qutqarish umidida odamlarni Islomga chaqirishda davom etardilar. O'zlari haqida o'ylamasdilar.

Ammo sahobalari haqida ko'p tashvish qilar edilar. Kundan kunga Makkada musulmon bo'lib yashash qiyinlashib borar edi. Kunning eng issiq vaqtida Makkada qiynoqqa solingan musulmonlarning faryodi aks-sado berardi, toki ular ovoz chiqarishga kuchlari qolmay qolguncha. Xatto Arqamning uyi ham endi ularni himoya qila olmasdi. Allohning Rasuli, sahobalari dinga erkin amal qila olishlari uchun boshqa yo'lini topishlari lozim edi. Payg'ambarlikning beshinchi yili edi. Bir kuni payg'ambar alayhissalom sahobalarini chaqirdilar. Ularga aytmoqchi bo'lgan gaplari bor edi. U zot "Yer bo'ylab tarqaling. Alloh sizlarni yana birlashtiradi" dedilar. Lekin qayoqqa borishadi?

"Ey Allohning elchisi, qayoqqa boraylik?" Rasululloh alayhissalom qo'llari bilan ko'rsatib "Uyoqqa" dedilar. U zot dengiz ortini ko'rsatayotgan edilar. Demak ular o'sha yerga dengiz orqali borishlari kerak edi. Ammo u qayer edi? Islomning sadosi uzoq yurtlarga, bir nechta mo'minlar bilan tarqalishi, qiyinchiliklardan keyin yengillik kelishi, muhim nomlarning Islom saflariga qo'shilishi, Qurayshni larzaga soladigan nomlar, kofirlarga birin-ketin beriladigan zarbalar va Payg'ambarimizning qabul qilinadigan duolari. Bularning bari keyingi qismda kutmoqda. Bizdan uzoqlashmang.

Bu biroz g‘alati tuyulishi mumkin, lekin biz onlayn Qur’on kursini yuritamiz va 43 000 kishi allaqachon uni tamomlab, o‘zlarining Qur’on yo‘lini boshladilar. Ha, men bizning "Lamalif Quran" mobil ilovamiz haqida gapiryapman. U butunlay bepul va unda reklamalar yo‘q. Turk va ingliz tillarida katta muvaffaqiyatga erishgan ushbu ilova, endi butun dunyodagi musulmonlar uchun 13 xil tilda taqdim etiladi, inshaalloh. Lekin bu loyiha katta mehnat talab qiladi. Buning uchun biz 2 000 daqiqalik ta’limiy videolar tayyorlashimiz kerak. Hozirda biz tarjima va ovozlashtirish bilan bog‘liq qiyinchiliklarga duch kelyapmiz.

Jamoamiz umumiy summani 30 dollarlik hissalarga bo‘lib chiqdi, shuning uchun imkoniyatingizga qarab bir yoki bir nechta hissaga homiylik qilishingiz va bizni qo‘llab-quvvatlashingiz mumkin, inshaalloh. Ushbu ilovani yakunlash uchun bizga yordamingiz kerak. Agar siz foydalanuvchilar tomonidan tilovat qilingan har bir harfning savobiga sherik bo‘lishni istasangiz, hoziroq biz bilan bog‘lanishingiz mumkin.